Jamiyat | 01:32 / 24.07.2018
32201
15 daqiqa o‘qiladi

Andijonda mulkdorlar huquqi poymol bo‘lmoqdami?

“Kun.uz” sayti elektron pochtasiga har kuni yuzlab maktublar, murojaatlar va shikoyatlar keladi. Ularni ko‘zdan kechirar ekansiz ayrim mahalliy rahbarlar tomonidan misli ko‘rilmagan nomaqbulchilik, no‘noqlik, sansalorlik va yo‘q joydan muammo yaratish kabi holatlarga guvoh bo‘lasiz.

Ana shunday maktublar orasida Andijon viloyatidagi – “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” qishloq xo‘jaligi kooperativining 495 nafar mulkdorlari tomonidan yo‘llangan murojaat e'tiborimizni tortdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.02.2017 yildagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–2796–sonli qarori ijrosini ta'minlash niqobi ostida, Andijon viloyatidagi “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” qishloq xo‘jaligi kooperativi sun'iy ravishda inqiroz holatiga olib kelinayotganligi to‘g‘risida bayon etilgan.

Vaziyatga xolis baxo berish maqsadida ijodiy guruhimiz Andijonga yo‘l oldi.

Mamlakatimizning to‘qimachilik sanoati tarixiga nazar tashlasak, sobiq Ittifoqdan meros bo‘lib qolgan va ulkan hajmda paypoq to‘qishga ixtisoslashgan kombinatlar soni atigi 3ta edi.

Biri Jizzaxda, yana biri Qo‘qonda, uchinchisi Andijon viloyati Qorasuv shahrida edi. O‘tgan yillar davomida Jizzax va Qo‘qondagi mazkur gigant korxonalarning umri bitdi. Uquvsiz boshqaruv, tor manfaatlar, bozor iqtisodiyoti talablarini yaxshi bilmaslik oqibatida korxonalar barbod bo‘lib, yuzlab ishchilar ko‘chada qoldi.

Faqatgina Qorasuvdagi paypoq to‘qish fabrikasi ishbilarmonlik ruhi va boy tajriba tufayli saqlab qolindi. Aslida dolg‘ali yillarning taloto‘plaridan eson-omon chiqib kelayotgan va ish o‘rinlarini saqlab qolayotgan korxona rahbarlariga rahmat aytish kerak emasmi?! Lekin amalda nima bo‘layapti?

Bizni Qorasuvda korxona rahbarlari va ma'sul xodimlar ochiq chehra bilan kutib olishdi. Dastavval korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish istagimiz borligini so‘radik va ishlab chiqarish sexlarini atroflicha ko‘zdan kechirdik. Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” dabdurustdan Andijon viloyati qurilishi tugallanmagan obektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan o‘tkazish hamda aniqlash bo‘yicha Idoralararo komissisi xulosasiga ko‘ra, foydalanilmayotgan korxonalar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yilgan. Bu RO‘YXAT asos qilinib, korxonaga nisbatan ta'sirchan soliq mexanizmi ya'ni oshirilgan soliq to‘lash chorasi qo‘llanilgan. Natijada korxona oz emas-ko‘p emas 232 million so‘mdan ortiq soliqqa tortilgan.

Viloyat idoralararo komissiyasi xulosasiga asosan Qo‘rg‘ontepa tuman soliq inspeksiyasi tomonidan ta'sirchan soliq undirish talabi bilan korxonaga berilgan talabnomalar rad etilgach, soliq idorasi 2018 yil 25 may kuni viloyat iqtisodiy sudiga da'vo ariza kiritdi.

Andijon viloyat iqtisodiy sudining 2018 yil 31 maydagi hal qiluv qaroriga muvofiq Viloyat idoralararo komissiyasi xulosasiga asosan kiritilgan da'vo arizasi qanoatlantirilgan va “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” qishloq xo‘jaligi kooperativi hisobidan davlat foydasiga 232 661 777 so‘m soliq undirish belgilangan.

Fabrikada ish qizg‘in. Qiz-juvonlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Ular bilan suhbatda har oyda 600-800 ming so‘m ish haqi olishayotgani ayon bo‘ldi. “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” tarkibidan 2012 yilda ajralib chiqish tartibida  “Qorasuv trikotaj fayz” MChJ tashkil topgan. Uning xaridorgir tayyor mahsulotlari esa Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda. Joriy yilning o‘tgan olti oyida 42.3 ming dollarlik mahsulot xorijiy hamkorlarga sotildi, ichki bozorlarga 101.7 million so‘mdagi 102.2 ming juft paypoq mahsulotlari yetkazib berildi. Loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan ishlab chiqarish sexida qurilish-ta'mirlash ishlari jadal davom etmoqda. Biz foydalanilmay bekor turgan, egasiz va huvillab yotgan, hududning me'moriy ko‘rinishini buzib turgan qarovsiz korxonani ko‘rmadik. Demak, Idoralararo komissiyasi xulosasida xolislik bo‘lmagan. Aniqroq qilib aytganda, bu komissiyaga xulosa bergan mahalliy vallomatlarning noxolisligi ortida qandaydir shaxsiy manfaat yotganu, o‘sha “manfaat”ni qanoatlantirishni Yulduzxon Rahimova sidqidildan ado eta olmagan. Bunday ko‘cha bexabarlik va ko‘ngil topishda no‘noqlik unga qimmatga tushmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–2796–sonli qarorining Andijon viloyatidagi ijrosi bo‘yicha yuzaga kelgan muammo haqida tadbirkor bilan ochiq suhbat qurdik.

Ta'kidlash kerak, Idoralararo komissiya xulosalarida “Qorasuv paypoq ishlab chiqarish fabrikasi”da loyiha bo‘yicha ishlar qilinmagani, loyiha taklifi berilmagani, korxonadan foydalanilmayotgani xususida bot-bot bayon etiladi. Aslida qaror ijrosi yuzasidan loyiha qilinganmidi?

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–2796–sonli qarori tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘maklashish, yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” ayni qaror ijrosi yuzasidan yangi loyihaga qo‘l urgan. Biroq loyiha rad etilavergan. Korxona rahbarining e'tiroziga ko‘ra, tuman soliq inspeksiyasi xodimlarining ham bu boradagi hatti-harakati amaldagi qonunlarga zid bo‘lgan.

Masala yuzasidan Idoralararo komissiyaning ishchi organi bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i G‘ayratjon Madakimov bilan bog‘landik. Ming afsuski, boshqarma boshlig‘i mazkur holat bo‘yicha intervyu berishini xohlamadi. Biroq Telegramm orqali axborot taqdim etishi mumkinligini aytdi. Mavzu bo‘yicha qo‘shimcha savollarga esa uning o‘rinbosari Rustam Sharipov biz bilan bog‘lanib, kerakli ma'lumotlarni berishi mumkinligini bildirdi.

Va'da qilinganidek, bizga Telegram orqali yuborilgan va G‘.Madakimov nomidan viloyat hokimligiga kiritilgan xatda korxonani qanday qilib jar yoqasidan olib chiqish va sog‘lomlashtirish yo‘llari haqida so‘z ketmaganligi, aksincha soliq yukini ko‘paytirish natijasida korxonaning bankrot bo‘lishi bayon etilgani bizni ajablantirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi 5016-sonli farmoni va 2897-sonli qaroriga muvofiq Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tuzilganida unga ishlab turgan korxonalarni tugatish va barbod etish emas, balki ishlamayotganlarini yuritib yuborish, o‘z nomi bilan madad-ko‘mak ko‘rsatish vazifasi yuklatilganini boshqarma boshlig‘i unutib qo‘ygandek, go‘yo.

Boshqarma boshlig‘i bilan uchrashishning imkoni bo‘lmagach, uning o‘rinbosari Rustam Sharipov bilan bog‘landik. Afsuski, savollarimizga tayinli va asosli javob ololmadik. Sharipovning aytishicha, korxona o‘z hududini qonunga zid ravishda ijaraga berayotgan emish. Haqiqatdan korxonaning umumiy yer maydoni 9,33 gektar bo‘lib, shundan ishlab chiqarish binosi 1,82 gektarni tashkil qiladi. Uning bir qismi paypoq ishlab chiqaruvchi 7 ta yakka tadbirkorga ijara shartnomasi asosida ijaraga berilgan. Ma'muriy bino 0,30 gektar. Qolgan 7 gektar yerda issiqxona, meva bog‘i, suv hovuzi, qozonxona, chiqindi suvlarni tozalash majmuasi mavjud.

Taklif etayotgan loyihalarini bank muassasalari yoqlamayotganligi sababli ularga qat'iy chora ko‘rishga to‘g‘ri kelgani haqidagi fikr ham asossiz bo‘lib chiqdi.

--- “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” 2017 yilda 10 aprelda loyiha berdi. Birinchi loyihada yiliga 2750 tonna kalava ip ishlab chiqaruvchi dastgohlarni Germaniya, Shveytsariya va Turkiya davlatlaridan sotib olib, 189 ta ishchi o‘rnini yaratish ko‘zda tutilgan. 7,74 million AQSh dollari qiymatiga ega. Loyiha viloyat idoralararo komissiyasi raisi, viloyat hokimining 1-o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiyev tomonidan 2017 yil 16 iyundagi majlisda rad etildi. Sababi tushunarsiz va mantiqsiz. Shundan so‘ng biz yana bir necha marotaba turli idoralarda ushbu loyihani tasdiqlash uchun yugurdik. 2018 yil 4 iyunda takomillashtirilgan, asoslangan, “O‘zengloyiha” instituti tomonidan puxta ishlab chiqilgan loyiha Viloyat idoralararo komissiyasi va a'zolariga topshirildi. Belgilangan qoidaga ko‘ra bir oy ichida javob berilishi kerak bo‘lgan murojaat xatiga haligacha javob ololmadik.  

Boshqarmaning ko‘rajak chorasi tap-tayyor korxonani xonavayron qilsa, soliq idorasi uni sindirish payida bo‘lsa bunday maqsadi shubhali choralarni oqlab bo‘ladimi? Yoki tadbirkorlarni sun'iy ravishda bankrot qilib, so‘ng unga ega chiqish istagi yo‘qmikan, degan faraz ham xayolimizda o‘rlaydi. Yo‘qsa kechani kecha kunduzni kunduz demay harakat qilayotgan tadbirkorni oyog‘iga chil berish, islohotlarning oydin yo‘lida beliga tepish kimga kerak bo‘lib qoldi. Xususiy mulkni qing‘ir yo‘llar bilan olib qo‘yish yuzlab ishchilarni daromadsiz qoldirishi, ularning qaynab turgan qora qozoni qaynamay qolishi mumkinligi xususida o‘ylab ko‘rishmadimi? Nihoyat, bu o‘yinlardan Andijon viloyatining tinib-tinchimas hokimi Shuhrat Qo‘shoqboyevichning yoki Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi raisi Ravshan Ayubovichning xabarlari bormikan? Bundan xabarlari yo‘qqa o‘xshaydi-da, aks holda bu ikki oliyjanob va g‘ayratli rahbarlar ham bu kabi adolatsizlikka yo‘l qo‘yilishiga qo‘l qovushtirib qarab turishmagan bo‘lishardi – deydi tadbirkor.

Biz tuman soliq inspeksiyasiga mazkur korxona bilan bog‘liq vaziyatga izoh so‘radik. Soliq xodimlari esa “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi”ga qo‘llanilgan choraning huquqiy asosini izohlab berish uchun rosa kompyuter titkilashdi. Izlab topa olishmadi chog‘i javob ham haminqadar bo‘ldi. Ijodiy guruh javobdan qoniqmagach, Qo‘rg‘ontepa tumani davlat soliq inspeksiyasining ushbu ishga mas'ul xodimi Jaloliddin Ismanov bilan suhbatlashdik.

Jaloliddin Ismanov biz bilan suhbatda ko‘rilgan chora amaldagi qonunga zid bo‘lsa-da, unga viloyat prokuraturasidagi bir amaldor tazyiq o‘tkazgani, topshirig‘ini bajarmasa, qamatib yuborish bilan tahdid solgani, ish silliq bitsa kelajakda korxonadan unga manfaatli joy ajratib berishga va'da qilganini so‘zlab berdi.

Biz voqealarning ushbu qismi bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan surishtiruv o‘tkazmoqchi emasmiz. Yaxshisi bu bilan o‘z ishining ustalari shug‘ullangani ma'qul. Shu sababli jinoyat hidi anqib turgan mazkur holatni o‘rganishlarini so‘rab, J.Ismanov bilan bo‘lgan suhbat videosini ilova qilgan holda Bosh prokuraturaga tahririyat nomidan rasmiy xat bilan chiqdik.

Tadbirkor adolatni suddan kutgan edi. Ammo!!!

Bir tomonlama, faqat da'vogar tomonidan taqdim etilgan dalillarga asosan sud chiqargan qaror tadbirkorning iqtisodiy axvolini yanada og‘irlashtirdi. Sudga taqdim etilgan dalillar inobatga olinmadi. Tadbirkorning oh-vohi korxona devorlaridan tashqariga chiqmay qolmoqda.

Xullas, Andijonda el koriga xizmat qiluvchi tadbirkorni kim eshitadi? Nahotki Qorasuv paypoq to‘quv fabrikasi shuncha urinishlar va o‘zgarishlar kechayotgan davrda asoslanmagan ma'lumotlar va ayrim mutasaddilarning beparvoligi sabab tanazzulga yuz tutsa?

Najot ko‘ringanday go‘yo...

Maqolani tayyorlash asnosida kutilmaganda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasidan ogohlik bongi yangradi va umid ilinji uyg‘ondi. Hududlarning va butun mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga imkon beruvchi, yangi ish o‘rinlari tashkil etib ijtimoiy masalalarni hal qilishga muhim imkoniyat yaratuvchi, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning doimiy qo‘llab-quvvatlovchi tashkilot bir chetda qo‘l qovushtirib o‘tirmagani e'tiborga molik.

Chorasiz va tushkun kayfiyatda qolgan korxonadagi vaziyat haqida uyushmaga ma'lum qilinishi hamono, uyushma rahbariyati ish qanchalik chigal va bir tomonlama ekanligini tahlil qilib ko‘rdi nazarimizda, shoshilinch ravishda birinchi bosqich sud hukmiga apellyatsiya shikoyatini kiritdi. Qolaversa, korxona hududidagi qisman bo‘sh turgan joyga ham yangi loyiha ishlab chiqilib, viloyat Idoralararo komissiyaga topshirildi.

Muammoning asli Andijon viloyati Idoralararo komissiyasi ishchi organi bo‘lgan viloyat Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish boshqarmasining ayrim mutasaddilari va tuman hokimlarining Prezident Farmon va Qarorlarini to‘la tushunmasligidan kelib chiqmoqda. Ular qonuniy asos bo‘lmasa-da o‘zlariga yoqmagan korxonani "foydalanilmay yotibdi" degan bahonada soliq yukini oshirib, tazyiq o‘tkazishidan qanday maqsad ko‘zlangan, bunisi bizga qorong‘u. Mazkur chigal ishga shaxsiy manfaat aralashmaganiga, keyinchalik tortib olingan korxona boshqa bir "tadbirkor"ga "nol" qiymatda sotilmasligiga kim kafolat beradi?

Ammo mazkur noxush ahvolga haligacha uzil-kesil nuqta qo‘yilgani yo‘q. “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi”ning kasod bo‘lishi birinchi galda Andijon aholisining manfaatlariga putur yetkazadi. Yuzlab fuqarolar ishsiz va daromadsiz qoladi.

Mazkur muammoning yechimi bo‘yicha viloyat hokimligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Soliq qo‘mitasidan javob kutib qolamiz.

“Kun uz” bilan birgalikda voqealar rivojini kuzatib boring.

Mavzuga oid