Ko‘chmas mulk | 08:31
951
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulk bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashning yangi tartibi joriy etildi

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk obektlarini texnik inventarizatsiyadan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etildi. Yangi qoidalar ko‘chmas mulkning maydoni, texnik holati va boshqa ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotlarni aniqlash hamda kadastr hujjatlarini shakllantirishga qaratilgan.

Foto: iStock

Adliya vazirligi Ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Hujjatga muvofiq, texnik inventarizatsiya ko‘chmas mulkning maydoni, tarkibi, texnik tavsiflari va amaldagi holatini aniqlash hamda uning kadastr yig‘majildini shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi.

Texnik inventarizatsiya Davlat kadastrlari palatasi muhandislari yoki malaka shahodatnomasiga ega kadastr muhandislari tomonidan o‘tkaziladi. U birlamchi va qayta inventarizatsiya shaklida amalga oshiriladi.

Jarayon dastlabki kameral ishlar, dala ishlari va dala ishlaridan keyingi kameral ishlar bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Dala ishlari vaqtida obekt joyiga chiqqan holda uning o‘lchamlari aniqlanadi, konstruktiv elementlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari o‘rganiladi.

Inventarizatsiya natijalari asosida ko‘chmas mulkning umumiy va foydali maydoni, hajmi hamda boshqa texnik ko‘rsatkichlari belgilanadi. Shuningdek, obekt rejalari elektron shaklda tayyorlanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, texnik inventarizatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan shaxslar Kadastr agentligiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Mazkur tartib ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid