Jamiyat | 07:58 / 10.08.2018
59536
3 daqiqa o‘qiladi

Video: Abituriyentlarga yordam bergan «bunker» fosh etildi

Oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlarining shaffofligini ta'minlash, ta'limdagi korrupsiya va poraxo‘rlikning oldini olishga astoydil kirishilganiga qaramay, “o‘qishga kiritib qo‘yaman, testni hal qilib beraman”, degan va'dalarni berib, shu orqali mo‘may pul ishlab olish ilinjidagi ucharlar hali-hanuz uchrab turibdi. 

Samarqand viloyatida ham aynan shunday maqsadda “Bunker” tashkil qilgan firibgarlar guruhi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi axborot-tahlil multimedia markazi.

Ma'lum bo‘lishicha, guruh a'zolaridan biri Ma'ruf Nurmurodov navbatdagi abituriyentni Samarqand Arxitektura va qurilish institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming dollarni olayotgan vaqtida Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. 

Shundan so‘ng, tezkor o‘tkazilgan tadbir davomida firibgarlarning ini Samarqand shahar 4-kichik tuman 83-uy 65-xonadonda ekanligi aniqlandi.

Qayd etilishicha, Samarqand chet tillari instituti talabasi Abror Akramjonov maxsus guruh tuzadi. Guruhning har bir a'zosining aniq vazifalari belgilab beriladi - Uchqun Avezov test savollarini yechib beradigan yigit-qizlarni topish bilan shug‘ullansa, boshqa a'zolar - Ma'ruf Nurmurodov va Mirjamol Ergashevlar puli ko‘p abituriyentlarni izlash bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Aniqlanishicha, jinoiy guruh o‘z faoliyatida turli usullardan foydalanib kelgan - imtihonga abituriyentga o‘xshash, bilimi bor, deb hisoblangan shaxs topilgan va u kirib test savollarini yechib bergan. Agarda buning iloji bo‘lmasa, unda xufiyona aloqa vositasidan foydalanilgan. 

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Ma'ruf Nurmurodov ijaraga olib yashayotgan xonadondan 97ta pasport nusxasi va fotosuratlar, 13ta abituriyentning qayd etish varaqasi, hujjatlarni topshirganlik haqida tilxatlar, 23 dona fuqarolik pasporti va abituriyentlar ruxsatnomalarining asl nusxalari topilgan. Abror Akramjonov yashayotgan uy ko‘zdan kechirilganda esa, 14ta pasport nusxasi va fotosuratlar, Davlat test markazi ruxsatnomalari va boshqa hujjatlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

2 yillik faoliyati davomida guruh qanchadan-qancha qing‘irliklar qilgani va uning to‘riga kimlar ilingani-yu, chuv tushgani haqidagi ma'lumotlar endi tergov harakatlari davomida aniqlanadi. 

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Akramjonov, Nurmurodov, Ergashev, Avezov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari («bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirish orqali ancha miqdorda firibgarlik qilish»), 28-, 211-moddasi 1-qismi («jinoyatda ishtirok etish»), («pora berish») bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid