Jamiyat | 15:21 / 11.09.2019
7691
2 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: 4 oylik Bekmurodda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi

Saytimiz orqali yaqindagina «4 oylik Bekmurod yurak porogidan aziyat chekmoqda. U zudlik bilan operatsiya qilinishi zarur» nomli xayriya aksiyasini sizning e'tiboringizga havola qilgan  edik.

Mazkur xayriya aksiyamizda Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan, endigina 4 oylik bo‘lgan jajjigina chaqaloq Bekmurod haqida hikoya qilingan edi . Yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan Bekmurodni onasi operatsiya qildirish uchun Toshkentga olib keladi. Ammo operatsiyaga yetarli mablag‘i yo‘qligi sabab yordam so‘rashga majbur bo‘lishadi.

Xayriya maqolasi e'lon qilingandan so‘ng juda ko‘plab yurtdoshlarimiz jajjigina Bekmurod taqdiriga befarq bo‘lishmadi. Kerakli mablag‘ juda tez yig‘ildi. Jarrohlik amaliyoti ham omadli yakunlandi. Shundan so‘ng bolajonning holidan xabar olish maqsadida ularning yoniga bordik. Bekmurodni ko‘rib ko‘zimiz quvondi. Onasining ham quvonchi cheksiz. Quvonch ko‘z yoshlarini yashira olmagan ona barcha yaxshilarni bir umr duo qilishini qayta-qayta ta'kidladi.

Shu o‘rinda Kun.uz jamoasi ham ushbu xayrli ishga  hissasini qo‘shgan barcha yurtdoshlarimizga o‘z minnatdorchiligini bildirib qoladi. Siz yaxshilar sabab bugun bir oila quvonchga to‘ldi. Qilgan yaxshiliklaringiz oxiratda boshingizga soyabon bo‘lsin. Oilangizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka so‘rab qolamiz, aziz yurtdoshlar!

Mavzuga oid