Jahon | 07:43 / 22.08.2018
7860
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuelada kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Foto: Federico Parra/AFP/Getty Images

Venesuela shimolidagi Sukre shtatida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Yevropa-O‘rta yer dengizi seysmologiya markazi (EMSC) ma'lum qildi. 

Yer silkinishlari 21 avgust UTC vaqti bilan soat 21.31da qayd qilingan. 

Markaz dastlab zilzila magnitudasini 7,3 qilib bergan, keyinroq esa 7,0 gacha pasaytirgan. Biroq AQSh geologik xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, zilzila magnitudasi 7,3 bo‘lgan.

Zilzila o‘chog‘i ham turlicha ko‘rsatilgan: dastlab 10 km, keyinroq esa 113 km chuqurlikda bo‘lgani ma'lum qilingan.

Zilzila butun mamlakat bo‘ylab, jumladan poytaxt Karakasda sezilgan. Binolar, avtoturagohdagi mashinalar tebrangan. Guvohlar bu holat videolari bilan ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishishgan.

Videolardan ko‘rinishicha, yer silkinishlar bir necha o‘n soniya davom etgan. Ko‘plab odamlar ko‘chalarga chiqib olishgan. Zilzila oqibatida uylarning devorlarida katta yoriqlar paydo bo‘lib, qisman qulagan. Jabrlanganlar borligi haqida ma'lumot berilmagan.

Venesuela ichki ishlar vaziri Nestor Luis Reverol odamlarni tinchlik saqlashga chaqirgan.

Reverolning ma'lum qilishicha, Karakasdagi 200 metrlik, qurib bitkazilmagan “Dovud minorasi” deb ataluvchi binoning oxirgi 5 qavati zilziladan so‘ng 25 foizga yonga og‘ib qolgan. 

“Biz Dovud minorasi eski bino va yuqori qavatlarida yoriqlar paydo bo‘lgani sababli uning qulashiga tayyorlanmoqdamiz. U har qanday harakatdan qulashi mumkin”, deb aytgan Karakasning fuqarolik mudofaasi rahbari Libertador Ernana Mateo.

Ma'lum qilinishicha, bino qurilishi 1990 yilda boshlangan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid