Jamiyat | 15:21 / 31.07.2018
29185
7 daqiqa o‘qiladi

​Jamiyat maydalashmayapti, shunchaki rivojlanmay qo‘ydik!

Foto: iStock

O‘zbekiston - buyuk shaxslarga Vatan. Uning diyorida ulug‘ zotlar tarbiya topgan va biz ularning avlodimiz. Biroq, yana ikki og‘iz so‘zimni shu zaylda davom ettirsam, kimningdir qoshi chimiriladi, boshqasi «qaynab turgan muammolarning ota-bobolarga nima aloqasi bor» deb xayoldan o‘tkazishi mumkin.

Ajdodlarga munosib voris bo‘lishga intilishimiz kerakligini aytib, tushimizda ham balandparvoz shiorlarni takrorlaydigan bo‘lib qoldik. Afsuski, biz oddiy masalalarga o‘ralib qolyapmiz.  Xuddiki, jamiyatning o‘zi yoshlarni rivojlanishi, salohiyatini oshishi, vatan rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgandek. Ha, to‘g‘ri tushundingiz. O‘sha mashhur kinoda rais buva Kremlga yozgan xatida ma'lum qilinganidek, «bizda g‘alati ishlar bo‘lyapti».

1. Lotin-Kirill muammosi. Birinchi navbatda bu muammoning yechimi allaqachon berilgan: bosqichma-bosqich allaqachon lotinga o‘tishimiz kerak edi. Aynan mana shu oddiy masalaga jo‘yali munosabat bildirilmasligi sababidan, mustaqillik farzandining yozuvida imlo xatolari «tiqilib» yotibdi. Biz aynan xato bilan yozadigan avlodni tarbiyalab bo‘ldik! Hali ham kech emas. Endi qat'iy chora ko‘rilsin. Millatning ko‘pchilik qismi o‘z ona tilida xato yozishi kulgili, shu bilan birga ayanchli holat. Mayli qiynalsin. O‘rta yosh qiynalsin, lekin barchani chalasavod qilish durust emas.  Muhimi bu mavzuga boshqa qaytmaylik. Agar yana qaytsak, yana shuncha vaqtni yo‘qotamiz, xolos.

2. Gaz, svet, suv.... Ha do‘stlar. Ilmiy rivojlanishimizga bu ham to‘siq bo‘lmoqda. Endi kitobni olib o‘qimoqchi bo‘lsang-u, svet o‘chib qolsa. Yoki sovuq xonada o‘tirishga ikki soatgagina qurbing yetadi. Aslida ilm-fanni rivojlantirish uchun zaruriyat hisoblangan shartlarning asosiylaridan biri aholining ijtimoiy ta'minlanganligidir. Uyida elektr energiyasi, issiq taom uchun gaz ta'minoti bo‘lgan kishi miyasining qanchadir foizi boshqa narsalarni o‘ylashga yetsa kerak, nazarimda. Balki, so‘zlarim sodda ko‘rinar, ammo Gruziya, Yaponiya, qolaversa, o‘sha buyuk AQSh tajribasida ham bu kabi muammolar bo‘lgan, davlat va jamiyat bahamjihat sinovlardan o‘tdi. 

3. Soqol, ro‘mol...

Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev diniy erkinlikka yo‘l ochganidan so‘ng bu savol ancha «bolaladi». To‘g‘ri, bir necha yil oldin hattoki eng kichik jinoyat, huquqbuzarlik holatida ham, avval «soqolli» so‘roq qilinardi. Esimda, asli millati arman bo‘lgan  soatsozning soqoli tufayli ko‘p vaqti idoralarda o‘tardi. O‘rganib qolgan edi, bechora. Hozir erkinlik berildi, ammo tushunarsiz. Kimning nima kiyishiyu, qanday yurishi - uning konstitutsion huquqi. Qonunlarimizda shunday yozib qo‘yilgan. Alohida modda ham ajratilgan buning uchun. Aholining ko‘pchiligini musulmonlar tashkil etarkan, shuncha kishining g‘ashiga tegayotgan, o‘y-xayolini chalg‘itayotgan muammo hal qilinishi shart. Buning uchun «velosipedni qayta yaratmang!» Konstitutsiyaga amal qiling. Hamma xohlagancha kiyinsin-tamom!

4. Transport, uy-joy.

Dunyoning atigi 30tacha mamlakatida avtomobil zavodi bor, deb g‘ururlanib keldik. Endi o‘ylab qaralsa, aynan shu zavod oyog‘imizga «bolta» urayotgani ma'lum bo‘lib qoldi. Oddiy arifmetika-da: xorij davlatlardagi yangi mashina narxlari bizning mashinalardan ancha arzon. Foydalanilgani esa yanada arzon. Deylik, 2000 dollarga mubolag‘asiz 3-4 yil haydalgan mashinani olsa bo‘ladi. Masalan, Janubiy Koreyada Matiz'ning narxi 600-2000 dollar. Lacetti - 2000-8000. Bu narxlar Janubiy Koreyadagi yashayotgan muhojirlar uchun ham qimmat emas! Bizda-chi..? 

Bundan tashqari, yashash uchun uy-joy narxida ham manaman degan davlatlarga tenglasha olamiz. Toshkent, Samarqanddagi uyning narxlarini eshitib «yoqa ushlaysan». Ha mayli qaddini ursin. Masala boshqa joyda. Bu mavzuni «kapitalizm, bozor iqtisodiyoti», deya tugatish noinsoflik bo‘ladi. 

O‘zbekiston aholisining 60 foizi shahar tashqarisida yashaydi, ya'ni qishloq joylarda istiqomat qiluvchilar shaharliklardan ko‘p. Aholining shahardan uy olishiga moliyaviy ahvoli yo‘l qo‘ymaydi. Uning o‘z uyidan o‘z mashinasida qatnashi uchun esa mashina olishga qurbi yetmaydi.  Nega ular shahardan uy-joy qilishi kerak, nega mashinaga o‘tirib shaharda ishlashi kerak, deb «boshi qotgan» o‘quvchi yuqorida ko‘rsatilgan ikkinchi masalaga boqsin!

Shaharlar atrofi va shahar ichida umumiy turar joy komplekslarini ko‘paytirishimiz ham fuqarolarimiz uchun ajoyib sharoit yaratadi. Shunday ham bo‘lyapti, faqat o‘zgaruvchan narxlar, qog‘ozbozlik va korrupsiya eng samarador bo‘lib ko‘ringan islohotlardan bizni uzoqlashtirmoqda.

5. To‘y. 

Masalani Oliy Majlisgacha yetib borganini eshitib ancha xursand bo‘lgan edim. 3 oy o‘rganib chiqqan senatorlar bu masala fuqarolarning konstitutsion huquqi ekanligini eslab qoldi. To‘g‘ri, bu bizning huquqimiz, ammo uni cheklash mumkin, axir bunaqa misollar tajribamizda qalashib yotibdi. Shu to‘y qilishni shunchalar qiyin, qog‘ozbozligu, soliqlarga ko‘mib tashlasakchi? Shuncha ovoragarchilikdan qochib to‘xtatarmiz. Axir nimadir qilinishi kerak-ku. Dabdabali to‘y odamlarimizni dabdala qilayotgani kundek ravshan. 

Bu borada aniq takliflarni ko‘pchilik berishdi, men qo‘shimcha qilmoqchiman. Shunchaki xalq uchun bir standart qabul qilinishi kerak. Aynan standartdan oshadigan holat uchun esa soliq  kattaroq belgilansa, bashariyat o‘shanga ko‘nishni boshlaydi.

Ana bo‘ldi. Miya bo‘shadi. Ana eni issiqqina maktab qurishimiz kerak. Maktabga keladigan bolalar uchun avtobus qo‘ysak, bo‘ldi. Iltimos, shu pallada maktab formasini kim hal qiladi, maktab formasi qandoq bo‘ladi, deb yana boshni qotirmang. Janob Mask samoni zabt etay deb turganda, biz yana shu masalalarga qaytishimiz uyat.

El Nur

Mavzuga oid