O‘zbekiston | 12:05 / 02.08.2018
8627
4 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish soddalashtiriladi

Foto: Pixabay

Prezidentning 27.07.2018 yildagi PF-5490-son farmoni ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish tartibini o‘zgartirishni nazarda tutadi.
 
Yangiliklarning mohiyati shundaki, 2018 yil 1 oktabrdan boshlab ko‘chmas mulkka: yer uchastkalari, bino va inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish to‘g‘risida guvohnoma bekor qilinadi. Ro‘yxatga olish tegishli yozuvni ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va ular bilan tuzilgan bitimlar davlat reyestriga elektron shaklda kiritish bilan amalga oshiriladi, deb yozadi Norma.
 
Ko‘rsatilgan sanadan boshlab ko‘chmas mulkka bo‘lgan egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar to‘g‘risidagi, shu jumladan, ushbu huquqlarning vujudga kelishi, o‘tishi, cheklanishi va bekor qilinishi, shuningdek, ular bilan tuzilgan bitimlar haqidagi axborot “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining hududiy organlariga:

• mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari;
• davlat notarial idoralari;
• Qurilish vazirligining hududiy tuzilmalari;
• boshqa vakolatli organlar tomonidan taqdim etiladi.
 
Axborot tegishli xatti-harakatlar sodir etilgan kundan boshlab bir kun muddatda axborot-kommunikatsiya tizimlaridan foydalangan holda taqdim etiladi. Shu tariqa, yuridik va jismoniy shaxslar – ko‘chmas mulk mulkdorlari yoki ashyoviy huquqlar egalarining hozirgidek ro‘yxatga oluvchi organga mustaqil ravishda murojaat qilishlari talab etilmaydi.
 
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaat qilganda, davlat va boshqa tashkilotlar so‘rov yuborganda “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining bo‘linmalari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va ular bilan tuzilgan bitimlar davlat reyestridan elektron va (yoki) qog‘oz shakldagi ko‘chirmani taqdim etadi. Bu amaldagi hujjat (ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida guvohnoma) o‘rniga tegishli huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligining tasdig‘i bo‘lib xizmat qiladi.
 
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni va ular bilan tuzilgan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomga ta'riflangan o‘zgartirishlarni inobatga olgan holda 2 oy muddatda tuzatishlar kiritiladi.
 
Tahririyatdan: Farmon bilan nazarda tutilgan tartib yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish qismida Yer kodeksi va “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan, 2018 yil 26 oktabrdan kuchga kiradigan tuzatishlar (24.07.2018 yildagi O‘RQ-487-son Qonunga binoan, sharhga qarang) bilan tafovut qiladi. Ular, aksincha, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida guvohnomani yerga bo‘lgan yagona huquqni belgilovchi  hujjat sifatida rasmiylashtirishni nazarda tutadi.
 
Rasman, modomiki 24.07.2018 yildagi O‘RQ-487-son Qonun 27.07.2018 yildagi PF-5490-son Farmonga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega ekan, Farmonda nazarda tutilgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish tartibi yer uchastkalariga tatbiq etilishi kerak emas. Biroq, haqiqiy huquqni qo‘llash amaliyoti  27.07.2018 yildagi PF-5490-son Farmondan kelib chiqqan holda shakllanishi mumkin, chunki unda nazarda tutilgan yangiliklar ilgariroq kuchga kiradi. Bu holda qonun hujjatlariga yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida guvohnoma berishni bekor qilish bilan bog‘liq takroran tuzatishlar kiritish talab etiladi.
 
Hujjat 30.07.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid