O‘zbekiston | 12:29 / 13.08.2018
74085
2 daqiqa o‘qiladi

IIV: fuqarolarda ikkita pasport bo‘lmaydi

Foto: KUN.UZ

ID-kartalar haqiqiy amaldagi biometrik pasportlarni almashtiradi, stikerlar belgilangan muddatgacha amal qiladi.

Bu haqda «Yoshlar» telekanaliga bergan intervyusida IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i Bahodir Usmonov ma'lum qildi.

Uning ta'kidlashicha, 2018 yilning 1 noyabridan boshlab ID-kartani joriy etish jarayoni Toshkentda boshlanadi. Agar poytaxtdagi natijalar ijobiy va samarali bo‘lsa, tegishli organlar butun mamlakat bo‘ylab kartani joriy etishni boshlaydilar.

«ID-karta amaldagi biometrik pasport o‘rniga joriy etiladi. Bir vaqtning o‘zida fuqaro pasport va ID-kartaga ega bo‘la olmaydi», - deydi Bahodir Usmonov. 

Shu bilan birga, 2021 yilning 1 yanvarigacha fuqarolar vizasiz mamlakatlarga (masalan, Rossiya Federatsiyasi - tah.) amaldagi biometrik pasport bilan safar qilish huquqiga ega bo‘ladi.

2019 yil 1 yanvarga qadar berilgan stikerlar unda ko‘rsatilgan muddati tugaguncha amal qiladi.

Misol uchun, 2018 yil 23 noyabr kuni fuqaro stiker oldi. Stiker 2 yilga berilishi sababli, 2021 yil 23 noyabrga qadar undan foydalanish mumkin.

E'tibor bering, hujjat loyihasida bu jihatlar ko‘rsatilmagan. Hujjatda amaldagi biometrik pasportlarning bekor qilinishi yoki ID-kartalarga almashtirilishi, shuningdek, stikerlarning amal qilish muddati haqida so‘z yuritilmagan.

Ta'kidlanishicha, ID-kartada har bir fuqaro uchun yagona identifikatsiya raqami va uning shaxsiy ma'lumotlari bo‘ladi. Undan davlat xizmatlarini olish paytida shaxsni aniqlash uchun foydalanishadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qaror loyihasi hali ham muhokamada. U o‘zgarishi, takomillashtirilishi yoki rad etilishi mumkin.

Avvalroq, IIV xorijga chiqish pasporti loyihasiga «millati» ustunini qo‘shmagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid