Sport | 18:50 / 25.08.2018
20767
4 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. Yettinchi kunda yagona medal, O‘zbekiston hamon kuchli o‘nlikda

Foto: Abdulloh Fayzullayev

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining 25 avgust kunidan o‘rin olgan musobaqalarida o‘zbekistonlik 13 nafar sportchi yakkalik va jamoa holda 5 sport turi bo‘yicha bahs olib borishdi.

Bugungi bahslarda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bitta medal qo‘shib qo‘yildi. Denis Istomin erkaklar o‘rtasidagi bahslarda oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Yengil atletika

Marafon bahslarida ishtirok etgan Andrey Petrov 2:26:52 natija bilan marraga to‘qqizinchi bo‘lib yetib bordi. U birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan yaponiyalik Xiroto Inouedan 8,30 daqiqa ortda qoldi.

Balandlikka sakrash bo‘yicha saralash bahslarida ishtirok etgan Dmitriy Melsitov 2,15 m natija ko‘rsatdi va finalga yo‘l oldi. Medallar uchun bahs 27 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

100 metr masofaga yugurishda 1-bosqichda ishtirok etgan Nigina Sharipova 11,59 daqiqa natija ko‘rsatib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Ertaga yarim final va final musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

Sitora Hamidova 10 ming metr masofaga yugurish bahslarida ishtirok etib, 33,8 daqiqa bilan sakkizinchi o‘rinni egalladi.

Golf

O‘zbekiston golf jamoasi uchinchi bosqichda ham avvalgi bosqichlarda bo‘lgani kabi 20 jamoa orasida 19-o‘rinni egalladi.

Yakkalik bahslarida ham O‘zbekiston vakillari quyi o‘rinlarni band etishdi: Li Yevgeniy (73), Ten Roman (75), Kanatbek Kurbanaliyev (77) va Sergey Chen (83). 

Karate

Aybibi Ahmedova ilk jangida eronlik Hamideh Abbasaliga 0:7 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Jiu-jitsu

O‘zbekiston jiu-jitsu jamoasi turnirda muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

-62 kg vazn toifasida Jahongir Mirahmedov nimchorak finalda BAA vakili Sakl Almarzuiga 0:100 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shu bosqichda shu vazn toifasidagi yana bir o‘zbekistonlik sportchi Rahimjon Subxonov qirg‘izistonlik Alimgeldi Abdijamil Uuluga 0:2 hisobida yutqazdi.

-94 kg vazn toifasidagi Ilhom Jo‘rayev esa nimchorak finalda falastinlik Hasan Muhammadga qarshi kurashishi kerak edi, ammo raqib jangga chiqmadi va Jo‘rayev avtomatik ravishda chorak finalga yo‘l oldi. Ilhom Jo‘rayev chorak finalda kuvaytlik Emad Alsumaidni 3:0 hisobida mag‘lub etdi va yarim finalga yo‘l oldi. Ammo u yarim finalda iordaniyalik Sami Zaidga yutqazdi. Shundan so‘ng Ilhom Jo‘rayev bronza medali uchun jangga chiqdi. Qozog‘istonlik Rizan Maxachevga qarshi bo‘lgan bahsda u 4:4 hisobidagi durangni qayd etgandi. Ammo, faollik evaziga g‘alaba raqibga berildi.

Tennis

Denis Istomin Osiyo o‘yinlari finalida xitoylik Vu Yibingga qarshi kortga chiqib, taybrekda g‘alaba qozondi - 2:6, 6:2, 7:6.

U O‘zbekiston tennis jamoasi safida (8 nafar sportchi ichidan) Osiyo o‘yinlarida medal olgan yagona sportchi bo‘ldi.

Turnirga birinchi raqamli raketka sifatida tashrif buyurgan Istomin yarim finalga qadar pokistonlik Aqil Xonni 6:3, 6:1 hisoblarida, xitoylik Jang Jijyengni 6:4, 6:3 hisoblarida, qozog‘istonlik Aleksandr Bublikni 6:1, 3:0 (texnik g‘alaba), hindistonlik Gunnesvaran Prayneshni 6:2, 6:2 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratgandi.

Istominning medali O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi beshinchi oltin medal bo‘ldi. Ayni vaqtda Osiyo o‘yinlari umumiy reytingida O‘zbekiston delegatsiyasi 5 oltin, 10 kumush va 7 bronza bilan o‘ninchi o‘rinda joylashgan.

Mavzuga oid