Sport | 21:27 / 27.07.2018
6166
3 daqiqa o‘qiladi

MOQ: Olimpiya tamoyilining aksini talab qilyapmiz – muhimi g‘alaba, qatnashish emas

Indoneziya mezbonligida o‘tadigan XVIII Osiyo o‘yinlarida ishtirok etuvchi O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqada maksimal natija ko‘rsatish uchun to‘la tayyor. Bu haqda bugun, 27 iyul kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qatnashgan qo‘mita bosh kotibi Jasur Matchanov ma'lum qildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Matchanov Olimpiada o‘yinlarining «Muhimi g‘oliblik emas, balki ishtirok» degan prinsipidan chekingan holda, sportchilardan natija talab etilayotganini ma'lum qilgan.

«Biz asosiy medallarni aynan qaysi sport turlari orqali jamg‘arishimizni deyarli aniq bilamiz. Tayyorgarlik mashg‘ulotlari vaqtida kim nimaga qodir ekanini ko‘rib turibmiz. Osiyo o‘yinlariga ham aynan bizning saralashimizdan o‘tgan sportchilargina yo‘l olmoqda.

Bu safar shunchaki ishtirok etish uchun borish, degan tushuncha yo‘q. Biz bu konsepsiyadan biroz chekingan holda, asosiysi ishtirok emas, asosiysi g‘alaba degan tamoyilga amal qilgan holda ish olib boryapmiz. Bizning Osiyo o‘yinlariga munosabatimizning asosida ana shunday yondashuv yotibdi.

Spotchilarimiz: «Men Osiyo o‘yinlari ishtirokchisi bo‘ldim», deyishlari emas, balki «Men Osiyo o‘yinlarining sovrindori bo‘ldim» deyishga o‘rganishlari kerak. Faqat qatnashish bilangina g‘urarlanadigan bosqichdan o‘tdik. Olimpiada o‘yinlariga ham xuddi shunday yondashuv bo‘ladi. Bizning vazifamiz – Olimpiadaga litsenziya olish emas, unda medallarni qo‘lga kiritishdir. Biz aynan shunga harakat qilamiz», - dedi Jasur Matchanov.

Qo‘mita Osiyo o‘yinlaridan taxminan qancha medal bilan qaytish rejalashtirilayotgani haqidagi savolga «To‘ydan oldin nog‘ora chalmaslik, podadan oldin chang ko‘tarmaslik» kerakligini aytib, javob qaytardi.

 

Mavzuga oid