11:03 / 07.09.2018
12160

«Vunderkind shou teleko‘rsatuvi» – kuchlilarning bilim maydoni!

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda «MY5» telekanali tomonidan  o‘tkazilayotgan «Vunderkind shou teleko‘rsatuvi» o‘z bilimiga ishongan maktab va kollej bitiruvchilarini «ring»ga chorlaydi.

«Vunderkind shou teleko‘rsatuvi» O‘zbekistonning bilimli, kitobsevar yoshlariga o‘z iste'dodlarini namoyish etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida har yili an'anaviy tarzda tanlov shaklida o‘tkaziladi, tanlov «Mening yurtim» (My5) telekanali orqali efirga uzatiladi.

Endi bilimingiz sizga foyda keltiradi va millionlar sohibiga aylantiradi!

Aniq va ijtimoiy fanlar yo‘nalishidan birini tanlang, tengdoshlaringiz bilan bellashing va 50 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiriting!

Buning uchun 3 bosqichli tanlovdan o‘tishingiz kerak.

1-bosqichda «Vunderkind shou teleko‘rsatuvi»da qatnashish uchun ishtirokchilar kasting bilan 2ta yo‘nalish – aniq va ijtimoiy fanlar bo‘yicha test asosida tanlab olinadi.

2-bosqichda  bevosita kastingda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar «Vunderkind shou teleko‘rsatuvi»da 4ta shart asosida o‘zaro bellashadilar va ko‘rsatuvning har bir sonida bir nafardan g‘olib ishtirokchi final bosqichiga yo‘l oladi. Va nihoyat, final bosqichida har ikki yo‘nalish bo‘yicha jami 6 nafardan 12 ishtirokchi asosiy g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Final bosqichida har ikki yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rinni olgan ishtirokchilarga 50 million so‘mdan pul mukofoti va sertifikat beriladi. 2- va 3-o‘rin sohiblariga qimmatbaho sovg‘alar va sertifikat beriladi.

Tanlov dovonlaridan o‘tishga ishonchingiz komilmi? Kuchli va bilimlimisiz?  Aqlli millionerga aylanishni xohlaysizmi? Unda sizni «Vunderkind shou teleko‘rsatuvi»da kutamiz. Qatnashing va g‘olib bo‘ling! O‘z bilimiga ishonganlarni bilim maydonida sinaymiz!

Top