Jahon | 21:20 / 01.08.2018
5254
2 daqiqa o‘qiladi

Chikagolik haydovchilarga bir oyga avtomobildan voz kechish taklif etildi

Foto: shutterstock

31 iyul kuni Lyft sayohatlar servisi, Zipcar karsheringi va velosipedlar ijarasi bilan shug‘ullanuvchi Divvy Bike kompaniyasi Ditch With Lyft loyihasining yo‘lga qo‘yilishi haqida e'lon qilishdi. Mazkur loyiha doirasida Chikagodagi haydovchilarni bir oy davomida 550 dollar nominalli kupon evaziga shaxsiy avtomobillaridan voz kechishga chaqirishmoqda.

Kupon Lyft bilan 300 dollarlik, Zipcar bilan 100 dollarlik va Divvy Bike bilan 45 dollarlik sayohatlar hamda bir oyga 105 dollar nominalli jamoatchilik transportidan foydalanishni ko‘zda tutadi. Sertifikat loyiha saytida ro‘yxatdan o‘tgan ilk yuz ishtirokchiga topshiriladi. Buning uchun mashinaga egalik qilish va anketada uning mavjudligini tasdiqlash lozim.

Kampaniya maqsadi — odamlarga shahar bo‘ylab harakatlanishning turli usullari borligini namoyish qilish. Lyft ma'lumotlariga ko‘ra, Chikago aholisi o‘z avtomobillariga xizmat ko‘rsatish uchun yiliga o‘rtacha 13 ming dollar sarflab, ulardan bor-yo‘g‘i 5 foiz vaqtlarida foydalanishar ekan.

 

Mavzuga oid