O‘zbekiston | 23:23 / 28.08.2018
61053
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim sohasida yangilik: Kelajak universiteti

O‘zbekistonda ta'lim olishga intilayotgan yoshlar soni yildan yilga oshib bormoqda, ammo ularning barchasi talabalik baxtiga erishmagan. Bunga sabab bo‘luvchi omillardan biri - mamlakatdagi OTM soni kamligi, ularning cheklangan o‘rin bilan talabalarni o‘qishga qabul qilishi. Masalan, 2017 yilda oliygohda ta'lim olishni istab o‘qishga hujjat topshirgan abituriyentlarning faqat 9 foizi talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. 

Respublikada faoliyat olib borayotgan 78ta mahalliy va 7ta xorijiy oliygohlar ham ilm bozoridagi talabni qondirolmaydi. Ayni paytda ularda 293 ming talaba tahsil oladi, shu yil 77,5 ming nafar abituriyent OTMda tahsil olishga tavsiya etilgan bo‘lsa, yana ko‘p yoshlar oliy ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘lolmaydi. 

Bu masalada jahon tajribasiga e'tibor qaratsak, barcha raqamlar aks holatdan darak bermoqda. Masalan, Janubiy Koreyada 93 foiz, AQShda 85 foiz, Eronda 71 foiz, Tojikistonda 28 foiz va Ozarboyjonda esa 25 foiz ilm talabida bo‘lgan yoshlar oliy ta'lim olish imkoniyati ega. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston YaIMning bor-yo‘g‘i 0,4 foizini oliy ta'lim sohasining rivojiga sarflaydi, vaholanki, bu ko‘rsatkich ham dunyodagi eng yomon natijalardan biri sanaladi. 

Yuqorida ta'kidlangan masaladan tashqari, ta'lim olish uchun belgilangan narxning, mahalliy aholi ishlab topadigan real daromadlaridan kelib chiqib, o‘ta qimmat ekanligi yoshlarning oliy ta'limdan bebahra qolishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, mahalliy oliygohda belgilangan to‘lov-kontrakti bir yil uchun o‘rtacha 8,2 million so‘mdan boshlab 12 million atrofida to‘xtaydi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida esa bu raqam 18-22 million atrofida belgilangan. 

Eng arzon super-kontrakt narxi 82 million 935 ming so‘m,  eng qimmati esa 276 million 450 ming so‘m bo‘lib,  jami 276 ta yo‘nalish bo‘yicha oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlangan. Xorijiy oliygohlarning Toshkent shahridagi filiallarida tahsil olish ham birmuncha qimmat. 

Bu hali hammasi emas, chunki oliy ta'lim muassasalarining aksari poytaxtda joylashgani yana boshqa masalani keltirib chiqaradi. Ya'ni, 47,4 ming nafar talaba uchun bor-yo‘g‘i 173ta yotoqxona mavjud. Oqibatda, Toshkentda doimiy propiskaga ega bo‘lmagan, viloyatlardan kelib ilm oluvchi yoshlar taxminan 150-300 dollar qiymatida xonadon uchun ijara to‘lovini amalga oshirishi lozim va bunday talabalar soni ham kam emas, ular 73 mingdan ziyodni tashkil etadi. 

Oliy ta'lim sifati bo‘yicha ko‘p cho‘zilib o‘tirish shart emas, negaki, bu katta mavzu va u bo‘yicha ko‘p bahs qilish mumkin. Shunchaki, yana bir raqamni havola etmoqchiman, masalan, mahalliy oliygohlarda tahsil oluvchi xorijiy fuqarolar 1992 yilda 2 mingdan ortiq kishini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ularning soni 706 nafar kishini tashkil etadi va o‘sha chet elliklarning ham 76 foizi MDH davlatlaridan. Axir, ari ham gulga uning asali uchun kelishini bilamiz, bu raqamlar ham nimadandir sado beradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu masalada o‘zining innovatsion yechimini taklif qilmoqda: Kelajak universitetini tashkil etaylik.

Bu nima va qanday bo‘ladi? Kelajak universiteti (ha, uning nomi shunday, University of Future) MOOC loyihasi asosida faoliyat ko‘rsatuvchi onlayn-universitet. Ta'kidlash joizki, dunyoning eng nufuzli oliygohlari allaqachon shu turdagi xizmatini talabalarga taqdim etgan. Masalan, Harvard, Oksford, Massachusets texnologiyalar instituti 15-25 ming dollar to‘lov evaziga masofali ta'lim shaklini taklif etadi. Bular qatorida 120dan ortiq nufuzli oliygohlar 1300dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha o‘qishni taklif etgan. 

Innovatsion rivojlanish vazirligi taklif etayotgan universitet O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tishi va ta'limni muvaffaqiyatli tamomlash bilan bitiruvchiga diplom taqdim etishi kutilmoqda. Bunda ta'lim olish uchun yiliga 1,5 million atrofida to‘lov bo‘lishi kutilmoqda. Kun.uz bilan suhbatlashgan vazirlik xodimining ta'kidlashicha, universitetni 40 million dollar atrofida moliyalashtirish uchun xorijiy sarmoyadorlar aniqlangan. Va tez orada barchada Kelajak universitetida tahsil olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Alisher Ro‘ziohunov

Mavzuga oid