10 iyun kuni Andijon viloyati Marhamat tuman tibbiyot birlashmasining to‘rt nafar texnik xodimi kanalizatsiya bunkerida vafot etdi. Kun.uz muxbiri shifoxona xodimlari va mansabdorlari hamda qurbonlarning yaqinlari bilan suhbatlashib, voqea tafsilotlarini surishtirdi.

Avvaliga Marhamat tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib, voqea joyini ko‘zdan kechirdik. Chiqindi suvlari to‘planadigan bunkerning og‘zi kesib tashlangan, atrofini maxsus to‘siqlar bilan o‘rashayotgan ekan.

Baxtsiz hodisada vafot etgan Lochin Qosimov, Bobur Matholiqov, Qobiljon Mamajonov va Ikrom Nishonovlar

Muassasa rahbari o‘rinbosarlari tasvirga olayotganimizni ko‘rib nima sababdan kelganimizni so‘rashdi-yu, holat yuzasidan izoh so‘raganimizda ketib qolishdi. Birozdan keyin tuman hokimining birinchi o‘rinbosari ham voqea joyiga yetib keldi. U ham izoh berishni xohlamadi.

Muassasa xodimlarining aytishicha, bunkerga eng avval santexnik Ikrom Nishonov tushgan, u zaharlangandan so‘ng yordam bermoqchi bo‘lib bog‘bon Lochin Qosimov, kanalizatsiya tozalovchi mashina haydovchisi Qobiljon Mamajonov va elektrik Bobur Matxoliqov tushishgan.

Guvohlar favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hodisa joyiga dastlab asbob-uskunalarsiz kelishgani, shu sabab hali joni uzilmagan, ichkaridan yordam so‘rab baqirayotgan xodimlarga yordam bera olishmaganini aytmoqda.

Voqea guvohi bo‘lgan hamshira Zarnigor Rahimova

“FVB xodimlari kelishgan paytda bunker ichiga tushgan 4 xodimning kamida 2 nafari tirik edi. Yordam beringlar deb baqirganlarini aniq eshitdik. O‘sha paytda FVB xodimlarining qo‘lida biror bir moslama yo‘q edi.

Ular “qo‘limizda maxsus uskuna yo‘q, keyin bizga rahbarimiz ruxsat bersagina ishga kirishamiz”, deb turishdi. Atrofda shuncha odam to‘planib, to ularning joni uzilguncha qo‘llaridan hech narsa kelmay turaverishdi. Eng dahshati shu edi.