Yoshlar ittifoqi va IIVga «2», Mehnat vazirligi va Norboyevaga «5»
Jurnalist va bloger Saidaziz A'zamov O‘zbekistondagi tashkilotlarning Jamoatchilik bilan aloqalar sohasiga qay darajada e'tibor qaratishi haqida so‘z yuritdi. U o‘z blogida O‘zbekistonda oxirgi oylarda diqqat markazida turgan voqealarni tegishli vazirliklar va muassasalarga bog‘lagan holda tahlil qilgan.
Marshrutkada yurgan bo‘lsangiz, unda odamlar bir-biri bilan yoki yo‘lovchilar haydovchi bilan urushib ketganiga guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz kerak. Men ko‘p ko‘rganman, masalan. Lekin bir voqea ham esimda qolgan:
«Maksim Gorkiy» (Buyuk Ipak yo‘li) bekatida marshrutka to‘lib, endi yuraman deganda bir yigit tiqilib chiqib oldi. O‘tirishga joy yo‘q. Haydovchi Toshkentdagi boshqa ko‘plab hamkasblariga xos qo‘pollik bilan «Ho‘v, ko‘rmayapsanmi, to‘ldi-kuu!» dedi.
Yigit «O‘tirib olaman, oka» degani badtar shofir akaning g‘azabini chaqirdi: «Ukam, GAIga nima deyman?». U yigit bir gap aytdi va shofir aka murosa qildilar, yurib ketdik. Yo‘lovchilar orasida kulgi turdi: «Bu mening konduktorim deb aytasiz!».
O‘rni va vaqtida to‘g‘ri gapira olish, muomalani eplay olish, «ko‘cha ko‘rgan», «bozor ko‘rgan» bo‘lish har doim zarur bo‘lgan. Bu zarurat ayniqsa bugun oshib boryapti. Bugun yana «internet ko‘rgan» bo‘lish ham kerak. Ko‘rib o‘rganilmagan vaziyatlarda media axloq me'yorlariga rioya qilish, bir necha yillik jurnalist bo‘la turib, qovun tushirib qo‘ymaslik muhim.
Ayniqsa bugun. Ayniqsa o‘znet ancha uyg‘onib, «hayp»ga o‘ch, «sensatsiyaparast» bo‘lib qolgan, boshqa tomondan odamlar o‘z huquq va manfaatlarini anglab, ularni talab qila oluvchi «raqamli notiqlar»ga aylangan bir paytda.
Yuqoridagi marshrutka misoli o‘z yo‘liga. U juda maishiy va ahamiyatsiz inqiroz bo‘yicha. Inqirozli vaziyat katta tashkilot yoki kompaniyaning rahbari bilan sodir bo‘lsachi? Boz ustiga uning faoliyati ko‘p tarmoqli, murakkab, ishchilari soni minglarcha bo‘lsa… Deylik u bir vazirlik rahbariyati vakili yoki undan ham yuqori amal egasi bo‘lsa...
Bir necha hafta oldin bir nufuzli davlat tashkilotiga chet ellik trenerlarga tarjimonlik qilish uchun chaqirishdi. Shveytsariyadan kelgan ekspertlar o‘zbekistonlik PR mutaxassislari jamoasining bilimlariga mashg‘ulotlar o‘tdi. Ular to‘xtalgan mavzulardan biri crisis communication — inqirozli vaziyatlarda jamoatchilik bilan aloqalar bo‘ldi.
Crisis communication nazariyasi, umumiy tavsifi va prinsiplari haqida gapirib bergach, mehmon domlalar inqirozli vaziyatlarga Yevropadan bir necha misollarni keltirdi. Parallel ravishda o‘zimizdagi mahalliy misollarni ham miyamizning bir chetida ularga solishtirib ketdik.
O‘sha paytda bunga eng katta misol — Quronboyev va kortej voqeasi edi. Mutaxassislarning fikricha, krizisli vaziyatlarda jamoatchilik bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish quyidagi asosiy sifatga ega bo‘lishi kerak:
→ ildam, preventiv (pro-active) — kommunikatsiyaning yetakchisi bo‘lish va axborotning eng yaxshi manbasiga aylanish;
→ tezkor (fast) — yomon xabar tez tarqaydi, inqirozdagi PR pro sifatida muqobil axborotni taqdim etishda har bir o‘tayotgan daqiqa g‘animat, matbuot xizmatining versiyasi inqiroz paydo bo‘lgandan 24 soat ichida chiqishi kerak;
→ uzluksiz (continuous) — mavzu yopilib, unga jamoatchilikning qiziqishi so‘nmagunga qadar axborot berish va muloqot qilishni to‘xtatmaslik;
→ shaffof (transparent) — mutaxassislarning fikricha, bugun biror sirni ommadan yashirish amri mahol.
Mutaxassislar yana shuni aytib o‘tdiki, aybni tan olish, uzrli bo‘lish va xatolarni tuzatishga tayyorlik jamoatchilikning noroziliklarini albatta kamaytiradi, vaziyatni yengillashtiradi.
Bir sidra Yoshlar Ittifoqi matbuot xizmatidagilarning reaksiyasiga nazar solsak, yuqoridagi 4 talabning birortasiga javob berilmadi.
1. Qahramon Quronboyev jurnalistlar bilan uchrashuvda kortej voqeasi haqidagi gapirib yuborgan zahoti buni ommaviy axborot vositalari vakillari noto‘g‘ri talqin qilmasmikan, deb o‘ylab qolishi ildamlik bo‘lgan bo‘lardi. Mabodo OAV, jamoatchilik Yoshlar Ittifoqining davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash uchun qilgan chora-tadbirini tushunmay qolsa, unga qanday javob berish, uni xalqqa qanday yetkazish kerakligi haqida bosh qotirib qo‘yishi zarur edi.
Odatda biror nima yanglish aytib yuborilgan (ogovorka) holatda odamlarning e'tiborini boshqa tomonga qaratish uchun turli kampaniyalar ham boshlab yuborilar ekan.
2. Yoshlar Ittifoqi rahbariyatidan ilk munosabat inqiroz yuzaga kelganidan eng kamida 48 soat keyin — 9-iyunda «Kun.uz» nashrida e'lon qilingan, Aziz Qarshiyevning iste'fo so‘rab yozgan maqolasidan so‘ng bildirildi. YoI tezkorlikda oqsadi. Tashkilot a'zolarining #Qarshiyevout kampaniyasi esa nafaqat noprofessional va ba'zida axloqqa zid, balki juda kech bildirilgan reaksiya edi. Xalqimiz ta'biri bilan aytganda, «To‘ydan keyin nog‘ora».
3. Bor-yo‘g‘i bitta rasmiy bayonot bergan tashkilotning axborot berishdagi sobitqadamligiga izoh bera olmayman. Urib yengib, misol topib bersangiz, xursand bo‘laman. Bu mavzuga boshqa qaytmagan ittifoqchilarning kommunikatsiyasida uzluksizlik ham bo‘lmadi, deb o‘ylayman.
4. Berilgan yagona intervyudagi mujmal bayonot haligacha Namanganda aslida nima bo‘lgani sirligicha — sirliligicha qolmoqda. Shaffoflik yo‘q, xalqda hali ham voqea yuzasidan ikki variant bor: a) Quronboyev inson huquqlariga daxl qilgan shaxs; b) Quronboyev yolg‘onchi amaldor.
Shaxsan men Quronboyevning xayoliga to‘y korteji yo‘lini to‘sish fikri kelgani va bu haqda faxrlanib gapirganining o‘zi uning g‘ayridemokratik rahbarligiga ishora deb bilaman.
Xo‘p, bu yomon keys edi.
Xushxabar: ko‘rib chiqish uchun yaxshi keys ham bor.
5 iyul kuni soat 15:40da* «Kun.uz» nashrida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga doir bir hujjatda 100dan ortiq xato borligi haqidagi maqola e'lon qilindi. Internetda grammar nazi’lar faolligi bilan bahslar boshlanib ketdi.
6 iyul kuni soat 13:08da** O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining feysbukdagi rasmiy sahifasida «Kun»ning maqolasiga munosabat berildi. Unga ko‘ra, o‘sha inspektorlarga imlo lug‘atlari sovg‘a qilingan, diktant olingan, bir oy muhlat berilgan. Ajoyib! Mana buni crisis communication (kraysis kommunikeyshn) desa bo‘ladi.
Kim nima desa desin, lekin kimligini tanimasam ham Jaloliddin akaning gaplariga 100 foiz qo‘shilaman:
22 soatdan kamroq vaqt ichida sifatli (IMHO) munosabat bildirildi. Tezkorlik — checked! Bu choraga odamlarning munosabatini qarang:
Mehnat vazirimizning o‘zi ham mujik. Isn’t he?
Aybdor inspektorlarni «sohaga tasodifiy kirib kelgan» deb aytish, jazolash ham mumkin edi. Rostan ham. Oqibat bilan kurashishga ustamiz aslida.
Kattaqo‘rg‘ondagi ichki ishlar xodimLARining noqonuniy va noprofessional ishlari «Ozodlik» radiosiga yuborilgan video orqali fosh bo‘lgani, masalan, Ichki ishlar vazirligi uchun bir inqiroz bo‘ldi. Shunda IIV o‘z rasmiy munosabatida Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili kapitan San'at Umarovning birgina o‘zini aybdor sifatida ko‘rib, u bilan shug‘ullanilayotgani haqida aytdi.
Krizisdagi PR’ning talablarga javob bera olishi:
Ha, 24 soat ichida. Cho‘zib ham ko‘rsin edichi… Ammo shaffof emas. Berkitilgan sirlar jurnalistlarning surishtiruvlarida chiqib kelmoqda. Minus, minus, minus…
Qaytaga O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva bopladi. Bordi, gaplashdi, yordam berdi.
PR nuqtai nazardan yomon emas. Chunki crisis communication boshqa, crisis management boshqa, yaxshilar.
Crisis management alohida mavzu…
Hozircha mening 5 shkalali reytingimda Yoshlar Ittifoqi va IIV «ikki», mehnat vazirligi va Tanzila opa «besh»ga loyiq. Jamoatchilik bilan aloqalar ilmi rivojlansa, davlat organlarining professionalizmi oshsa, OAV bilan ishlash bo‘yicha a'lochilar soni ortib qolardi. Bunga tilakdoshman.
Mavzuga oid
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024