Jamiyat | 10:51 / 06.08.2018
90504
7 daqiqa o‘qiladi

«Andijon «Jahon bozori»ga «SES» borib turarmikan?..»

Ba'zi muammolar haqida bilib tursang ham yozishga istihola qilasan. Arzimagan, maydalashish zarur emas narsadek tuyuladi. Lekin aholi tomonidan tushgan murojaat uning juda dolzarb va ko‘tarib chiqish o‘rinli ekanligini ko‘rsatib beradi.   

Andijon viloyati markazi bo‘lmish Andijon shahrida to‘rtta katta bozor bor. Bular - “Dehqon bozori”, “Xolis” bozori, “Yangi bozor” (hozir buzilib, o‘rniga yangi savdo majmuasi qurilmoqda) va shahar chetidagi “Jahon bozori”.

Yuqoridagi savdo majmualarining biri faqat kiyim-kechak, ro‘zg‘or buyumlariga ixtisoslashgan bo‘lsa, yana birida faqat meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari sotiladi.

Avtomashinalardan tashqari, boshqa juda ko‘p turdagi narsalar sotiladigan, hududi haftaning payshanba va yakshanba kunlari ulkan savdo maydoniga aylanib, vodiyning barcha burchaklaridan xaridorlar lak-lak oqib keladigan eng gavjumi esa “Jahon bozori”. Maydoni ham shunga yarasha.

Kun.uz tahririyatiga Andijondan murojaat kelib tushdi. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Men vodiyning eng katta bozorlaridan biri bo‘lgan – “Andijon jahon bozori"dagi holat haqida yozmoqdaman. Bozorda ko‘p yilardan beri ishlab kelayotgan hojatxonalar umuman talabga javob bermaydi. 10-15 yil oldin qurilgan mazkur binolar allaqachon o‘z xizmatini o‘tab bo‘lgan. Savdo majmuasiga ko‘p millionlab tushum bo‘lsada, ichki, tashqi yo‘llari ta'mirtalab. Bozor o‘rtasidan o‘tgan katta ariq atrofi va ichi axlatga to‘la, negadir viloyat bozorlar uyushmasi, “bozorkom”, shahar SES (DSENM) xodimlari bu ahvolga e'tiborsiz bo‘lmoqda. “Jahon bozori”ga zamonaviy biotualetlar zarur. Iltimos, shu murojaatimni o‘rganib e'lon qilsangizlar. Shoyad bozorga kelgan xaridorlar uchun ko‘ngildagidek sharoitlar yaratilsa...”.

Haqiqatda, o‘rinli murojaat. Odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda eng zarur, eng kerakli va eng dolzarb bo‘lgan qulayliklardan biri – hojatxona va pokizalik!

Biz “Jahon bozori”da bo‘ldik va sharoit bilan tanishdik.

Bozor atrofidagi transport harakati, tashqi va ichki yo‘llar holati, majmuadagi tartib, sotuvchi va xaridorlar uchun yaratilgan sharoitlar alohida mavzu. Shuning uchun boshqa muammoli jihatlarga to‘xtalib o‘tmadik.

Bozorda hojatxonalar bor va ishlab turibdi. Biz hududning turli joylarida besh - oltita ana shunday inshootni sanadik. Hammasiga pul to‘lab kiriladi. Narx bir xil belgilangan - 500 so‘m. Faqat bir joyda kirib-chiqish ming so‘m ekan.

Endi hojatxonalar holati haqida. Deyarli barchasida ahvol chatoq. Binolar eski, ta'mirsiz. Qulayliklar yaratilmagan. Ilojsizlikdan kiriladigan joylar. Oddiy sanitariya holati ham yo‘q. Qo‘l yuvish va tahorat olish uchun bu joyga ta'bi nozik odam kirmaydi hisob. Bir so‘z bilan aytganda ularning hech qaysisi bugungi kun talabiga javob bermaydi.

O‘tgan asrning 80-yillarida o‘zbek adiblaridan biri o‘zining Amerika tomon safari haqidagi maqolasida: “U yerlarda hatto hojatxonalar ham pullik ekan!”, deb yozganida hamma yoqa ushlagan edi. Ha, unda dunyoqarashimiz o‘zgacha bo‘lgan. O‘sha pullik hojatxonalarning holati ham xizmat haqiga yarasha ekanligini keyin bildik. Hozir bizda ham hojatxonalar pullik. Lekin...

Bozorga yangi kelgan inson hojatxonalarni topa olishi qiyin. Chunki kerakli joyni ko‘rsatib turuvchi belgilar deyarli yo‘q. Bu yerga kam kelgan kishi, albatta, kimdandir uyalmasa so‘rab topadi. Mutasaddilar savdo majmuasiga ko‘pchilik foydalanishi uchun zamonaviy qulay hojatxonalar, biotualetlar qurish masalasini ko‘rib chiqishlari kerak.

Haqiqatda, bozorning teng yarmidan bo‘lib turgan, xalq “Qorasuv bozor” deb atovchi ikkinchi yarmiga o‘tish joyidagi zovur turli axlatlarga to‘lgan. Atrofga undan yoqimsiz hid tarqalib turibdi. Iflos suvdan kimlardir chelakda suv olayotganiga guvoh bo‘ldik (ishqilib, yerga sepgani olayotgan bo‘lsin...). Bozor hududida bir dona - katta darvozadan kirish joydagina oqib turgan suv tizimi kranini ko‘rdik. Unga ham turnaqator navbat. 

Biz faqat eng ko‘p xaridorlar keladigan asosiy bozorni o‘rgana oldik. Mazkur hududda bundan tashqari - ulgurji, meva-sabzovot, mebel jihozlari bilan savdo qiluvchi alohida bozorlar ham bor. Aytishlaricha, u joylarda ham ahvol haminqadar.    

Ishonavering, vodiyning aksar bozorlariga chet eldan mehmon kelsa, mana shu holatdan o‘sal bo‘lishimiz tayin.

Xulosa qilib aytish mumkinki, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, aholiga zamon bilan hamnafas holda sharoitlarni yaratish uchun jamoat joylarida pokizalikka e'tibor qaratish payti allaqachon yetib kelgan.

Ajdodlarimiz qadimdan tozalik, orastalik, pokizalikka katta e'tibor berib kelgan bo‘lsada, so‘nggi paytlarda umumiy ovqatlanish joylari, axlatxona va hojatxonalarda sanitariya holatlariga jiddiy qaramay qo‘yilgan. O‘zbekistonga kelgan turistlar ham aynan mana shu jihatga salbiy fikr bildirishmoqda.

Har bir viloyat, tuman va shaharda Davlat sanitariya epidemiologiya Markazlari ish olib boradi. Lekin samarasini ko‘rmayapmiz. Jarimalar solish kerakdir, lekin bu bilan ish bitmaydi. Joylardagi shu sohada ish olib boruvchi tadbirkorlarga qanday ish tashkil qilishni ko‘rsatib berish, jahonning yetakchi davlatlari andozalarini tatbiq qilish tizimini yaratish kerak.

Andijon viloyat bozorlar uyushmasi mutasaddilari, viloyat va shahar DSENMdan mazkur muammoli jihatga e'tibor qaratishini so‘rar edik.

Yana o‘sha maqola yakunida ko‘p takrorlanadigan gap: “Biz mazkur mavzuga yana qaytamiz..”.  

O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid