Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabani har kim o‘zicha nishonlaydi. Kimdir olam jahonga sig‘masdan sakraydi, kimdir ko‘z yoshlarini tiya olmasdan tiz cho‘kadi… Ammo Olimpiya chempionligini eng original ko‘rinishda kutib olgan sportchi Eron vakili bo‘ldi.

Sajad Ganjazoda hushini yo‘qotib, zambilda yotganida Olimpiya chempioni bo‘ldi.

Ammo uni nokautga uchratgan zarba bo‘lmaganida, unda oltin uchun hech qanday imkoniyat yo‘q edi. U 2020 yilgi Olimpiadaning eng g‘alati chempioniga aylandi.

Karate muammolarsiz debyut qilolmadi
Tokioda karate ilk bor va bir martaga olimpiya dasturiga kiritildi. 2024 yilda bu sport turi o‘yinlarda bo‘lmaydi. Shunday ekan, Tokiodagi turnir karatechilar uchun Olimpiadada oltin olishning yagona imkoniyati edi.

Karateni olimpiya dasturiga kiritish uchun harakat qilayotgan amaldorlar bunday debyutni orzu qilishmagani aniq. Avvaliga o‘yinlardagi yagona rossiyalik karatechi Anna Chernishyova koronavirus chiqqani uchun chetlatildi.

Keyin ozarboyjonlik sportchi Rafael Agayev o‘zini finalda yenggan italiyalik raqibiga guruh bosqichida u guruhdan chiqishi uchun ataylab yutqazib berganiga ishora qildi. Ammo karatening Olimpiadadan muntazam o‘rin egallashi istiqboliga kumite bo‘yicha +75 kg vazn toifasidagi erkaklar finalidagi voqea katta zarba berdi.

Hushdan ketgan holda qanday chempion bo‘lish mumkin?
Eronlik Sajad Ganjazoda va saudiya arabistonilik Tariq Hamedi o‘rtasidagi final bahsi yakunlanishiga ikki daqiqa vaqt qolganida ularning ikkinchisi 4:0 hisobida ishonch bilan oldinda borayotgandi. Ammo Tariqning navbatdagi zarbasi raqibning korpus qismiga emas, bo‘yniga tegadi. Eronlik jarohat oladi va hushini yo‘qotib yiqiladi. Uni darhol zambilga solib, tatami tashqarisiga olib chiqishadi.

Foto: HARRY HOW/GETTY IMAGES

Saudiya Arabistonidan bo‘lgan karatechi esa ruxsat etilmagan harakatni amalga oshirgani uchun diskvalifikatsiyaga uchrab, faqat kumush bilan kifoyalanadi. Oltin esa bahs davomida ochiqchasiga yutqazgan va raqib unga taqiqlangan zarbani bermaganida vaziyatni o‘nglash uchun hech qanday imkonga ega bo‘lmagan Ganjazodaga beriladi.

O‘ziga kelgan eronlikka Olimpiya chempioni bo‘lganini aytishdi. U Tokio Olimpiadasidagi eng noodatiy chempion bo‘ldi