O‘zbekiston | 22:50 / 25.07.2018
44209
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev islohotlari: afsonami yo haqiqat - Amnesty International

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu yilning may oyida Amnesty International xodimlari 2004 yildan buyon ilk bora O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishdi.

Huquqni himoya qiluvchi xalqaro tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, delegatlar mansabdor shaxslar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashib, inson huquqlari sohasidagi masalalarni muhokama qilishgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning iyulida tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov huquqni himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar endi O‘zbekistonga bemalol kelib-ketishlari mumkinligini e'lon qilgan edi.

Tashkilotdagilar bu taklifni qabul qilishdi va O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi mazkur tashrifni amalga oshirish uchun ularga yordam berdi. Tashrif shu yilning 22 mayidan 25 mayiga qadar amalga oshirildi.

«O‘zbekiston hukumatidagilar inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar bilan muloqotni tiklash istagida ekanligini qayd etishdan juda mamnun bo‘ldik. Bizga inson huquqlari sohasida bizni tashvishlantirib kelgan va tashvishlantirishda davom etayotgan masalalarni muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat yaratib berildi», — degan Amnesty International’ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Mari Strazers.

Rasmiy shaxslar O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash va mamlakatda istiqomat qilayotgan barcha uchun qulay yashash sharoitlarini ta'minlash borasida o‘z qat'iyatini ishonch bilan ta'kidlab o‘tishdi.

Ayrimlar hattoki o‘tmishda xatolarga yo‘l qo‘yilganini tan olib, O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z nufuzini yaxshilab olishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

«Yangi prezident (Shavkat Mirziyoyev – tahr.) ko‘pchilikni hayratga solmoqda. Uning rahbarligi davrida siyosiy ayblovlar bilan uzoq muddatli qamoq jazosini o‘tayotgan bir necha mahbus ozodlikka chiqarildi. Ayrimlar muddatidan avval ozod qilindi, jumladan, ikki vijdon tutqunlari — Solijon Abdurahmonov va A'zam Farmonov. 2017 yilning fevralida uzoq kutilgan sud islohotlariga nisbatan harakatlar strategiyasini ma'qulladi va biz umid qilamizki, mazkur strategiyani amalga oshirish muvaffaqiyatli tarzda davom ettiriladi», — deya ta'kidlashgan huquqbonlar.

Darhaqiqat, mamlakat yangi prezident qo‘l ostida inson huquqlari sohasidagi xalqaro mexanizmlar bilan hamjihatlikdagi harakatlar uchun ochildi. 2017 yilning mayida BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tdi, oktabr oyida esa BMTning din va vijdon erkinliklari masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi ikki haftalik tashrif bilan mamlakatga kelib ketdi.

Bundan tashqari, 2017 yilning noyabrida prezident Shavkat Mirziyoyev iqrorlik ko‘rsatmalarini olish uchun qiynoqlardan foydalanish, shuningdek bunday iqrorliklardan sudda dalil sifatida foydalanishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlovchi farmonni imzoladi. 2017 yilning so‘ngida o‘zining parlamentga murojaatnomasida prezident demokratiya prinsiplari, qonun ustuvorligi va odil sudlovga rioya qilish muhimligiga alohida urg‘u berdi.

«Umid qilamizki, Toshkentdagi rasmiy shaxslar biz bergan bir qator tavsiyalarni inobatga olishadi. Ularning orasida siyosiy motivlar bilan ta'qib qilingan barcha shaxslarning oqlanishi bo‘yicha mexanizmlarni yaratish, shuningdek, o‘tgan davrda inson huquqlari buzilishini samarali va xolisona o‘rganish mexanizmlarini yaratishni o‘z ichiga oladi», — deya ta'kidlagan Mari Strazers.

Huquq himoyachilarining ta'kidlashicha, mana shunday xatti-harakatlari bilan O‘zbekiston hokimiyati inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga rioya qilish va O‘zbekistonda yashovchi barcha insonlarning yashash tarzini yaxshilashga o‘zining qat'iy va haqiqiy tarafdorligini isbotlagan bo‘ladi.

Mavzuga oid