Jahon | 22:19 / 19.07.2018
29034
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik figurali uchuvchi o‘ldirib ketildi 

Foto: AFP

Sochidagi Olimpiadaning bronza medali sovrindori, qozog‘istonlik figurali uchuvchi Denis Ten Olmaotada pichoqlab ketildi. Bu haqda Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatida ma'lum qilindi. 

Ta'kidlanishicha, shifokorlar Tenning hayotini saqlab qolish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishgan, biroq sportchi olingan jarohatdan halok bo‘lgan. 

Voqea 19 iyulda yuz bergan. Ikki noma'lum kimsa uning avtomobili ko‘zgusini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan. Sportchi buni ko‘rib qolib, ularga qarshilik ko‘rsatgan. Oqibatda o‘g‘rilar sportchiga pichoq bilan zarba bergan.

Jinoyatchilar voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan, hozirda shahar ichki ishlar departamentining butun shaxsiy tarkibi ularni qidirmoqda.

Ten 25 yoshda bo‘lgan. U Sochidagi medaldan tashqari, 2013 yilgi va 2015 yilgi jahon chempionatlarining kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Ten o‘z vaqtida taniqli rossiyalik murabbiy Tatyana Tarasova qo‘l ostida mashq qilgan.

Mavzuga oid