Sport | 14:49 / 07.08.2018
48232
11 daqiqa o‘qiladi

Uyal, PFL!

Jurnalistika fakultetida o‘qib, jurnalistikani qoyillatib o‘rgandim deya olmayman. Umuman ko‘pchilikda shunaqa bo‘lsa kerak. Lekin o‘sha dargoh menga ikkita o‘ta muhim narsani o‘rgatgan. Birinchisi, maqola yozganingda (ko‘rsatuv, eshittirish tayyorlaganingda), agar unda ma'lum shaxslar (yoki shaxs) haqida gap borsa, hech qachon uning shaxsiyatiga o‘tmaslik. Sen yozayotganing qanchalik salbiy xususiyatlari bo‘lmasin bu shaxsiga daxldormi, uni haqorat qilishga haqqing yo‘q. U biz urg‘u sabab jarangdor chiqqani uchun, ishlatishga odatlanib qolgan so‘zimiz — «tupoy» bo‘ladimi yoki boshqa bir shunaqa salbiy xususiyati bo‘ladimi, buni yozayotgan narsangda ochiq oydin aytishing hech qanday etikaga to‘g‘ri kelmaydi. Keyingi qo‘lingdan keladigan ish faqat uzr so‘rash bo‘lishi mumkin, lekin bu holatga tushishdan ko‘ra, uning oldini olish eng to‘g‘risi bo‘ladi. Agar yozganing o‘quvchiga yetib borsa, u o‘zi nima demoqchiliging haqida tushunib, xulosa chiqarib olaveradi. Kim yaxshi kim yomon, kim aybdor... Sening vazifang esa borini yetkazish, birovning ustidan hukm chiqarish emas. Kerak bo‘lsa, u istamasa, suratidan ham foydalanishga haqqing yo‘q. Shaxsiy daxlsizlik xullas. Jurnalistikada o‘rgangan eng muhim birinchi qoidam shu edi — insonning shaxsiy daxlsizlik huquqini hurmat qilish.

Ikkinchi o‘rganganim bu seni eshitayotgan (o‘qiyotgan, ko‘rayotgan) shaxsni hurmat qilish. Ustozlarimizdan biri aytgandi: maqola yozasanmi, ko‘rsatuv tayyorlaysanmi yoki domla bo‘lib o‘quvchilarga dars o‘tasanmi yoki biron mansabga o‘tirib, qandaydir qoidalarni yaratasanmi, farqi yo‘q. Hech qachon unutmaginki, seni eshitayotgan, kuzatayotgan, o‘qiyotgan yoki sen bergan topshiriqni bajarayotganlar ichida kamida 10tacha bo‘lsin, sendan ko‘ra aqlliroq, sendan ko‘ra o‘sha sohani, o‘sha mavzuni yaxshiroq biladiganlar bo‘ladi. Kamida 10 nafar odam bu ishni sendan yaxshiroq qila olishi mumkin bo‘ladi. Nimadir ishni bajarayotganingda mana shu tomonlarini o‘ylab ishga kirish, ortiqcha mahmadonalik qilma!

Bugun jurnalistika haqida maqola yozmoqchi emasman. Umuman tepadagi gaplarning ham bugungi mavzuga aloqasi yo‘q. Shunchaki mavzuni yozishdan oldin, bizga «tekkan kasal» — uzoqdan olib kelishga odatlanganmiz. Xullas, asosiy masalaga o‘tsak. 

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston professional futbol ligasi direktorining birinchi marta tashkil etilayotgan Superliga taqvimini o‘zgartirish niyatida klublarga yuborgan taklifi tarqaldi. Unda yozilishicha, yil boshida ishlab chiqilgan reglament «kelishilgan o‘yinlarning vujudga kelishini avj oldirayotgan» ekan. Keling, o‘sha klublarga yuborilgan gapning asosiy qismini to‘liqligicha o‘zgartirishlarsiz keltirib o‘tamiz:

«Jamoalarning deyarli bari mavsum boshidan kuchli oltilikka intilib keldi, chempionatda belgilangan «oltin ochko» qoidasi qaysidir manoda kelishilgan o‘yinlarni vujudga kelishi avj olmoqda, bu esa klublarning kelgusi faoliyatiga ta'sirini ko‘rsatishi hamda chempionat saviyasiga ta'sir etishi aniq».

Bu yerda matn hech qanday o‘zgarishlarsiz ko‘chirildi. To‘g‘ri, men ham xuddi siz kabi, gapni tushunib olish uchun shu qismini ikki-uch marta o‘qidim. Mayli bunisi asosiy masala oldida hech narsa emas, shu sababdan xatdagi orfografik, uslubiy, stilistik, grammatik xatolardan ko‘z yumamiz. Hozirgi asosiy mavzu boshqa.

Xullas siz surat holatida ko‘rib turganingiz bu xatda klublarga reglamentni musobaqa tugashiga 2 tur, ha, aynan IKKI tur (!) qolganda o‘zgartirish bo‘yicha takliflar so‘ralgan. Xo‘sh, endi savol tug‘iladi? Qaysi asosga ko‘ra, chempionatning butun boshli formati o‘zgartirilyapti? Qani bu yerda sportcha prinsiplar? Tepadagi matnga yana bir ko‘z yugurtirib asos izlaymiz: kelishilgan o‘yinlar vujudga kelishi avj olayotgan ekan. Iya, zo‘r-ku? Qanaqa kelishilgan o‘yinlar? PFL yangi mavsumdan boshlab, hamma ishni puxta qilgan, talablar qattiq bo‘lgan va kelishilgan o‘yinlarga umuman yo‘l qo‘yilmasligi aytilgandiku? Qaysi o‘yin kelishilibdi? Biz ham eshitaylik, bilaylik. Choralari bilan maqtangan tashkilotning bu boradagi ko‘rgan choralaridan voqif bo‘laylik. Bizga umuman kelishilgan o‘yinlar qolmadi, deyishmaganmidi? Bor bo‘lsa, o‘sha klublar, aloqadorlar jazolansin. Chetlatilsin, jarima to‘lasin, reglamentga nima deysan?

Bu savolga ham javob yo‘q, hozircha, mayli. Ko‘z yumamiz. Lekin bu boshqa bir savolni keltirib chiqaryaptida. Bizga noma'lum bo‘lgan, qaysi hujjatning qaysi qismida, agar kelishilgan o‘yinlar aniqlangan bo‘lsa, butunlay chempionat formati o‘zgartirilishi belgilab qo‘yilgan? Qaysi o‘zini hurmat qilgan mamlakat futbol federatsiyasida shunaqasini eshitgansiz? Yoki biz parallel boshqa dunyoda yashayapmizmi? Yo‘q, PFL rahbariyati chiqarayotgan har bir qoidasida «osmondan olmayotgani, OFK va FIFA talablari asosida ishlayotgani, hattoki tuzilayotgan shartnomalar ham shu kabi yuqori tashkilot hujjatlaridan andoza olinganini» aytib keladi? FIFA yoki OFK hujjatlarida kelishilgan o‘yin aniqlansa, chempionat formatini mavsum tugayotganda tap etib, almashtirish kerak degan joyi bormikan? Qani, ko‘rsatishsin, ko‘raylik biz ham.

Xo‘p, PFL aniq oshkor qilmaganidan keyin o‘zimiz tahlil qilib ko‘ramiz. Chempionatimiz saviyasiga ta'sir qiladigan qanday o‘yinlar bo‘lishi mumkin, qaysi o‘yin kelishilishi mumkin? 21-tur taqvimiga qaraymiz. Amaldagi reglament qoidasiga binoan kuchli oltilikka da'vogar «Qo‘qon-1912» chempionlik uchun kurashayotgan «Paxtakor»ni qabul qiladi. Qo‘qonliklar kuchli oltilikda qolishi uchun, so‘nggi ikki o‘yinni ham yutishi kerak. «Paxtakor» esa «oltin ochko» qoidalari sabab, uchinchi davrada yaxshi imkoniyatini saqlab qolishi uchun «Qo‘qon»ni yutishi kerak, shart. Dahshatku bu. Haqiqiy intriga, biz kutgan haqiqiy futbol tomoshasi, haqiqiy kurash kechadigan super to‘qnashuvku bu, axir. Biz mavsum boshida orzu qilgan o‘yinlar shu emasmidi? Chempionatda «janglar»ni ko‘paytirish orqali terma jamoamizni ham darajasini ko‘tarish emasmidi vazifamiz? Ektor Kuperga nima deymiz? Nimani ko‘rsatamiz unga? Uni aldab, aslida o‘zimizni aldamayapmizmi?

Uzoq davom etadigan chempionatlar so‘ngida hech qanday o‘ringa da'vogar bo‘lmaydigan jamoalarning paydo bo‘lishi tabiiy holat. Biz buni o‘rtamiyonalar deb atashga o‘rganganmiz. Ular quyi ligaga ham tushib ketmaydi, yoki yuqoriga ham ko‘tarilmaydi. Nima qilish kerak, butun boshli liganing hamma jamoasi chempionlik uchun kurasha olmaydiku, to‘g‘rimi? Bunaqasi Angliyada ham bor. O‘sha «Vest Hem»dan tortib «Bornmut»gacha shunaqa vaziyatga tushadi. So‘nggi turlarda «navbatchi» o‘yinlar o‘tkazadi. Lekin hech kim ularni kelishilgan o‘yinlarda ayblamaydi. Ularga qandaydir talab ham qo‘ymaydi. Chunki ular o‘z oldiga qo‘ygan minimum maqsadni uddalab bo‘lgan, nima qila olasiz?

Yana bir gap. Eshitishimizga qaraganda, PFL tomonidan yuborilgan xat hamma klublarga ham jo‘natilmagan emish. Masalan, chempionlik uchun kurashayotgan «Lokomotiv» vakillari bu borada hech qanday xat olishmagan. Qiziq, reglamentni o‘zgartirish bo‘yicha go‘yoki, hammadan fikr so‘rayotgandek bo‘lgan PFL nega unda hammani teng ko‘rib, fikr so‘ramayapti? Yoki bu yerda aslida hech qayerda yozilmayotgan, muxlislar shubha qilayotgan boshqa sabab bormi? Bugungi muxlisni aldab bo‘larkanmi?.. Javobi yo‘q savollar juda ko‘p.

Mazkur xat tarmoqlarda tarqalgach, maqolani yozish jarayonida yana bir xabarni ko‘rib qoldim. Emishki, «oltin ochko» qolarmush. Faqat boshqacha formatda o‘tkazilarmush. Yana bir xabarga ko‘ra, chempionat uch davrali qilinarmush. Bu gaplar qanchalik rost bilmadim, lekin PFL bu shov-shuv ko‘tarilganidan so‘ng «oltin ochkolar» bekor bo‘lishigina norozilikka sabab bo‘lyapti, degan ma'noda o‘zgarishlarni boshqacharoq qilishga qaror qilishgan ko‘rinadi. Bunisi hozircha noma'lum. Lekin bir narsa aniqki, eng asosiy e'tiroz bu butun boshli reglamentning, formatning ikki tur qolganda o‘zgartirib yuborilishiga nisbatan bo‘lmoqda. O‘zini hurmat qilgan har qanday muxlis, soliq to‘lovchi fuqaro, klub, bunga e'tiroz bildirishga, PFL oldiga konkret savol qo‘yishga haqli. O‘zi shundoq ham bo‘yalaverib, qizarib ketgan taqvimi bor, superliganing butun boshli reglamentini xohlagan paytda o‘zgartirib tashlash huquqi esa, o‘sha oddiy muxlisdan boshlab barcha to‘laydigan soliq evaziga kun ko‘radigan hech bir futbol tashkilotiga berilmasligi kerak.

PFLning hozirgi harakatlari esa, chetdan qaraganda, sharmandalikdan o‘zga narsa emas. Uyat sizlarga (Uzr).

Azim Abdusalomov

Mavzuga oid