Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati ishchi va xodimlarini Temiryo‘lchilar kuni bayrami bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘z kasbiga sadoqatli va fidoyi sizlar kabi minglab yurtdoshlarimizning sidqidildan qilayotgan mehnati, bilim va tajribasi tufayli temir yo‘l tarmog‘i xodimlari el-yurtimiz o‘rtasida haqli ravishda obro‘-e'tibor va ehtiromga sazovor bo‘lib kelmoqda”, - deyiladi tabrikda.
Tabrikda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining ko‘p millatli jamoasi temir yo‘l transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, takomillashtirish va rekonstruksiya qilish, temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligini ta'minlash borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirayotganligi e'tirof etiladi.
“Sizlarning fidokorona mehnat qilib, uzog‘imizni yaqin qiladigan ravon yo‘llar, Toshkent shahrida va yurtimizning boshqa hududlarida o‘nlab zamonaviy ko‘priklar qurib, Vatanimiz obodligiga munosib hissa qo‘shayotganingiz alohida tahsinga sazovor”, - deyiladi tabrikda.
Tabrikda qayd etilishicha, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan kundan buyon yuk tashish hajmi 2,1 marta, yo‘lovchi tashish hajmi 2 barobar ko‘paygan, temir yo‘llar orqali 1,5 milliard tonna yuk tashilib, 370 million nafar yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgan.
Hozirgi vaqtda respublika bo‘yicha yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning esa 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali manzillariga yetkazilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda jahon standartlari talablariga javob beradigan 16 ta yangi temir yo‘l vokzali qurildi, 10 ta vokzal qayta qurildi va deyarli barcha stansiyalar xalqaro sifat standartlari talablari darajasidagi yuqori texnologiyalar bilan jihozlandi.