Jahon | 16:20 / 08.09.2018
13630
3 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya ishi». Trampning sobiq maslahatchisi 14 kunga qamaldi

Foto: Yuri Gripas / Reuters

Donald Tramp saylovoldi shtabining sobiq maslahatchisi Jorj Papadopulos «Rossiya aralashuvi» ishi yuzasidan FQBga yolg‘on guvohlik bergani uchun qamoq jazoga hukm qilindi. Unga ikki haftalik qamoq va 9 500 AQSh dollari miqdorida jarima qo‘llanildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Bundan tashqari, u 200 soat majburiy jamoat ishlariga jalb etiladi, yana bir yil nazorat ostida bo‘ladi.

Sud hukmi e'lon qilinganidan so‘ng, Papadopulos sud zalini tark etib, izoh berishdan bosh tortdi. Shunga qaramay, uning yaqinlari xabariga ko‘ra, sudyaning qaroridan mamnundirlar. «Men ushbu qarordan juda mamnunman. U adolatli bo‘ldi. Men bundan ham qisqa muddatni xohlagandim, biroq bu qo‘rqinchli emas. Bu unga nimalar sodir bo‘layotgani haqida o‘ylab ko‘rishga vaqt beradi», - deya uning onasi Kiki Papadopulosning so‘zlarini keltiradi Reuters. Shu bilan birga, u o‘g‘li hamon Trampni qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganini ta'kidladi.

Prokurorlar sud jarayoni davomida Papadopulos uchun olti oygacha qamoq jazosini talab qilishdi. Prokuror Endryu Goldshteynning alohida qayd etishicha, ayblanuvchi, o‘z bayonotlariga qaramay, tergov bilan hamkorlik qilmadi.

Papadopulos AQShda 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasida Donald Trampning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi edi. FQBning prezidentlik saylovlariga «Rossiya aralashuvi» bo‘yicha ish doirasidagi tergovi davomida, u maxsus xizmat agentlariga yolg‘on guvohlik berib, rossiyalik rasmiylar bilan o‘z uchrashuvlarini rad etdi hamda Demokratiya partiya serverlari rus hakerlari tomonidan buzib kirilgani bo‘yicha ma'lumotni bermadi. Biroq, 2017 yilda Papadopulosning Rossiya amaldorlari bilan aloqalari haqida ma'lum bo‘ldi, bu uni jinoiy ta'qib etishga olib keldi. 2017 yilning noyabrida u tergov bilan kelishuv doirasida o‘z aybini tan oldi.

Mavzuga oid