Sport | 14:25 / 09.08.2018
18074
9 daqiqa o‘qiladi

Ravshan Haydarov: «Saviyali hujumchilarni izlash bilan ovoramiz, ular juda kam»

Foto: O‘FA

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo o‘yinlariga jo‘nab ketish oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berdi.

- Tarkibda ikki nafar darvozabon bor. Har xil vaziyat bo‘lishi mumkin. Fors-major holati ehtimoli ham hisobga olinganmi?
- Afsuski, Osiyo o‘yinlari reglamentiga muvofiq, zayavkaga 20 nafar futbolchini kiritish mumkin. Albatta, buning o‘ziga yarasha noqulayliklari bor. Biroq bu holat faqat biz bilan ro‘y berayotgani yo‘q. O‘rganib chiqdim, ko‘pchilik jamoalar ikki darvozabon bilan boradi. Fors-major holatlariga tayyormiz. Bu narsa sir bo‘lib qolsin, kutilmagan vaziyat yuzaga kelsa, bunga variant tayyorlab qo‘yganmiz.

- Aziz G‘aniyevning jarohati rejalaringizga qanchalik ta'sir ko‘rsatdi?
- 6 oylik tayyorgarlik jarayonida har bir pozitsiyada ikki nafardan futbolchi bo‘lishini istadik. Aziz G‘aniyevning jamoada o‘ziga yarasha o‘ringa ega. Bu futbol, jarohat uning bir qismi. Afsuski, iyul oyidagi oxirgi o‘yinlarimizda G‘aniyev jarohat oldi. Jarohati jiddiy emas, deya umid qilgandik. Afsuski, unday bo‘lmadi.

Albatta, biz doim yo‘qotishlarga tayyor turishimiz kerak. Jarohat olgan futbolchining o‘rniga boshqa nomzodlarni tayyorlab boramiz. O‘ylaymanki, qolgan o‘yinchilar Azizning yo‘qligini bildirmaydi. Azizga sog‘lik tilab qolamiz.

- Yaqinda Vetnamda bo‘lgan turnirda aslida asosiy tarkib qatnashishi kerak bo‘lgan ekan. Nima uchun rejalar o‘zgardi?
- Superliga taqvimining tig‘izligi sabab shunday yo‘l tutdik. Futbolchidan iyulda Vetnamga, avgustda Indoneziyaga jo‘nab ketishsa, ularning klublari uchun katta yo‘qotish bo‘lgan bo‘lardi. Shuning uchun ham rejamizga o‘zgartirish kiritishga majbur bo‘ldik.

- Terma jamoaga jalb etilgan 23 yoshdan katta futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Uch nafar o‘rinning har biriga ikki nafardan nomzod futbolchini jalb qilish niyatida edik. Jaloliddin Masharipov, Aziz Turg‘unboyev, Ikrom Aliboyev – bu futbolchilar o‘z pozitsiyalarini kuchaytira oladigan o‘yinchilar. Osiyo chempionatidan keyin legionerlar paydo bo‘lgandi – Doston Hamdamov, misol uchun. Uning kelishi katta so‘roq ostida edi. Ularning o‘rnini to‘ldirishni o‘ylab, ish olib borgandim.

Yoshlar jamoasiga yoshi ancha katta futbolchini taklif qilishning o‘ziga yarasha minus taraflari bor. Terma jamoa tarixida bunday holatlar bo‘lgan. Futbolchilar: «Mana, Odil akaga beraylik, o‘zlari o‘ynasinlar», deb mas'uliyatni o‘zidan soqit qilib yuborish hollari uchragan. Masalaning shu tomonini o‘yladim. Bu yigitlar qolganlar bilan deyarli tengdosh, oralarida 1-2 yosh farq bor, xolos. Ko‘p musobaqalarda birga o‘ynashgan. Shuning uchun ham ularning jamoaga qo‘shilib ketishi oson bo‘ldi.

- 23 yoshdan katta futbolchilarning uchalasi ham yarimhimoyachilar. Qolgan chiziqlar, ayniqsa hujum chizig‘idan ko‘nglingiz to‘lib, Osiyo chempionlariga topshiryapsizmi?
- Albatta, hujum chizig‘ini ham kuchaytirishimiz mumkin edi. Biroq o‘zimizning futbolchilardan Bobur Abduxoliqov, Zabihillo O‘rinboyev, Andrey Sidorovga ishonch bildirdik.

Bundan tashqari, Masharipov, Turg‘unboyev, Hamdamovlar yarimhimoyachi bo‘lishsa-da, hujumda ham faol o‘ynashadi. Javohir Siddiqov ham shu jumladan. Hujumni tashkil qilishda ham, unga nuqta qo‘yishda ham bu futbolchilar yordam berishadi. Hujum chizig‘ida muammo bo‘lmaydi, deb umid qilaman.

Himoyaga kelsak, ruslarda «Ot dobra dobra ne ishchut», deyishadi. Ashurmatov, Komilov, Tursunov, Otaxonov – ular hozir Superligadagi eng kuchli himoyachilar. Himoya chizig‘idan ko‘nglim to‘q.

- Jamoa sardori kim bo‘ladi?
-  Zabihillo O‘rinboyev, Odiljon Hamrobekov va Doston Tursunovlardan biri. Mana, ularning safiga safiga Jaloliddin Masharipov ham qo‘shildi. Sardorlik bog‘ichini o‘zgartirish u qadar jiddiy masala emas. Murabbiylar bilan kelishib, maydondagi o‘yinchilardan birini sardor etib tayinlaymiz.

- Hujum chizig‘ida yana o‘sha uchlik. Bobur Abduxoliqov –«Nasaf»da asosiy tarkib o‘yinchisi, lekin Sidorov har transferlar oynasida jamoasini o‘zgartiradi. Oliy liganing hech bir jamoasida ko‘nikib o‘ynab ketmayapti. Zabihillo O‘rinboyev ham mana necha yildirki oliy ligada o‘ynayotgan bo‘lsa-da, juda kam gol uradi. To‘g‘ri, Zabihillo O‘rinboyev – jamoa sardori sifatida chempion bo‘ldi, Sidorov ham kerakli golni urdi. Biroq Germaniyada ham Gyottse JChdagi tarkibga kirmadi, Portugaliyada zaxiradan tushib oltin golni kiritgan Ederni Rossiyaga olib ketishmadi. Bu futbolchilarni hujumchi yo‘qligidan majburan olyapsizmi?
- Bu yoshda hujumchilarimiz juda kam. Qidirish bilan ovoramiz. Yoshlar termasining orasidan ham izlab ko‘rdik. Lekin hali bizning talabga javob beradigan o‘yinchilarni ko‘rmayapman. Yoshi katta futbolchilardan olishimiz mumkin edi, biroq biz shu uchlikka ishonch bildirdik. Xudo xohlasa, ochilib ketishadi.

- Osiyo chempionatida jamoa faqat hujumkor o‘yin ko‘rsatgan edi. Hatto 2:0 hisobida oldinda borayotgan bo‘lsak-da, hujum qilishdan to‘xtamagandik. Bu safargi tarkibimizda yoshi katta futbolchilardan Ikrom Aliboyev, Jaloliddin Masharipov, Azizbek Turg‘unboyev kabi o‘yinchilar ham bor. Ular ham hujumkor o‘yinchilar. Musobaqada hujumkor va chiroyli o‘yin ko‘rsatishga va'da bera olasizmi?
- Men bir narsaga – o‘yinimizning balansiga va'da beraman. Faqat hujumda o‘ynaymiz, faqat himoyalanamiz yoki faqat qarshi hujumlarga umid qilamiz, deb aytish noo‘rin. Bu juda ko‘p faktorlarga bog‘liq. Hamma omillarni hisobga olib, ish tutamiz.

Jamoamiz har xil uslublarda o‘ynashga qodir. Xitoyda ob-havo boshqacha edi. Indoneziyada esa issiq, namlik bo‘ladi. Bunday sharoitda o‘yinni qanday tashkil qilish haqida o‘yladik. Gollar ko‘proq tezkor qarshi hujumlarda uriladi. Standart vaziyatlarga ko‘proq urg‘u beryapmiz.

Albatta, hujum uyushtirmasdan, gol urib bo‘lmaydi. Men jamoada hujum bilan himoya o‘rtasidagi balansni ko‘rgim kelyapti. Ya'ni himoyadan tezkorlik bilan hujumga o‘tishimiz, hujumda to‘p yo‘qotilganda himoyaga tez qaytishimiz kerak. Mana shu balans aniq bo‘lishi kerak.

- Odil Hamrobekovga: Qishda Osiyo chempionati bo‘ldi. Keyin OChL, so‘ng Superliga o‘yinlari boshlandi. Mana endi jamoa yana Osiyo o‘yinlariga yo‘l olmoqda. Tanaffussiz o‘yinlar jamoaga ta'sir qilmaydimi?
- (Odilbek Hamrobekov) Professional futbolchi o‘zini har bir o‘yinga tayyorlay bilishi kerak. Bu – bizning kasbimiz. Uni sevib, shu kasbni tanladikmi, klubda ham, terma jamoada ham borimizni berib, muxlislarni xursand qilishimiz kerak.

Mashg‘ulotlarda ham murabbiylarimiz aytishadi. Inson o‘z organizmini o‘zi hammadan ko‘proq biladi. Toliqqan paytlarimizda dam berishdi. Shifokorlarimiz kerakli muolajalarni o‘tkazishdi. Oldimizga qo‘ygan maqsadimizga erishishimizga bu narsa to‘siq yoki bahona bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston Qatar, Bangladesh va Tailand terma jamoalari bilan bir guruhdan o‘rin olgan. Ilk uchrashuv 14 avgust kuni Bangladesh termasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bugun, soat 21:00da Indoneziya tomon yo‘lga chiqadi.

Mavzuga oid