Jamiyat | 18:20 / 23.08.2018
19959
6 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda 8 yildan beri suvga botgan ko‘p qavatli uylar

Har bir jabhada inson manfaatlari, uning hayot tarzi va farovonligi ustuvor omil ekanligi bong urilmoqda. Amalda buning isboti qay darajada?

Navbatdagi murojaat sabab Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida bo‘lib qaytdik. Chirchiq shahri, Sharof Rashidov ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi kishilar kommunal xizmat bilan bog‘liq muammolar yuzasidan Kun.uz saytiga murojaat qilishga majbur bo‘lishgan.

Qiziq tomoni ushbu insonlar bilan uchrashib, muammo mavjud hududga ko‘z tashlaganimizda katta muammo yo‘qdek tuyuldi. Ammo, bu uylarning yetakchilari (domkom) ko‘rsatgan holatlarni ko‘rib yoqamizni ushladik. Quyida ular tomonidan keltirilgan haqli e'tirozlarni sanab o‘tamiz.

Birinchi masala. Bu yerdagi sanitariya-gigiyena holati talab darajasida emas edi. Qayoqqa qaramang chiqindi, atrof tashlandiq. O‘z-o‘zidan tabiiy savol tug‘iladi: bu yerning ham o‘z egasi bormi o‘zi?  

Anqiyotgan hidni esa biror texnologiya bilan o‘lchab bo‘lsa edi, eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan bo‘lar edi. Aholi bilan suhbat lozimligi sabab bazo‘r toqat qildik. Xayolimizda bu yerni tezroq tark etish edi.

Eng yomon tomoni, bu tashlandiq hududlarda nafaqat yoshi kattalar, balki yosh bolalar ham o‘ynab, yugurib yelib yurgani edi. Hayotni boricha ko‘radigan bu murg‘ak go‘daklar nazdida borliq aslida shundaydek go‘yo. Axir ular bu yerda astma, tuberkulyoz, diareya, turli teri-tanosil kasalliklarini yuqtirish mumkinligini qayoqdan bilsin.

Bu manzara shu hududda joylashgan bolalar bog‘chasi oldida ekani ayniqsa achinarli holat. Masalaga oydinlik kiritish uchun ushbu bog‘chaga kirdik. Lekin bog‘cha mutasaddilaridan holat haqida so‘raganimizda, «Bizda hammasi yaxshi, kamchiliklar yo‘q» deya suhbatdan qochishdi. To‘g‘rida, ularning oilasi bor, ro‘zg‘ori bor. Ishdan haydalishni kim ham xohlardi?! 

Keyingi masala, ushbu turarjoylarning yerto‘lalarida to‘plangan suvlar edi. Bu joyda yashovchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu suvlar yillar davomida to‘planib kelgan va bu masala haligacha o‘z yechimini topmagan. Uylarning yuqori qismidagi yoriqlar ham xavf yaqin ekanini ko‘rsatib turibdi. 

To‘plangan suvni o‘lchab ko‘rish uchun bir muxbirimiz tushib ham ko‘rmoqchi bo‘ldi. Lekin, suv sathi biz o‘ylagandek sayoz emas ekan. 

Shundan so‘ng, bu holatga yechim topish uchun Chirchiq shahar hokimiyatiga yo‘l oldik. Bu yerda bizni «Bino-Chirchiq» assotsiatsiyasi rahbari Abdusalimov Abdug‘ani aka kutib oldi. 

«Bu hududda suv oldindan bor. Nima bo‘pti? Suvni yo‘qotish uchun bizga nasos kerak. Nasos uchun mablag‘ kerak», deya ta'kidladi assotsiatsiya rahbari.

Mablag‘larni shakllantirish mexanizmi ishlab chiqilganmaganmi deya bergan savolimizga quyidagicha javob oldik: «Mablag‘lar uchun, umuman Chirchiq shahrining obodligi uchun dastur ishlab chiqilgan. Bu hudud dasturda alohida keltirilgan. Mablag‘ni bizga kredit asosida banklar berishi kerak edi. Banklardan esa darak yo‘q. Kredit uchun kafil kerak».

Bu holatda tabiiy savol tug‘iladi: Kredit to‘liq bu uylarni rekonstruksiya va ta'mirlash uchun ekan. Muddat esa 2021 yilgacha deb belgilangan. Ammo, bu uy qulash arafasida bo‘lsa, bunday ishlar tezroq hal etilmaydimi?

Shundan so‘ng, Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari Husan Ashurov kelib qoldi. Hokim muovinining aytishicha, u bu mansabga kelganiga ko‘p bo‘lmagan. U bu masalani hal etishga buyruq berdi.

Yaqin kunlarda bu masala vaqtincha hal bo‘lar, ammo bu suvlar, chiqindilar ma'lum vaqt o‘tgandan so‘ng, yana yuzaga chiqaveradiku? Muammoning tub ildiziga yetib borib hal etilishi masalasi ochiqligicha qolmoqda. 

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24 aprel 2017 yilda aynan 2017 — 2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qarori qabul qilingan. Ushbu qaror sharhi 6-so‘zboshida keltirishicha, ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda joylardagi ijro hokimiyati organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rtasida kompleks yondashuv hamda o‘zaro hamkorlik mexanizmi shakllanmaganini qayd etish zarur.

Ushbu turarjoy va boshqa ko‘p qavatli uy-joylarda kuzatilayotgan muammo tez orada hal etilishiga umid qilib qolamiz.

Mavzuga oid