O‘zbekiston | 20:08 / 10.08.2018
3828
2 daqiqa o‘qiladi

NNT faoliyatini adliya organlari tomonidan o‘rganish 30 kundan oshmasligi kerak

Foto: iStock

Hukumat qarori bilan Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini adliya organlari tomonidan monitoring qilish va o‘rganish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Nizomga muvofiq adliya organlari nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) tomonidan qonun hujjatlariga, ustav faoliyatiga, ta'sis hujjatlariga rioya etilishi, ularga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa masalalarni o‘rganadi.

O‘rganishlar adliya organi rahbarining buyrug‘iga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur buyruq o‘rganish o‘tkazilishidan kamida o‘n kun oldin qabul qilinadi va bu haqda faoliyati o‘rganilishi rejalashtirilgan NNT rahbari yozma ravishda xabardor qilinadi.

O‘rganish muddati 30 kundan oshmasligi lozim. 

O‘rganish natijalariga ko‘ra 5 ish kuni ichida belgilangan tartibda ta'sir choralari ko‘riladi. 

Xususan, taqdimnomalar kiritish, mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish, moddiy zararni qoplash bo‘yicha yuqori turuvchi organ yoki sudga murojaat qilish va h.k.

Nizomda belgilanishicha, o‘rganishlarning to‘liq xolisona o‘tkazilishi uchun o‘rganish o‘tkazgan adliya organining mas'ul xodimi shaxsan javobgar hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid