Sport | 15:04 / 30.07.2018
17986
4 daqiqa o‘qiladi

Irina Viner-Usmonova yubiley ayyomini nishonlamoqda

Rossiya badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti, Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi, xizmat ko‘rsatgan murabbiy Irina Aleksandrovna Viner-Usmonova bugun o‘zining 70 yillik yubiley ayyomini nishonlamoqda, deb xabar bermoqda OAV.

Foto: RIA "Novosti"

Irina Viner-Usmonova Samarqandda, ziyoli oilasida dunyoga kelgan. Uning bobosi skripkachi, otasi esa O‘zbekiston xalq rassomi, Badiiy akademiya a'zosi bo‘lgan. U yoshligidan san'atga, musiqaga mehr qo‘ydi, maktabdagi sahnalashtirilgan tomoshalarda faol ishtirok etdi, bir oz vaqt balet bilan shug‘ullandi.

Taqdir Irinani O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutiga yetakladi. Bu tanlov bejiz emasdi, zero u 11 yoshidan buyon badiiy gimnastika bilan shug‘ullanib kelar va bu sport turida jiddiy natijalarga erishgandi. U uch marta O‘zbekiston chempioni bo‘lganligini aytishning o‘zi yetarli.

Viner institutni bitirgach, Toshkentdagi respublika olimpiya zaxiralari bolalar va o‘smirlar sport maktabida murabbiylik faoliyatini boshladi. 1972 yilda badiiy gimnastika bo‘yicha shahar va O‘zbekiston terma jamoalari murabbiyi etib tayinlandi. 

U yigirma yil davomida muvaffaqiyatga erishgan qator sportchilarni tarbiyaladi, ular orasida besh marta SSSR chempionati g‘olibi bo‘lgan Venera Zaripova va jamoaviy mashqlarda jahon chempioni bo‘lgan Marina Nikolayevalar bor.

Seul olimpiadasida sovet badiiy gimnastikachilarining muvaffaqiyatlaridan so‘ng xorijda ularning murabbiylariga qiziqish paydo bo‘ldi, mamlakatda boshlangan qayta qurish esa murabbiylarga keng yo‘l ochdi. Shu bois 1990-yillar boshida Viner-Usmonova O‘zbekiston jamoasi bilan birgalikda britaniyalik gimnastikachilarga ham murabbiylik qildi.

U tarbiyalagan sportchilar keyinroq Rossiya terma jamoasi tarkibida chiqishlar qila boshlashdi. Ular orasida jahonning bir necha bor chempionlari Yana Batirshina, Amina Zaripovalar bor. Eng iste'dodli shogirdi esa ikki marta mutlaq jahon chempioni, besh marta Yevropaning mutlaq chempioni bo‘lgan Alina Kabayevadir. 2000 yilgi Olimpiadada u birinchi o‘rinni vatandoshi, Viner-Usmonovaning yana bir shogirdi Yuliya Barsukovaga boy berib qo‘ydi, ammo to‘rt yildan keyin bo‘lib o‘tgan Afinadagi o‘yinlarda Kabayeva eng yuqori o‘rinni olishga erishdi.

Foto: RIA "Novosti"

2016 yilda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida murabbiyning yana bir shogirdi Margarita Mamun g‘oliblikka erishdi. Keyingi ikki Olimpiadada shaxsiy birinchilikda kumush medallarni ham Viner-Usmonovaning shogirdlari qo‘lga kiritishgan.

Viner-Usmonova 2008 yildan buyon Rossiya badiiy gimnastika federatsiyasini boshqarib keladi. U pedagogika fanlari doktori, professor, Rossiya va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan jismoniy madaniyat xodimidir.

U shuningdek, Xalqaro gimnastika federatsiyasi texnik qo‘mitasining vitse-prezidenti hisoblanadi. 

Irina Viner tadbirkor va metsenat Alisher Usmonovning turmush o‘rtog‘idir. Ular Toshkentda, bitta sport maktabida Alisher Usmonov qilichbozlik bilan, Irina Viner esa badiiy gimnastika bilan shug‘ullanib yurgan paytlarida tanishishgan. Ular 1992 yilda turmush qurishgan.

Mavzuga oid