Sport | 20:00 / 25.07.2018
20270
7 daqiqa o‘qiladi

«Barsa» muxlislari uchun syurpriz. Yana bir brazil Kataloniyada

«Barselona» ayyoronalik bilan yana bir dramatik transferni amalga oshirdi: 41 million yevro (+1 million yevrolik bonuslar) evaziga «Bordo»ning hujumkor yarim himoyachisi Malkom transfer qilindi.

«Roma» o‘rniga «Barsa»ga

Dushanba kuni kechqurun bu futbolchi Rimga uchishi kerak edi: fransuzlar klubi uni «Roma»ga sotishga rozilik bergan, tomonlar futbolchi transferi haqida rasman ma'lum qilgandi ham. Dushanba kuni kechqurun rimlik muxlislar aeroportga chiqishgan, futbolchi Rimga kelib tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilgandi. Ammo bir necha soat ichida vaziyat tubdan o‘zgarib ketdi va «Bordo» rahbarlari va'dalaridan tonib, 21 yoshli futbolchini qimmatroq narxga kattaroq klubga sotdi.

Gap shundaki, «Barselona» «Chelsi»dan Villianni transfer qila olmagach, zaxira variantga qaytgandi. «Roma» Malkom uchun 36 million yevro taklif qilayotgandi, «Barselona» esa «Chelsi» Villian uchun 80 million yevro talab qilgach, ikki barobar arzonroqqa boshqa bir braziliyalikni sotib olishga qaror qildi.

Kataloniyalik muxlislar uchun bu haqiqiy syurpriz bo‘ldi. 21 yoshli futbolchi endi «Barselona» bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekadi. 

Malkom kim o‘zi?

Malkom – «Bordo»ning o‘ng qanotida harakatlangan braziliyalik forvard. U Liga 1 turnirining o‘tgan mavsumida 32 o‘yin o‘tkazib, 10 gol urgan va 7 assistga mualliflik qilgan.

U professional faoliyatini «Korintians»da boshlagan, jamoa tajribali vingerini Qatarga yo‘llab, 17 yoshli futbolchiga ishonch bildirgandi. 2016 yilda uni sal qolsa Ukrainaga,  jo‘natib yuborishardi, ammo «Dinamo» va «Shaxtyor» klublariga rad javobi berilib, «Bordo»ning 5 million yevrolik taklifi qabul qilingandi.

«Korintians» yoki Yevropa: Qiyin tanlov tarixi

Malkom 17 yoshida Braziliyada «Korintians»ning asosiy tarkibiga kirgandi, u ilk mavsumidayoq jamoasi bilan mamlakat chempioni bo‘ldi. O‘shanda «Korintians»ni Tite boshqargan, u Malkomga katta ishonch bildirgan, uni keyingi mavsumlarda jamoasining asosiy yetakchisiga aylantirishni mo‘ljallagandi.

Aynan shu vaqtda futbolchiga Yevropadan yaxshi takliflar kela boshlaydi. Yosh futbolchi dilemma qarshisida qoladi: qolish va bolaligidan buyon muxlislik qilgan jamoasi safida Libertadores kubogida ishtirok etish yoki moliyaviy qulay shartnomaga ega bo‘lib okean ortiga yo‘l olish.

«Tite menga shunday degandi: «Bu yerda sen yanada o‘sishing, mening va muxlislar ishonchida bo‘lishing mumkin. Bu yerda sovrinlar yutasan. Sen yana bir yoki ikki yil shu yerda qolishing kerak, keyin Yevropani lol qoldirishni boshlashing mumkin», deya eslaydi Malkom ESPN Brasil nashriga bergan intervyusida.

Futbolchi tanlov borasida uzoq o‘ylaydi. U 18 yoshida Fransiyadagi hayotga moslasha olmasligi mumkinligidan xavotirlanadi. Yanayam aniqrog‘i, faoliyatini xavf ostida qoldirishdan cho‘chiydi.

Shundan so‘ng u Tite bilan yana bir bor gaplashib oladi. U murabbiyga shunday deydi: «Professor, bu hayotimdagi yagona imkoniyat bo‘lishi mumkin, hozir men juda yaxshi sport formasidaman. Hammaga ham ikkinchi imkon berilmaydi. Yevropadan boshqa taklif kelmasligi mumkin. Hozir men yaxshi o‘ynayapman, bir yildan keyin bunday bo‘lmasligi mumkin. Muammolar paydo bo‘lsa, meni osongina unutib yuborishadi».

Malkom bor kuchi bilan oilasini qashshoqlikdan qutqarish uchun tirishardi. U Yevropadan keladigan har qanday taklif oilasini kambag‘allikdan qutqarishini yaxshi anglardi.

Buni Tite ham to‘g‘ri tushunadi. Lekin u yana bir bor Malkomni qoldirishga ko‘ndirmoqchi bo‘ladi.

«Tite yig‘lab yubordi. U dedi: «Men senga qattiq bog‘lanib qolgandim, sening oilangni, qayerdanligingni bilaman. Endi senga muxlislik qilaman. Omad yor bo‘lsin».

«Bavariya» orzusi

2018 yil martida Malkom Myunxen klubida o‘ynashni istashini ma'lum qildi.

«Menimcha vaqti keldi, – degandi futbolchi Sky Deutschland muxbiriga bergan intervyusida. – Men «Bordo»da yaxshi damlarni o‘tkazdim va buning uchun minnatdor bo‘lishim kerak, ammo hozir menga yangi chaqiriqlar va yangi maqsadlar kerak.

«Bavariya» – dunyoning eng yirik klublaridan biri. Kunlardan bir kuni u yerda bo‘lish – orzu. Barcha Myunxenning «Bavariya»sini biladi», – degandi Malkom.

Ammo may oyida uni osmondan yerga tushirib qo‘yishdi. Yupp Xaynkes jurnalistlarga, Germaniya chempioni bu futbolchiga qiziqish bildirmayotganini ma'lum qildi. «Bordo» prezidenti  Stefan Martin Malkomni qo‘llab-quvvatladi: «Bavariya»ning bu javobi ko‘p narsani anglatmaydi. Futbolchiga bunday munosabatda bo‘lish to‘g‘ri emas. Malkom «Bavariya»ga o‘tishni orzu qilishga haqli».

Keyinroq futbolchiga ko‘plab jamoalardan takliflar bo‘ldi. Klub fevraldayoq futbolchini sotishini ma'lum qilgandi. Avvaliga «Arsenal», «Inter» va «Everton» futbolchiga da'vogarlik qildi, keyin «Roma» katta sahnaga chiqdi, alaloqibat futbolchini «Barselona» ilib ketdi.

Uch yil o‘tib Malkom o‘shanda hayotidagi eng to‘g‘ri qarorni qabul qilgani ayon bo‘lmoqda. U endi «Barselona»da. Balki u yana Tite qo‘l ostida o‘ynashi mumkin. Bu safar Braziliya terma jamoasi safida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid