Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Vidalning o‘rni juda bilinadi». Robert Levandovski nihoyat gapirdi. (to‘liq intervyu)
O‘tgan mavsum oxirlarida Robert Levandovskining «Bavariya»ni tark etishi haqida mish-mishlar ko‘paydi. Hujumchi o‘zini matbuotdan uzoq tutgan bo‘lsa-da, «Bavariya» omadsiz o‘tkazgan aprel va may oylari natijasida paydo bo‘lgan salbiy muhit va tanqidlar, asosiy aybdor sifatida Robertning ko‘rsatilishi va boshqa holatlar Levandovskining Myunxendagi faoliyati yakunga qarab ketayotganidan dalolat qilardi. Hatto «Real» va «Manchester Yunayted» kabi klublar uni sotib olmoqchi ekani haqida ham xabarlar chiqib turdi.
Ammo ta'tildan qaytgan Robert Levandovski yangi murabbiy hamda jamoadoshlari bilan gaplashib oldi va yana «Bavariya»da qolishga qaror qildi. Aprel oyidan beri birinchi marta nemis nashriga intervyu berdi ham. E'tiboringizga polshalik futbolchining Sport Bild nashriga bergan intervyusini havola qilamiz.
- Siz bir necha oy jim turdingiz va intervyu bermadingiz. Hatto Germaniya superkubogidagi het-trikdan keyin ham hech narsa demadingiz? Nima uchun?
- Men apreldan buyon Germaniyada intervyu bermadim, Polshada esa, faqat terma jamoa mavzusida og‘iz ochdim xolos. Sababi, o‘tgan mavsum oxirida vaziyat yaxshi emasdi. Men qo‘llab-quvvatlashni sezmadim. Meni boshqa jamoa muxlislari tanqid qildi, mutaxassislar tanqid qildi, lekin jamoatchilik ham, klub ham meni himoya qilmadi. Men haqimda juda ko‘p noo‘rin ayblovlar, fikrlarni eshitishga majbur bo‘lsam-da, jim turishni afzal bildim. Endi esa, gapirsam bo‘ladi.
- Klub sizni yetarlicha qo‘llamadimi?
- Aprelda va mayda deyarli hamma menga qarshi bo‘lib qolgandi. Klub meni himoya qilmadi va o‘sha vaziyatda yolg‘izlanib qoldim. Ikki-uch muhim o‘yinda gol urmasligimni bilaman, darhol Levandovskiga qarshi o‘t ochishdi.
- Qanday bo‘lishi kerak edi?
- Hammasi joyida bo‘lsa, tabiiyki, o‘z ishimni qilayotgan bo‘laman. Agar muammo paydo bo‘lsa, hammasiga Levandovski aybdor. Mavsum oxirida menda shunday tasavvur uyg‘ongandi. Men anchadan buyon Germaniyadaman va to‘rt yildirki, «Bavariya»da o‘ynayapman. Meni u yoki bu o‘yinda gol ura olmaslikda ayblash mumkin, lekin bor kuchim bilan harakat qilmayotganimni aytishsa, bu noto‘g‘ri.
- Buning ustiga, jarohatlar bilan o‘ynashga to‘g‘ri keldi, shundaymi?
- Ha, 2017 yilda yelkadan jarohat oldim va aslida besh hafta maydonga tushmasligim kerak edi. Ammo besh kun o‘tib o‘ynadim. O‘tgan mavsumda yetti oy tizzamda muammo bo‘lgan. Hatto o‘ng oyoqda zarba bera olmasdim va mashg‘ulotlarda bu ishni qilmaslikka urinardim. Faqat o‘yinlar paytida, qattiq og‘riq bo‘lsa-da, o‘ng oyoqda zarba berishga majbur bo‘lardim. Men raqib bilan emas, o‘z tanam bilan kurashishga majbur bo‘ldim. Nazarimda, trenajyer zalida yoki maydonda emas, fizioterapevt xonasida ko‘proq vaqtimni o‘tkazgandekman. Bu menga jismoniy, hamda ruhiy tomondan qiyinchilik tug‘dirdi, ammo maydonda bor imkoniyatimni sarflashga urindim.
- Sizni ko‘proq muhim o‘yinlarda gol urmaslikda ayblashadi.
- Ha bu meni xafa qiladi. Gol ura olmaganimdan keyin, meni tanqid qilish oson. Ammo mening matbuotga borib nolishga odatlanmaganman, hammasini maydonda isbotlamoqchiman.
- Yana qanday ayblovlar sizga og‘ir botdi?
- Ba'zida juda kulgili gaplar ham bo‘ldi. Nima emish, men faqat o‘z haqimda o‘ylab, jamoaga qarshi chiqayotgan ekanman. Agar uch to‘rt marta shunday gaplarni eshitsang, albatta, xayron bo‘lasan – nima bo‘lyapti o‘zi? Shunchalik muammo tug‘dirayotgan ekanman, hamma menga qarshi ekan, nega bu yerda qolishim kerak? Shuning uchun jamoani tark etish haqida o‘ylay boshladim. Jahon chempionati oldidan menga bir qator takliflar bo‘ldi va men ularni ko‘rib chiqdim.
- Ketish haqida jiddiy niyat bormi endi? Yoki keyinroqmi?
- Men o‘ttiz yoshdaman. Men «Bavariya»ga kerak ekanimni bilaman. Yana uch yillik shartnomam bor. Men klub manfaatiga qarshi borish, mashg‘ulotlardan voz kechish kabi ahmoqona ishlar qilmayman. Endi ketish haqida o‘ylamayapman.
- Pini Zaxavi – mashhur agentingiz, may oyida klubni tark etmoqchi ekaningizni aytdi.
- Ha, bundan xabarim bor, Pini mening roziligim bilan bu gaplarni aytgan. Yuqorida aytganimdek, og‘ir damlar edi va o‘zimni Myunxenda yaxshi his qilmayotgandim.
- Hozir kayfiyatingiz qanday?
- Men Niko Kovach bilan gaplashdim, suhbatimiz juda yaxshi o‘tdi. U men nimani his qilayotganimni tushundi. Jamoadoshlarim bilan ham munosabatlarim yaxshi, hech qanday salbiy muloqot bo‘lmadi.
- Niko Kovach bilan ikkinchi suhbatdan keyin umuman ketmaslikka qaror qilgan ekansiz?
- U menga jamoani qanday tashkil qilmoqchi ekani va undagi mening ahamiyatim haqida tushuntirdi. Menga yoqdi. O‘sha suhbatdan keyin qolishga qaror qildim. Men ham mashina emasman, bilaman, balki men ham xato qilgandirman.
- Xyonness va Rumminigge bilan munosabatlaringiz qanday?
- Ular bilan hali gaplashmadim, lekin o‘ylaymanki, yaqinda shunday suhbat bo‘lib o‘tadi. Men erkakcha suhbatlashib, hammasini o‘z o‘rniga qo‘yib olmoqchiman. Men barchasini yuzma-yuz hal qilish, orqadan gapirmaslik tarafdoriman.
- Hasan Salixamidjichning aytishicha, siz dunyodagi eng yaxshi hujumchi ekansiz.
- Xursandman. Shuningdek, meni har qanday vaziyatda olib qolmoqchi bo‘lishgani ham xursand qiladi. «Bavariya» mening transferim borasida hech kim bilan muzokara o‘tkazmaslikni istadi va bu men uchun katta ma'noni beradi. Demak, men hali ham kerak ekanman va bu klub uchun borimni berishda davom etaveraman.
- Yozda qiyin bo‘lgandir?
- Aksincha. «Real» darvozasiga yarim finallarda gol ura olmaganim, kubok finalidagi mag‘lubiyat, muvaffaqiyatsiz jahon chempionati – bularning barchasi men uchun stimulga aylandi. Shuning uchun yana gollar urish va sovrinlar yutishni yanada ko‘proq xohlayapman.
- «Bavariya» bu mavsumda nimalarga erisha oladi?
- Bu haqda gapirmaslikni o‘rgandim. Ko‘pincha, hammasi yaxshi ketayotgan bo‘ladi, keyin esa, birdaniga, jarohatlar, qizil kartochka yoki vaziyatlarning ko‘kka sovurilishi ko‘payib ketadi. Faqat aprelga borib, Chemponlar Ligasida g‘olib chiqish imkoniyatimiz haqida gapirish mumkin. Bir narsani aniq aytishim mumkinki, Arturo Vidalning o‘rni juda bilinadi. U har doim eng kerakli nuqtada paydo bo‘ladigan va yordamga shay bo‘ladigan futbolchi. Undaylar hozir kam.
Mavzuga oid
20:37 / 16.05.2026
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
07:03 / 07.05.2026
«PSJ» qatorasiga ikkinchi yil finalga chiqdi
22:20 / 29.04.2026
PSJ va «Bavariya» futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi
14:07 / 29.04.2026