Sport | 15:30 / 27.08.2018
15203
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. O‘zbekistonda navbatdagi kumush medal

O‘zbekiston karate jamoasining -50 kg vazn toifasidagi vakili Bahriniso Babayeva Osiyo o‘yinlari kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

U oltin medal uchun Xitoy Taypeyi vakilasi Shiashuang Guga qarshi tatamiga chiqib, 2:3 hisobida yutqazib qo‘ydi va kumush medal bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov

Bahriniso Babayeva finalga qadar filippinlik Junna Sukini, Birlashgan Arab amirliklari vakili Alajmi Havrani va tailandlik Raksachart Pavinani mag‘lubiyatga uchratgandi.

 -84 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shahboz Axatov bronza medali uchun jangda Xitoy Taypeyi vakili Vu Chunveyga imkoniyatni boy berdi. Yakuniy hisob 5:5 ko‘rinishini olgandi. Ammo, hakamlar faollik evaziga g‘alabani raqibga berishdi.

Shahboz Ahatov nimchorak finalda Qirg‘iziston vakili Ganjali Abbosovni 8:1 hisobida mag‘lub etgandi. U chorak finalda hindistonlik Vishaldan ham ustun keldi - 8:0. 

Ammo u yarim finalda yaponiyalik Araga Ryutaroga 2:3 hisobida yutqazib qo‘ygandi.

-68 kg vazn toifasida ishtirok etgan Dildor Annadurdiyeva ilk jangidayoq qozog‘istonlik Guzalya Gafurovaga 0:3 hisobida yutqazib qo‘ydi. Gafurova finalga yetib borgach, Annadurdiyevda bronza medal uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ammo medal uchun o‘tish jangida qatnashgan Annadurdiyeva eronlik raqibiga 0:3 hisobida yutqazdi.

Shuningdek, -75kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Dastonbek Otabolayev ilk jangida iordaniyalik Bashar Alnajjarga 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va turnirdagi ishtirokini to‘xtatdi.

Bu O‘zbekiston karate jamoasining Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan uchinchi medali bo‘ldi. Bundan avvalroq -60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Sadriddin Saymatov hamda -61 kg vazn toifasida ishtirok etgan Barno Mirzayeva bronza medal sovrindoriga aylangan.

Ayni vaqtga kelib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 30taga yetdi - 6 oltin, 12 kumush va 12 bronza.

Mavzuga oid