Tuxum 200 so‘m, go‘sht 26 ming so‘m. Qaysi bozorda?
Haqiqatdan shu narxlarda ushbu mahsulotlar bozorlarimizda sotilmoqda. O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi onlayn tarzda mamlakatimiz bozorlarda sotilayotgan mahsulotlarni tahlil qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, mazkur ma'lumotlar ishonchli manbalar asosida tuzilgan deyish mumkin, deb yozmoqda O‘zA O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmatiga asosan.
Bozor o‘z nomiga mos. Undagi narxlar mahsulot sifati va xaridorlarning talabiga ko‘ra o‘zgarib turadi.
O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bozorlarda bugungi narx-navolar bilan tanishtirishni davom ettiradi.
Ayni vaqtda yurtimizda pishiqchilik mavsumi bo‘lgani uchun, eng avvalo, shakarning narxi bilan qiziqdik. Uning bir kilogrammi 4 ming 200 so‘mdan 6 ming 500 so‘mgacha bo‘lib, Nukus shahar markaziy dehqon bozorida 5000-5500 so‘m atrofida, “Siyob” bozorida 6 ming so‘mga sotilmoqda. Qarshi shahridagi “Yerqo‘rg‘on” dehqon bozorida 4200-4500 so‘mga baholanmoqda.
Xo‘jalik sovuni ham ro‘zg‘or uchun muhim. Uning narxlari ming so‘mdan uch ming so‘mgacha belgilangan. Misol uchun, Nukus shahar markaziy dehqon bozori, Samarqand shahridagi “Siyob” bozori, poytaxtdagi Mirobod dehqon bozorlarida narx eng baland bo‘lsa, Sardoba (Sirdaryo), (Toshkent shahri) Yunusobod dehqon bozorlarida xo‘jalik sovunini ming so‘mga ham xarid qilishingiz mumkin.
Bozorlarda bir dona tuxumning narxi 650-200 so‘m tarzida shakllantirilgan bo‘lib, uning eng qimmati Yunusobod va Mirobod (Toshkent shahri) dehqon bozorlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Navoiy shahar dehqon bozorida tuxumni 200 so‘mga ham topasiz.
Mol go‘shtining narxi kun sayin o‘zgarib bormoqda. Shu kunlarda esa 26 ming so‘mdan 42 ming so‘mgacha baholanmoqda. Mirobod (Toshkent shahri) dehqon bozorida eng baland narxlar kuzatilgan bo‘lsa, Nukus shahar markaziy dehqon bozorida 26 ming so‘mga sotilmoqda.
Kartoshkaning o‘rtacha narxi 1000-1500 so‘m bo‘lib, uning eng qimmati Nukus shahar markaziy dehqon bozorida ikki ming so‘mni tashkil etgan holda, Andijondagi Yangi shahar bozorida 750 so‘mga sotilmoqda.
Piyozning bozorlardagi o‘rtacha bahosi 800-1500 so‘m. Biroq, uning 400 so‘mga olmoqchi bo‘lsangiz, Farhod (Toshkent shahri) dehqon bozoridan topasiz. Qoraqalpog‘istonda esa bir kilogrammi ikki ming so‘mga baholanmoqda.
Issiq kunlarda pomidor va bodring eng xaridorgir bo‘lib, ularning o‘rtacha bahosi turlicha. Misol uchun, pomidorning eng arzoni Andijonda bo‘lib, 500 so‘m, eng qimmati esa Samarqandda sotilmoqda. Bozorlar kesimida o‘rtacha narx ming so‘mdan ikki ming so‘mgacha ekanligini kuzatish mumkin. Bodring nisbatan qimmatroq bo‘lib, uning o‘rtacha narxi 2-3 ming. Termiz shahar markaziy dehqon bozorida ming so‘mga ham olsangiz bo‘ladi. Eng baland bahoni Buxoro shahar markaziy dehqon bozorida kuzatish mumkin.
Mavzuga oid
09:52 / 15.11.2024
O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik darajasi oshdi
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
12:10 / 24.10.2024