Sport | 16:10 / 06.08.2018
22253
9 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov «Arsenal»dagi ulushini kimga sotadi?

Foto: Forbes

Xaridor «Arsenal»ning 30 foizlik hissasi uchun 500 million funtdan oshiqroq mablag‘dan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.

The Financial Times nashrining iyul oyi oxirlarida ma'lum qilishicha, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov o‘zining «Arsenal» futbol klubidagi 30 foizlik ulushini sotmoqchi ekan. O‘n bir yildan buyon klubning boshqaruv kengashiga kirishga uringan rossiyalik ishbilarmon, bu urinishlar besamar ketgach, shunday qarorga kelgan. 

Klub va Usmonov o‘rtasidagi hamkorlik 2007 yilning avgustidan boshlangan. Ta'sischilari Usmonov va Farhod Moshiri bo‘lgan Red & White Holdings Ltd kompaniyasi «Arsenal»ning 14,5 foizlik aksiyasini Devid Deyndan sotib olishgandi. VVS ma'lumotiga ko‘ra, bu kelishuv investorlar uchun 75 million funtga tushgan.

O‘sha paytlarda «Arsenal»ning bugungi asosiy aksioneri bo‘lgan Sten Kronkeda faqat 12.9 foiz aksiya bor edi. Dastlabki yillarda Usmonov va Kronke munosabatlari u qadar iliq bo‘lmadi, 2012 yilda esa, jiddiy ziddiyat yuzaga keldi.

Red & White klubning direktorlar kengashiga ochiq xat yozdi. Bunga sabab, ijrochi direktor Ivan Gazidis tomonidan aytilgan bir gap bo‘lgandi. Gazidisning Usmonov kompaniyasining direktorlar kengashiga kirishi boshqaruvni izdan chiqarishi haqidagi fikrlari Usmonovning e'tirozining asosiy sababi edi. O‘sha xatda Kronke «Arsenal»dagi ulushlarini tashqi investorlardan himoya qilish maqsadida doimo tashqi qarzlar yukini oshirib borayotgani, biletlar narxini ko‘tarish va yetakchi futbolchilarni sotish orqali aksiyadorlar qiziqishini pasaytirayotgani tilga olindi. Xuddi o‘sha yili Robin van Persining asosiy raqiblardan biri «Manchester Yunayted»ga sotib yuborlishi ham Usmonov tomonidan tanqid ostiga olindi. 

«Arsenal» boshqaruvida ishtirok etish orzusini bir necha bor ta'kidlab kelgan Usmonov 2016 yilda sherigi Farhod Moshirining ulushlarini ham sotib oldi va 30,04 foiz bilan klubning ikkinchi o‘rindagi aksiyadoriga aylandi. Milliarder «Arsenal»ga sodiqligini va klubdagi ulushini oshirish borasidagi harakatlarini to‘xtata olmasligini ma'lum qildi. Britaniyaning Forbes nashri tarqatgan ma'lumotlarga qaraganda Moshirining ulushini sotib olish Usmonovga 200 million funtga tushgan. Ammo bu ham boshqaruv kengashidan o‘rin olish uchun yetarli bo‘lmadi.

Bu paytga kelib, «Arsenal»ning asosiy aksioneri Sten Kronke bo‘lib ulgurgandi. 2008 yilda u o‘z ulushini 29,9 foizga oshirib, klub boshqaruvini qo‘lga oldi. 2011 yilning bahorida Devid Finsman va ledi Nina Breysvell-Smitlarning hissalarini ham qo‘lga kiritdi. Klubning sobiq direktoriga kelin bo‘lgan Nina Breysvell-Smit bilan Alisher Usmonov ham muzokara qildi, ammo yana samarasiz. 

Kronke dastlabki davrlardanoq «Arsenal»ga uzoq muddatli loyiha sifatida qaragandi. Kronke qachondir «Arsenal»ning chempionligiga erishishni niyat qilgan, ammo u boshqaruvga kelganidan beri bu sodir bo‘lgani yo‘q. Nolinchi yillarning ikkinchi yarmida doimiy ravishda klub yetakchilari sotib yuborilishiga qaramasdan, transfer bozorida faollik ko‘rsatmadi - 2006 yilda yangi stadion qurilishi munosabati bilan pulni tejash boshlangandi.

Kronkening ilk sovrini 2014 yilga to‘g‘ri keladi – o‘shanda Venger shogirdlari Angliya kubogini yutib olishdi. Keyin esa, shu sovrin yana ikki marta yutib olindi va ikki marta Angliya Superkubogi qo‘lga kiritildi. Ammo Premer Ligada «Arsenal» ikkinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarilgani yo‘q.

Shunday bo‘lsa-da, klub daromadlari 2008 yildan buyon faqat o‘sib kelmoqda. 2016/17 yilgi mavsumda klubning tushumi tarixda birinchi marta 400 million funtdan oshdi. Forbes tomonidan har yili havola qilinadigan dunyoning eng qimmat futbol klublari reytingida «Arsenal» 6-o‘ringa ko‘tarilib, 2,24 milliard funtga baholandi. Bu klubning narxi o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga o‘sganini ko‘rsatadi.

To‘g‘ri, «Arsenal»ning qarzlari bor, ammo asosiy biznes-yo‘nalishlar bo‘lmish – savdo, TV va matchdeylar bo‘yicha daromadlar to‘xtamay o‘sib bormoqda. Shu yilning fevralida Fly Emirates aviakompaniyasi klub bilan shartnomani uzaytirdi. Endi 2023/24 yilgi mavsumgacha klub libosidagi asosiy titul homiy bo‘ladigan kompaniya o‘zgarmay qoladi. Kelishuv 250 million funtga baholandi.

Bugungi «Arsenal» barqaror ravishda o‘sib borayotgan aktivdir. O‘tgan yili Usmonov Kronkening butun ulushini 1,5 milliard funtga sotib olishga uringani bejiz emas. Bu yaxshigina taklif edi, ammo amerikalik ishbilarmon ko‘nmadi. Natijada, boshqaruv tarkibi o‘zgarmadi, Usmonov hali ham klubning muhim qarorlarida ishtirok eta olmaydi. 

2017 yilda Bloomberg nashriga intervyu chog‘ida Usmonov yana bir bor klub boshqaruvini tanqid ostiga oldi. Xususan, «Arsenal»ning transfer bozorida Manchester grandlaridan ortda qolgani sanab o‘tilgandi. Hatto Usmonov yangi futbolchilar uchun o‘z shaxsiy mablag‘idan sarflashga tayyorligini aytdi, lekin direktorlar uni eshitishmadi.

Shu paytgacha Sten Kronke va uning direktorlari rossiyalik milliarderning har qanday tanqidlarini bee'tibor qoldirib keldilar. Usmonov doimo o‘zini «Arsenal»ning ashaddiy muxlisi sifatida ko‘rsatar, tabiiyki ba'zi fanatlarning quvvatlashiga ham erishgandi. Usmonov bilan klub yaxshiroq, kuchliroq bo‘lishiga ishonadiganlar yetarlicha topiladi. Ular klub boshqaruvida faqat biznesda emas, maydonda ham g‘alaba qozonishni istaydigan inson bo‘lishini istashar, lekin ularni ham birov eshitmasdi. 

Nihoyat, bu doimiy ziddiyat Kronkening joniga tegdi. 2017 yilning oktabrida u Usmonovga 525 million funt taklif qildi. Lekin Alisher Usmonov o‘z ulushini sotishni istamadi.

Ammo 2018 yilning aprelida Arsen Venger ketishi e'lon qilingach, Usmonovning ham klubdagi hayoti yakuniga yetayotganini payqash mumkin edi. Chunki Usmonov doimo Arsen Vengerning klubda qolishi tarafdori bo‘lgan va iste'fodan so‘ng, uning «Arsenal»ga nisbatan munosabati o‘zgarishini ham kutish mumkin bo‘lib qoldi.

«Bugun «Arsenal» klubi tarixidagi eng qayg‘uli kundir», – deya Vengerning iste'fosiga munosabat bildirdi rossiyalik ishbilarmon.

Bu voqeadan ikki oy o‘tmay, Alisher Usmonov o‘z aksiyalarini sotishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqaldi.

«Men klub muxlisiman va hech qachon o‘z ulushlarimni sotmayman, sababi, men bu klubni dunyoning eng yaxshi klublaridan biri deb hisoblayman» – 2012 yilda shu fikrlarni aytgan Usmonovning fikrini o‘zgartirgan jihatni payqash qiyin emas. Axir vaziyatni o‘zgartirish uchun sharoit bo‘la turib, buni amalga oshirish imkoniyatining bo‘lmasligi juda og‘ir. Usmonovning o‘zi ham, hech narsani hal qila olmaydigan, hech narsaga ta'sir ko‘rsata olmaydigan odam bo‘lishdan charchadi shekilli.

Ammo aytish kerakki, ulushni sotish oson bo‘lmaydi. Ha, sport bozori umuman olganda, o‘sib boryapti, ayniqsa ingliz futbolining o‘sish tempi juda yuqori. «Arsenal»ning uchdan biri, albatta, juda katta investitsiya. Lekin birinchidan, bu juda qimmatbaho aktiv. Agar Usmonovning o‘tgan yili 525 million funtga rozi bo‘lmaganini eslasak, yanada qimmat.

Ikkinchidan, bu hissani sotib olgan investorga ham boshqaruv a'zosi bo‘lish kafolatini bermaydi. Aksariyat xaridorlarni bu omil qaytarishi mumkin. Demak, Sten Kronkening 97 foiz aksiya sohibi bo‘lishi haqiqatga yaqinroq ko‘rinmoqda. Albatta, Usmonov Kronkega yanada qimmatroq narx aytishi, shundoq ham, u qadar iliq bo‘lmagan munosabatlar natijasida tomonlar osonlik bilan kelishuvga erishishlariga ishonish qiyin.

Yoki Usmonovning aksiyalarini sotishi haqidagi xabarlar mish-mishligicha qolishi mumkin. Balki Usmonov o‘z ulushlarini saqlagan holda, Kronkening «Arsenal» nomli o‘yinchoqdan zerikishini kutar...

Forbes.ru materiali asosida

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid