Sport | 15:55 / 01.09.2018
38772
2 daqiqa o‘qiladi

Terma jamoa katta murabbiyi Hasanboy Do‘smatov va kashfiyotlar haqida gapirdi

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiyi To‘lqin Qilichev Kun.uz muxbiriga intervyu berdi. Unda mutaxassis Osiyo o‘yinlaridagi natija haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

«Hamma bokschilarimizdan qoniqdik. Yutqizgan bolalarga kelsak, bu birinchi navbatda omad, buning ustiga ba'zi vakillarimiz katta musobaqalarda endi qatnashmoqda. Hasanboy ham qo‘lidan kelganini qildi. U biroz tanaffusdan keyin endi sekin-sekin o‘ziga kelmoqda. Raqibda ham maktab bor, ular ham Hasanboyni juda yaxshi o‘rganishgan. Agar Hasanboy uni bir marta ko‘rgan bo‘lsa, ular Hasanboyni ming marta ko‘rgan. O‘ylaymanki, o‘ziga yarasha xulosa chiqaramiz.  

G‘olib yigitlarimiz esa haqqoniy chempion bo‘lishdi. Barcha bolalarimizdan yaxshi natijani kutgandik. Bobousmon Baturov, Miraziz Mirzaxalilov o‘ziga xos kashfiyot bo‘ldi. Ularning qo‘lga kiritgan natijalari keyingi musobaqalar uchun juda katta turtki hisoblanadi. 

Musobaqadan avval Qozog‘iston qiyinchilik keltirib chiqarishini kutgandik. Ammo, Osiyo o‘yinlari vaqtida Shimoliy Koreya bokschilari o‘ziga xos «syurpriz» bo‘ldi. Indoneziya vakillari ham kuchli harakat qilishdi. 

Shuni aytib o‘tishim mumkinki, bizda boksda avlodlar almashinuvi hech qanday muammolarsiz o‘tadi. Sababi zaxiramiz juda kuchli, zaxiradagi bolalar o‘z navbatini kutib turibdi. Raqobat juda kuchli», - dedi Qilichev.

Mavzuga oid