O‘zbekiston | 18:47 / 26.07.2018
24435
3 daqiqa o‘qiladi

General-mayor Po‘lat Bobojonov Qashqadaryo viloyatiga bordi

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori va ichki ishlar vazirining qo‘shma farmoyishi asosida Prezident devoni, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaning mas'ul vakillaridan tuzilgan tekshiruv guruhi Qashqadaryoda ish boshlashidan ko‘zlangan maqsad viloyat ichki ishlar organlarining fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta'minlash borasidagi faoliyatiga baho berishdan iborat. Tekshiruv guruhi o‘z faoliyati davomida har bir xodimning fuqarolar bilan muloqotda xushmuomalaligiga, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning tub sabablariga e'tibor qaratmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi IIV  Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Viloyatning ayrim hududlarida huquq-tartibot idoralari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlash, aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatish borasida ba'zi kamchiliklar ham ko‘zga tashlanyapti. Ayrim xodimlar tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlarning asl mazmunini anglamasdan, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotgani kuzatilmoqda, deyiladi xabarda.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida xodimlarni o‘qitish, ularning kundalik xizmat faoliyatini «xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida tashkil etish, ular tomonidan tamagirlik, poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste'mol qilish kabi qonun va xizmat intizomini buzish holatlariga chek qo‘yish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Foto: IIV axborot xizmati

Tekshiruv guruhi viloyatning Nishon, Kasbi, Qarshi, Muborak, Mirishkor, Koson, Chiroqchi, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahri ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishdi. Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov Qarshi tumani IIB shaxsiy tarkibi bilan uchrashuvda har bir xodimning sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan qanchalik xabardorligiga baho berdi, fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish va bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. Xizmat intizomini buzayotgan, ichkilikka ruju qo‘ygan, o‘z xizmat vazifasini unutgan xodimlarga ichki ishlar organlari tizimida joy yo‘qligini ta'kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid