Jahon | 07:52 / 26.08.2018
9421
2 daqiqa o‘qiladi

Argentinaning sobiq prezidenti jinoiy tashkilotga boshchilik qilganlikda ayblanmoqda

Foto: Marcos Brindicci/Reuters

Argentinaning sobiq prezidentlari Kristina Fernandes de Kirshner va Nestor Kirshner jinoiy tashkilotga boshchilik qilib, 2008 yildan 2015 yilgacha noqonuniy yo‘l bilan pul mablag‘lari olishgan. Bu haqda sudya Klaudio Bonadioning bayonotida aytilgan.

Bonadio bayonotida ma'lum qilishicha, davlat xizmatchilaridan tashkil topgan jinoiy tashkilot mavjudligini isbotlovchi yozuvlar, suratlar va videoyozuvlar yig‘ilgan. Ushbu jinoiy tashkilot davlat mablag‘laridan foydalanib va mamlakat rahbarlari (Nestor Karlos Kirshner va Kristina Elizabet Fernandes) va federal rejalashtirish, investitsiyalar va xizmatlar vazirligi (vazir Xulio Migelya de Vido) ko‘rsatmalari asosida ko‘rsatilgan yillar davomida turli shaxslardan noqonuniy tarzda pul mablag‘lari olib kelgan. 

Sudyaning ta'kidlashicha, ushbu pullar pirovard natijada jinoiy sxemaning haqiqiy foyda ko‘ruvchilari – Nestor Karlos Kirshner, Kristina Elizabet Fernandes va Xulio Migelya de Vido cho‘ntaklariga borib tushgan.

Avvalroq sudya aksilkorruptsion tergov doirasida Kristina de Kirshnerning uchta uyida tintuv o‘tkazishga ruxsat olish uchun parlamentga murojaat qilgan. Senat sobiq prezidentning uylarida tintuv o‘tkazishga bir ovozdan rozilik bergan va politsiya xodimlari 23 avgustdan uning Buenos-Ayresdagi kvartirasida tintuv o‘tkazishni boshlashgan.

Sobiq prezidentlarga qarshi korrupsiya bo‘yicha tergov OAVda argentinalik tadbirkorlardan birining haydovchisi kundaligi chop etilgandan keyin boshlandi. Kundalikdagi yozuvlardan tadbirkorlar jamoat ishlari vazirligidagi mansabdor shaxslarga millionlab poralar bergani ma'lum bo‘lgan.

May oyida Kristina de Kirshner Hotesur mehmonxona firmasi orqali pul yuvish gumoni bilan sud oldida javob bergandi. Shuningdek, Kirshner va uning ma'muriyatidagi boshqa mansabdor shaxslar 1994 yilda Buenos-Ayresda yahudiy madaniyat markazidagi portlash ishi bo‘yicha sud oldida javob beradi.

Mavzuga oid