O‘zbekiston | 23:39 / 16.08.2018
26738
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston keksalarni eng ardoqlovchi davlat sifatida e'tirof etildi

Keksa yoshli kishilarga hurmat darajasini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasi O‘zbekiston va Vengriya qariyalarni eng e'zozlovchi mamlakatlar orasida yetakchilik qilayotganini ko‘rsatdi. AgeWell nashri shu haqidagi xabari bilan bo‘lishdi

Foto: Marketeers

Orb Media keksalarga bo‘lgan hurmat darajasini aniqlash uchun 101 mamlakatning 150 ming kishisi ma'lumotlarini to‘pladi. Keksa yoshli kishilarga hurmat darajasi bo‘yicha bu mamlakatlar orasida O‘zbekiston va Vengriya yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Turkiya, Ruminiya, Qozog‘iston va Pokiston mamlakatlari kelgan. 

Qariyalarga bo‘lgan hurmat darajasi bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlarni qayd etgan davlatlar - Ukraina, Albaniya va Yaponiya. 

Ilmiy tadqiqotlar va global ma'lumotlar insonlarning keksalikni qanday qabul qilishi va qanchalik keksayishi  o‘rtasida bog‘liqlik borligini tasdiqlamoqda. Keksalik davriga ijobiy munosabatda bo‘lgan kishilarning uzoq umr ko‘rish ehtimoli salbiy fikrlovchilarga nisabatan yuqoriroq ekan. Shu bilan birga, keksalikka salbiy munosabatda bo‘lgan kishilarda yurak xuruji xavfi yuqori bo‘lib, o‘lim holatlari ertaroq qayd etilar ekan. 

Shunisi e'tiborga loyiqki, keksalarga hurmat darajasi past bo‘lgan mamlakatlarda psixik va jismoniy salomatlik yomonlashuvi xavfi yuqori ekan. 

Bugunga kelib, dunyo aholisining 8,3 foizini keksa yoshli kishilar tashkil qiladi. 2050 yilga borib, bu ko‘rsatkich 15,8 foizni tashkil qilishi kutilmoqda. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahlilining  ko‘rsatishicha, so‘roq qilingan 57 mamlakatdagi qariyalarning 60 foizi keksalarga hurmatning past darajada ekanligini ma'lum qilgan. Bunday mamlakatlarda keksa yoshdagilar ko‘pincha ishga yaroqsiz hisoblanib, jamiyat va oilalar uchun ortiqcha yuk sifatida qaralishi qayd etilgan. Keksa yoshlilarning bilimi, donoligi va tajribaliligi esa ko‘p mamlakatlarda tan olinmaydi.

Ba'zi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, yoshlar va keksalar o‘rtasida ijobiy munosabatlarning o‘rnatilishi bu yoshning salbiy omillarini yo‘qqa chiqarar ekan. 

Mavzuga oid