Sport | 12:10 / 06.09.2018
14172
17 daqiqa o‘qiladi

APL. Avgust syurprizi haqida batafsil

Angliya premer-ligasida 4 tur o‘tib, nihoyat haqiqiy chempion jamoa tuzgan Yurgen Klopp yoki Angliyada ajoyib debyut qilgan Mauritsio Sarri emas, ko‘proq Xavi Grasiya muhokama qilinayotgani ham tasodif emas. Ushbu murabbiyning kamtargina «Uotford» jamoasi mavsumdagi besh rasmiy o‘yinning barchasida g‘alaba qozondi. Xuddi shu murabbiy yaqinda Rossiyaning «Rubin» klubida muvaffaqiyatsizlikka uchragan va iste'foga chiqarilgandi.

«Rubin» menejyerlari Xavi Grasiyaning APLdagi parvozini entikish bilan tomosha qilayotgan bo‘lishlari tabiiy. Hatto Rossiyada ham u to‘rt o‘yinda qatorasiga g‘alaba qozonmagandi, Angliyada esa, agar Liga kubogidagi g‘alabani ham qo‘shsak - 5ta bo‘ladi. «Uotford» o‘z tarixida hali biror marta mavsumni bu qadar kuchli boshlamagandi. Agar Grasiyaning fevralda Angliyaga kelganini e'tiborga olsak, shu davrda «Uotford» o‘z maydonida faqat «Liverpul»dan (22) kamroq ochko jamg‘ardi xolos - 20. Masalan, «Manchester Yunayted», «Arsenal» va «Tottenhem»da uy o‘yinlarida 18tadan ochko, «Manchester Siti»da 16 ochko bor.

Albatta, mavsum endi boshlandi, «Uotford»da top-raqiblardan faqat «Tottenhem» bor edi, lekin shuning o‘zi ham katta natija. Jamoa ham, murabbiy ham o‘yindan o‘yinga o‘ziga nisbatan ishonchni oshirib bormoqda.

«O‘ylaymanki, har kim yangi vazifalarga moslashishi kerak. Men o‘z faoliyatim davomida men doim moslashib borganman. Men Ispaniyada, Gretsiyada, Rossiyada va hozir Angliyada ishlamoqdaman. Kimki agar, hamma menga moslashishi kerak deb hisoblasa, adashayotgan bo‘ladi», - dedi Grasiya «Tottenhem»ga qarshi o‘yin oldidan Sky Sports nashriga intervyu berayotib.

Mavsum oldidan Xavi Grasiya bukmekerlar kotirovkasida ilk iste'foga chiqadigan murabbiylar ichida peshqadamlik qilayotgandi. «Uotford»ni boshqaradigan Potstso oilasi Angliyada eng ko‘p murabbiy almashtiradigan boshqaruvchilar hisoblanadi. So‘nggi o‘n yildagi «Uotford»ni boshqarayotgan 13-murabbiy bo‘lgan Grasiya ham «dor ustida yurayotgani» aniq edi.

Ammo barqarorlik «Uotford»ga yordam berdi. O‘tgan mavsum oxirida qatorasiga yetti o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmagan murabbiyga mavsumni yakunlash va keyingi mavsumga tayyorgarlik ishlarini ishonib topshirishdi. Jamoa o‘zagini deyarli saqlab qolgan murabbiy avgustda hammani hayron qoldirdi va mana endi, Yurgen Klopp va Mauritsio Sarri bilan birgalikda oyning eng yaxshi murabbiyi bo‘lishga da'vogar bo‘lib turibdi. Aynan mana shu uch murabbiy dastlabki 4 turda yuz foizlik natija ko‘rsatib, turnir jadvalini boshqarib turishibdi.

«Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, Angliya matbuotida murabbiyga yangi, uzoq muddatli shartnoma taklif qilinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shu mavsum oxirida shartnomasi tugaydigan murabbiyning turli takliflardan xalos qilish va ajoyib start uchun minnatdorchilik tariqasida klub rahbarlari murabbiyni olib qolishga urinishmoqda. Angliyaning eng beqaror klublaridan birida sezilarli ijobiy siljishni amalga oshira olgan murabbiy oldingilardan farqli ravishda uzoqroq qoladiganga o‘xshaydi.

GRASIYa JAMOASI QANDAY O‘YNAYDI?

Jyerar Delofeu jarohat olgach, Grasiya ixtiyorida haqiqiy vingerlar deyarli qolmadi va u eski 4-4-2 sxemasiga murojaat qildi. Bu sxemada himoyachilardan tashqari haqiqiy qanot futbolchilari yo‘q, har qanday futbolchini yarim himoyaga qo‘yish mumkin. Bunday sxema bilan Angliyada faqat «Brayton», «Kristal Pelas» va «Sauthempton» kabi klublar o‘ynashmoqda, lekin bu jamoalarda haqiqiy vingerlar yetarli. 

To‘p bilan «Uotford» o‘sha klassik 4-4-2 da bo‘lib, kerakli paytda vaziyatga qarab, 4-2-2-2 ga aylanishi mumkin. Qog‘ozda qanotda Roberto Pereyra va Uill Hyuz joylashadi, ammo ularning ikkisi ham ancha erkin harakatlanadi, masalan, Hyuz o‘z golini markazdan to‘pni olib borib, urishga muvaffaq bo‘ldi. Har ikki futbolchi imkon qadar chiziqlar o‘rtasida bo‘shliqlar topishga va qanot himoyachilari - Yanmat va Holebasga imkoniyat yaratishga urinadi. Xolebas allaqachon 4 assist va 1 gol muallifi bo‘lib ulgurdi.

O‘yindan va standart vaziyatlardan krosslar «Uotford»ning yana bir asosiy qurolidir. «Tottenhem» bilan o‘yinda Grasiya shogirdlari amalga oshirgan 11 krossdan 5tasi aniq yetib bordi. «Tottenhem»da bu ko‘rsatkich 32tadan 6tani tashkil qildi xolos. Uch burchak to‘pidan mezbonlar bir gol urishdi, «Tottenhem» esa, uo‘n marotaba shunday imkoniyatdan biror marta ham xavfli vaziyat yarata olmadi.

Troy Dini va Andre Grey hujumda bir birlarini mukammal tarzda tushunib o‘ynashyapti.

«Ikkisi ham turli tipdagi hujumchilar: biri past bo‘yli va tezkor, ikkinchisi jismonan baquvvat va baland. Ular birgalikda ajoyib duet yaratishmoqda, ayniqsa, «Byornli» darvozasiga urilgan gol yil goli bo‘lishi kerak», - deydi afosnaviy Pol Ins.

«O‘tgan mavsumda biz ikkovidan bir paytda foydalanmagandik, ammo bu haqida ko‘p o‘ylaganman. Bu safar bu ishga urinib ko‘rdim va mavsumni juda yaxshi boshladik. Ular nafaqat hujumda, balki himoyada ham juda foydali harakat qilishyapti, shuning uchun ham ikki hujumchi bilan bemalol o‘ynay olyapmiz», - deb tushuntiradi Grasiya. 

Bu juftlikda gol+pas hisobida 4 ochko mavjud. Haqiqatan ham ularning himoyalanishdagi samarasi ham e'tiborga molik: Dini bir o‘yinda o‘rtacha 1.5 marotaba to‘pni olib qo‘ymoqda - masalan, Leyton Beyns, Nacho Monreal kabi mashhur himoyachilarda ham xuddi shunday ko‘rsatkich.

«Mening vazifam - ixtiyorimdagi futbolchilarning imkoniyatlaridan maksimum foydalanish. Men jamoaga kelib, «men 4-3-3 o‘ynamoqchiman», deya olmayman. Yaxshi murabbiy bunday qilmaydi. Albatta, menga ham hujumkor o‘ynash, to‘pni nazorat qilish yoqadi, lekin agar yaxshi himoyalana olmasangiz, hujumkor futbolning o‘zi bo‘lmaydi», - deydi murabbiy.

Aksariyat hujumkor jamoalar tezkor vertikal paslar orqali raqib maydoniga kirib borishga urinishadi. Xuddi shu reja «Tottenhem»da ishlamadi, Abdulay Dukure va Eten Kapu tayanch zonasini shu qadar yopa oldilarki, «Tottenhem» uzun paslar orqali o‘ynashga majbur bo‘ldi. U yerda esa, markaziy himoyachilar - Kreyg Ketkart va Kristian Kabasele raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Yozda «Uotford» asosiy tarkib uchun birorta ham maydonda harakat qiladigan futbolchi sotib olmadi, yagona o‘zgarish darvozabon Ben Foster bo‘ldi xolos. «Rubin»da Grasiya o‘yindan o‘yinga tarkibni o‘zgartirar va o‘zi uchun ideal variantni axtarardi, lekin Uotfordda buning uchun bir yildan kamroq vaqt ham yetarli bo‘ldi.

«Bizda ajoyib jamoa bor. Men jamoa deganda, aynan jamoani nazarda tutaman. Biz yangi futbolchilar ketidan quvmadik, o‘zimizda mavjud bo‘lgan poydevorni saqlab qoldik, birgalikda ko‘p vaqt o‘tkazdik. Bu esa, futbolchilarning yanada jipslashishiga va haqiqiy jamoa bo‘lishlariga sabab bo‘ldi», - Grasiya o‘yindan o‘yinga asosiy tarkibni umuman o‘zgartirmayapti.

JISMONIY TAYYoRGARLIK

Jamoaning jismoniy tarafdan kuchli ekanini payqash oson. Tarkibdagi birorta futbolchi ham jahon chempionatida ishtirok etmadi, bu esa, mavsumoldi yig‘inlarini optimal tarzda o‘tkazishga yordam berdi. E'tibor bering, deyarli barcha o‘yinlarda «Uotford» ikkinchi bo‘limda o‘yinni kuchaytirib, g‘alabani ilib ketmoqda. Urilgan 11 goldan 8tasi tanaffusdan keyin amalga oshgan.

Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yordamchi Xuan Solya ham «Uotford»ga Grasiya bilan birgalikda «Rubin»dan keldi. Murabbiylik davrida Grasiyaning yordamchilari ba'zida o‘zgarib turgan, ammo Solya eng boshidan beri Xavi bilan birga. 

«Rubin»da Solyani yomon ko‘rishardi. Umuman futbolchilar jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylarni u qadar yaxshi ko‘rishmaydi, lekin Solya bilan bu nafratga aylanib ketgandi. U tinmasdan futbolchilarni krosslar bilan qiynar, to‘p bilan o‘ynash o‘rniga trenajyerlarga borishga majbur qilardi. Hatto futbolchilar ochiqchasiga noroziliklarini izhor qilgan paytlari bo‘lgan. Ispan murabbiyi rus tilini bilmasligidan foydalanib, futbolchilar unga juda qo‘pol muomala qilgan paytlar ham bo‘lgan.

Angliyada mentalitet boshqacha. Ular badtarroq yuklamalar ostida ham shug‘ullanaveradi. Demak Grasiyaning g‘oyalari o‘zgarmadi, faqat bu g‘oya va falsafalarga mosroq, ularni qabul qilishga tayyorroq bo‘lgan jamoa bor edi endi

«Mavsumoldi yig‘inlari juda yaxshi o‘tdi. Biz nima kerak bo‘lsa, shularning ustida ishladik, jarohatlar ko‘p bo‘lmadi, natijada ko‘p futbolchilar birorta ham mashg‘ulotni o‘tkazib yuborishmadi. Bu hali boshlanishi ekanini bilamiz, ammo baribir, o‘tkazilgan o‘yinlarda g‘alaba qozonganimiz juda yaxshi bo‘ldi. Hech kim, ayniqsa, bizga o‘xshagan jamoaning bunday natija ko‘rsatishi oson emas. Lekin biz har bir o‘yinda g‘alaba qozona olishimizni sezib turgandik. Endi mana shu darajani ushlab qolishga urinishimiz kerak».

GRASIYa INGLIZ TILINI O‘RGANMOQDA

«Rubin TV»da tarqalgan video xit bo‘lib ketgandi. Rus tilini yaxshi bilmasligidan deyarli barcha fikrlarini tarjimon orqali yetkazgan Xavi Grasiya g‘alati ko‘ringan. Albatta, tarjimon orqali fikrning to‘liq yetkazib berilishi qiyin, baribir, qandaydir qism tushunarsiz bo‘lib qolaveradi.

Rossiyadagi faoliyati davomida Grasiya faqat bir necha ruscha so‘zlarni o‘rganib olgandi xolos, shuning uchun, barcha mashg‘ulotlar va rasmiy tadbirlar tarjimon orqali o‘tkazilardi. Balki bu ham uning «Rubin»dagi muvaffaqiyatsizligining sabablaridan biri bo‘lgandir. Murabbiy juda muhim gaplarni aytmoqchi bo‘lishi mumkin, ammo bu so‘zlar tarjimon tili bilan yetib borar ekan, ta'siri kutilganidek bo‘lmasligi mumkin.

Shuning uchun ham Pep Gvardiola «Bavariya»da ham, «Manchester Siti»da ham tarjimonlarsiz ishlagan, u qayerga bormasin, oldindan o‘sha mamlakat tilini o‘rganib olishga uringan. Grasiya Angliyadagi ilk intervyularida ham inglizcha gapirishga uringan, ammo murabbiyning biroz hayajonlanayotgani bilinib turardi. «Tottenhem» bilan o‘yindan keyingi intervyuda esa, Grasiyaning so‘zlashuvida kamchilik topish qiyin edi. Endi unda ingliz tili bo‘yicha muammo yo‘q. Intervyularda jiddiy tahlillar yo‘qdir, ammo mashg‘ulotlar va matbuot anjumanlari tarjimonsiz o‘tkazilmoqda.

«Ingliz tilida mukammal so‘zlashyapman deya olmayman», - deydi Grasiya - «Rubin»da 15 xil millatdagi shogirdlarim bor edi. Shuning uchun bu yerda uncha qiynalmayapman. Ammo ingliz tili asosiy til bo‘lishi kerak. Ba'zi paytlarda, masalan Roberto Pereyra bilan ispancha gaplashaman, agar faqat u bilan muloqot qilayotgan bo‘lsam. Bilamanki, u meni inglizchadan ko‘ra, ispanchada yaxshiroq tushunadi. Ammo ikkimiz ham bor imkoniyatimizni sarflab inglizchani kuchaytirishimiz va hamma bilan shu tilda yaxshiroq muloqot qilishimiz kerak».

OMAD HAM BOR

Omadning ham hissasi borligini unutmaslik kerak. Jamoa har qancha kuchli o‘ynamasin, muvaffaqiyatli seriya uchun omad ham kelishi kerak. Ba'zida «Uotford» aql bovar qilmas gollar urmoqda, raqib esa, juda qulay vaziyatlarni golga aylantira olmayapti.

Ugo Loris jarohati tufayli tarkibga kiritilmadi, uning o‘rniga darvozani Mishel Vorm egalladi - bu ham omad. Vorm biror marta ham jamoasini qutqara olmadi, buning ustiga gol bo‘lgan vaziyatda ham aynan uning xatosi tufayli burchak to‘pi tepilgandi.

Eng g‘alati va tushunarsiz o‘yin «Kristal Pelas»ga qarshi bo‘lgandi. «Burgutlar» birinchi bo‘limda ikkita yaqqol vaziyatda ko‘kka sovurib, ikkinchi bo‘limda ikki gol o‘tkazib yubordi. Pereyra chiroyli gol urdi, keyin esa, Holebasning aslida yuqorilatib uzatgan to‘pi to‘ppa-to‘g‘ri darvozaga kirib ketdi. Hisob 1:2 bo‘lib turganda ham, mezbonlarda yuz foizlik imkoniyat bo‘ldi, lekin Joyel Uord juda yaqin masofadan boshi bilan ochiq darvozaga gol ura olmadi. Bu vaziyatdan keyin Grasiya cho‘qinib ham yubordi - haqiqatan ham qatorasiga uch marotaba teng kechgan bahsda g‘alaba qozonishni xudoning inoyati deb baholagandi u.

«Bizda birinchi bo‘limda yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi, lekin Ben Foster o‘zini ko‘rsatdi. Agar o‘yin 2:2 hisobida yakunlanganda, qoniqqan bo‘lardim. Bu 95 daqiqa uchun biz hech bo‘lmasa bir ochkoga arzirli o‘ynagandik», - deya yozg‘irdi «Kristal Pelas» bosh murabbiyi Roy Hojson.

«BYoRNLI»MI Yo «LeSTeR»?

Hozircha Grasiya jamoasi hatto Pep Gvardiolaning «Manchester Siti»sini ham ortda qoldirgan holda, yuz foizlik natija ko‘rsatayotgan uch jamoaning biri bo‘lib turibdi. Bukmekerlar hatto «Lester -2016»ni eslab, «Uotford»ning chempion bo‘lishiga 1/500 stavkalarni qabul qilmoqda. 

O‘xshashliklar bor, ammo hali erta. Angliyada «Uotford» haqida yoza boshladilar, ammo ko‘proq, o‘tgan mavsumda Yevropa Ligasiga yo‘llanma olgan «Byornli»ga solishtirmoqdalar.

Grasiyaning maqsadi esa, har bir o‘yinda g‘alaba qozonish.

«Eng boshida futbolchilarga aytdim: «Har bir o‘yinni yutishdan ham yuqoriroq maqsad yo‘q. Agar har bir o‘yinda g‘alabaga intilib, APLdagi o‘rnimizni saqlay olsak va keyin yanada yuqoriroq o‘rinlarni ko‘zlasak, nimasi yomon?»

«Biz haqimizda kim nima deyishi qiziq emas. Biz baxtli bo‘lishimiz uchun erishadigan natijalarimiz, g‘alabalarimizning o‘ziga ham yetadi», - deydi ispaniyalik murabbiy.  

Tanaffusdan so‘ng, «Uotford» o‘z maydonida Mourinoning «Manchester Yunayted»ini qabul qiladi. Yana bir g‘alaba va butun Angliya sen haqingda gapira boshlashi uchun ajoyib imkoniyat.

sport.business-gazeta.ru materiali asosida

Mavzuga oid