O‘zbekiston | 14:47 / 06.09.2018
8175
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimi: «Loyihalar xalqqa xizmat qilishi kerak!»

Toshkent shahar hokimligi binosida poytaxt hududida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy investorlarni keng jalb qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, «Ochiq eshiklar kuni» nomi ostida o‘tkazilayotgan uchrashuvda shahar hokimi tadbirkorlar va investorlarning loyihalari bilan shaxsan tanishmoqda. Kerakli ko‘rsatmalarini berib o‘tmoqda.

Bugun, 6 sentabr kuni Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlaridan tashrif buyurgan mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishdi.

Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo‘jayev loyihalar bilan tanishar ekan, ularning avvalo xalqimizga xizmati qilishi, xalq roziligi bilan amalga oshirish lozimligini alohida ta'kidladi.

Mazkur loyihalar ijtimoiy soha obektlari, xususan zamonaviy  mehmonxonalar, savdo va ko‘ngil ochar maskanlar, ko‘p qavatli avtoturargohlar hamda yangi uy-joy komplekslarni barpo etishni ko‘zda tutadi. 

Toshkent shahar matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda umumiy qiymati 5,6 trln so‘m, shundan xorijiy sarmoyalar 625 million dollar bo‘lgan va 55 790ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan 47ta loyihalar taqdim etildi.

«Ochiq eshiklar kuni» 7 – 8 sentabr kunlari ham davom etadi, unda poytaxtning qolgan tumanlaridan investorlar ham ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid