O‘zbekiston | 15:18 / 26.07.2018
10043
6 daqiqa o‘qiladi

1 sentabrdan bojxona rasmiylashtiruvi tartibiga qanday o‘zgartirishlar kiritiladi?

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasida tadbirkorlik sub'yektlarini davlat xizmatlari, xususan bojxona xizmatining sifatini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan tadbir tashqi iqtisodiy faoliyat, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport-import bojxona rasmiylashtiruvi yo‘nalishidagi hamkorlik ishlarini kelgusida yanada samarali tashkil etish, bu borada yaratilayotgan qulayliklarni keng targ‘ib qilish va amaliy yordam ko‘rsatish hamda yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni tezkorlik bilan yechish, taklif va mulohazalarni o‘rganishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Tadbirda tashqi iqtisodiy faoliyat, eksport-import bojxona rasmiylashtiruvi va investitsiyalarni jalb etishda yaratilayotgan qulayliklar hamda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar haqida batafsil malumot berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3818-son qaroriga ko‘ra, 2018 yil 1 sentabrdan bojxona rasmiylashtiruvi tartibiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritiladi:  

- chegara bojxona postlarida bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati o‘tkazilganda veterinar, fitosanitar, ekologik va sanitar-epidemiologik nazorat ham amalga oshiriladi;

- iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga (IHRT) a'zo davlatlarning akkreditatsiyadan o‘tgan organlari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari berilgan, O‘zbekistonga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan majburiy muvofiqlik sertifikatlashtirishni amalga oshirish talab etilmaydi;

 - tovarlarning «erkin muomalaga chiqarish (import)» rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun tovarlarni davlat tilida majburiy markirovka qilish talab etilmaydi;

- «bojxona ombori» rejimida 6 oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan bojxona to‘lovlari yuzasidan taqdim etilgan imtiyozlar qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, ko‘rsatilgan sanaga qadar DBQ saytida «Integratsiyalashgan tarif» interaktiv xizmati joriy etiladi. Uning yordamida tovarlarning bojxona chegarasi orqali harakati rejimini tartibga soluvchi barcha normativ hujjatlar, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur bo‘lgan hujjatlar, har bir tovarga mos ravishda bojxona bojlari stavkalari, ushbu hujjatlarni beruvchi organlar to‘g‘risidagi batafsil axborot va boshqa ma'lumotlarni real vaqt rejimida olish mumkin bo‘ladi.  

«Integratsiyalashgan tarif» interaktiv xizmati orqali taqdim etiladigan axborotning, jumladan sanitar-karantin, fitosanitar va veterinar nazorati bo‘yicha, ruxsatnoma berish xususiyatiga ega bo‘lgan boshqa hujjatlarning rasmiylashtirilishi to‘g‘risidagi talablarning to‘liq ro‘yxati 2 oy muddatda tasdiqlanadi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shuningdek, mazkur qaror bilan 2019 yil 1 yanvardan amaliyotga kiritiladigan import bojxona bojlari stavkalari va O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarga aksiz solig‘i stavkalari tasdiqlandi.

Tadbirda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida yaratilgan qulayliklar to‘g‘risida ham batafsil ma'lumotlar berildi.

Jumladan, “AKA Petroleum” MChJ XK o‘zining Rossiya Federatsiyasi va Turkiya davlatlaridagi hamkorlarini jalb qilgan holda 2018 – 2019 yillarda “Toshkent-tovar” hamda “Chuqursoy” stansiyalarida zamonaviy multimodal transport-logistika markazlarini barpo etish istagini bildirib o‘tdi. Loyiha qiymati 128,0 mln AQSh dollarni tashkil etadi.

Hozirda ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha rejalashtirish va loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda.

Ta'kidlash joizki, Toshkent shahar bojxona boshqarmasida joriy yilning olti oyi davomida 36 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar tomonidan import qilingan tovarlarga amaldagi qonunchilikka asosan 20,8 mlrd so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berildi.

O‘rganish jarayonida eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularda mavjud muammo va takliflarga aniqlik kiritish hamda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ma'lumotlar shakllantirildi. Unga ko‘ra korxonaning umumiy ma'lumoti, mahsulot turi, shundan eksport va ichki bozorga chiqarilgan mahsulotlar hajmi, import uchun qilinadigan xom-ashyo, mavjud muammosi, bildirilgan takliflari va erishiladigan eksport ko‘rsatkichlar istiqbollari to‘g‘risidagi ma'lumotlar shakllantirilib, ishchi tartibda ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga tizimdagi korrupsiya va tamagirlik holatlariga qarshi kurashishda jamoatchilikning ham faol ko‘magi zarurligi, unga qarshi birgalikda kurashish kerakligi, bu borada bojxona, prokuratura va soliq organlari tomonidan har qanday amaliy va huquqiy jihatdan ko‘mak berilishi, kunning istalgan vaqtida ushbu idoralarning “Ishonch telefon”lari orqali murojaat qilishlari mumkinligi alohida qayd etildi.

Tadbir so‘ngida bojxona ishi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga har tomonlama qulayliklar yaratish bo‘yicha davlat organlari har qanday ko‘mak berishga, korrupsiya va boshqa har qanday illatlarga qarshi kurashishda keng hamkorlik qilish muhimligi, bundan har bir tadbirkorlik sub'yekti va jamiyatning har bir a'zosi manfaatdor ekanligi ta'kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid