Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ota tashakkuri: “Menga, o‘g‘limga ko‘mak bo‘lgan barchadan minnatdorman...”
Saxovat. Bu xislatni ta'riflashning o‘zi kam. Qiziq tomoni bu muqaddas, ilohiy sifatni atrofingizda ko‘rganingiz sari ko‘nglingiz junbishga kelaveradi. Parvardigor esa bunday insonlarni yo‘lingizdan chiqaraveradi.
Navbatdagi xayriya murojaati bo‘yicha Toshkent shahrida joylashgan bolalar shifoxonasiga yo‘l oldik. 3 oylik farzandi Muhammadyusufning jigar sirrozidan aziyat chekayotganligi sabab Dadayev Murodjon aka Kun.uz tahririyatiga murojaat yo‘llagan edi.

Xayriya loyihasini tashkil qilish uchun vaziyatni to‘liqligicha o‘rganishimiz lozim edi. Shu sababdan Murod akaning o‘zi bilan suhbat o‘tkazdik. Kerakli materiallar yig‘ilganidan so‘ng, zudlik bilan ishga kirishdik. Vaqt juda oz edi. Tezroq loyihani tayyorlasak, xalqqa namoyish etsak. Tezroq murg‘ak go‘dakka yordam ko‘rsatsak. Qisqa muddat ichida maxsus lavha efirga tayyorlandi. So‘ngra, Murod akaning qo‘ng‘irog‘i va aytgan so‘zlari bizni karaxt holatga keltirdi: “Maxsus lavhani saytga qo‘yish shart emas. Mablag‘ni yig‘ib bo‘ldim. Hammaga aytib chiqyapman”.
Nima bu? Mo‘'jizami? Yaratgan yana bir bor o‘z qudratini ko‘rsatdi deb hisobladik. Bu yangilik bilan qutlash uchun va safar oldidan oq yo‘l tilash maqsadida yana Murod akaning huzuriga oshiqdik.
Murod aka bo‘lib o‘tgan ishlardan, qisqa vaqt ichida yig‘ilgan mablag‘dan o‘zi ham hayron holatda edi. Mehribon va saxiy insonlarning bunday e'tiboridan taajjubda edi.
“25 avgust kunidan to ushbu 31 avgust kunigacha Allohning qudrati bilan, saxovatpesha insonlar ko‘magida maqsad qilingan mablag‘ (35 ming dollar) yig‘ildi. Bu uchun avvalambor Ollohimga hamd-sanolar aytamiz. Hattoki, mablag‘ yig‘ildi desak ham haligacha bizga yordam berish istagini bildirib vatandoshlar xabar olishmoqda. Bu mo‘'jizadan boshqa narsa emas. Bu hammasi xalqimizning bag‘rikengligi, bolajonligidan deb o‘ylayman.
Birovning dardini o‘z dardidek qabul qiladigan insonlar ko‘p ekan. Ular qo‘llaridan kelganicha yordam berishga harakat qilishdi. Dunyoning ko‘plab joylaridan vatandoshlar ko‘mak berishdi.

Mablag‘dan tashqari hujjatlashtirish ishlarida davlat mutasaddi organ xodimlari ham tezroq qilib berishdi. Shifoxonadagilar ham hamisha qo‘llaridan kelgan yordamni berishdi.
Bundan tashqari, Hindistonda ham vatandoshlarimiz kutib turishibdi. Ular menga tanish yoki qarindosh emas. Lekin, kelsanglar o‘zimiz kutib olamiz, deyishmoqda. Bu insonlarning hammasi oxiratlariga zaxira qilishdi, inshaolloh. Yaxshiliklari javobsiz qolmaydi.
Bizga o‘xshab boshlariga sinovli kunlar kelgan birodarlarimizga aytmoqchimanki, Alloh qodir Zot, umidni hech qachon so‘ndirmanglar. Sinov bergan, yechimini ham beradi”, deya hamma ko‘makda bo‘lgan vatandoshlarga o‘z tashakkurini bildirdi.
Ushbu oila 1 sentabr kuni Hindistonning Dehli shahriga Toshkent vaqti bilan soat 15:00da yetib bordi. Hozirda Dehli shahrining Jaypee shifoxonasiga borib joylashishgan.
Qadrdon yurtdoshlar, ushbu bayram kunlari hammamiz qatori bu yosh oilaga ham xursandchilik olib kelsin. Qo‘llarimiz duoda bo‘lsin. Yosh vatandoshimiz Muhammadyusufning shifo topib jamiyatimiz uchun naf keltiruvchi inson bo‘lib voyaga yetsin.
Kun.uz jamoasi Muhammadyusufga sog‘liq-salomatlik tilab qoladi.
Mavzuga oid
18:42 / 08.10.2019
Yaxshilar ko‘magi bilan Ma'muraxon operatsiya qilindi. Shifokorlar uning holatini ijobiy baholamoqda
15:21 / 11.09.2019
Xayriya natijasi: 4 oylik Bekmurodda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi
22:52 / 07.05.2019
Xayriya natijasi: 1.5 yoshli Mavjudaning yuragi muvaffaqiyatli operatsiya qilindi
19:30 / 18.03.2019