O‘zbekiston | 08:14 / 03.08.2018
7711
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida yangi jamg‘arma tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi huzurida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlashni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.
 
Jamg‘arma yuridik shaxs bo‘lmaydi, mablag‘lari tijorat bankidagi maxsus, shu jumladan, valyuta hisobvarag‘ida jamlanadi.

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari;

shifokorlar va provizorlarni ro‘yxatga olishni amalga oshirishdan, shuningdek, ular faoliyatini litsenziyalashdan tushadigan mablag‘lar;

shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish va boshqa xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishdan tushumlar;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini banklarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

xayriya qiluvchilar – jismoniy va yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qo‘yilishicha, Jamg‘arma mablag‘lari, shu jumladan, quyidagilarga yo‘naltiriladi:

Milliy palatani saqlash, uning faoliyatini moddiy-texnik ta'minlash va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;

xalqaro standartlarga muvofiq ilg‘or tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini tashkil etish, shuningdek, ularni zamonaviy uskunalar
va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash;

zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, tibbiyot tashkilotlarini moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish;

respublika tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarining binolari, inshootlari va boshqa infratuzilmasini qurish, ularni zamonaviy uskunalar bilan, shu jumladan, lizing shartlarida jihozlashga qaytarish sharti bilan va imtiyozli asosda mablag‘ ajratish;

tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, o‘qitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish
bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;

respublika shifokorlari va provizorlari to‘g‘risida umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma'lumotlar bazasini yaratish va yuritish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

sog‘liqni saqlash sohasida xayriya faoliyatini amalga oshirish;

Milliy palata zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid