Jahon | 09:00 / 09.09.2018
20532
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik izquvar Malayziyaga qarashli samolyotni topganini ta'kidlamoqda

Foto: AP/ Rob Griffith

Britaniyalik izquvar Yan Uilson Daily Star nashriga bergan intervyusida 4 yil avval sirli ravishda yo‘qolib qolgan, Malayziyaga qarashli Boeing 777-200 samolyotini topganini ma'lum qildi. 

Uilsonning aytishicha, u Google Maps xaritalarini ko‘zdan kechirayotib, Kambojaning borish qiyin bo‘lgan hududida yo‘lovchi samolyotiga o‘xshash obektni topgan.

Izquvar bu obekt 2014 yil 8 mart kuni Kuala-Lumpurdan Pekinga parvoz vaqtida yo‘qolib qolgan samolyot ekaniga shubha qilmayapti.

Ta'kidlanishicha, topilgan obekt samolyotga juda o‘xshash bo‘lib, biroq Boeing 777-200 samolyoti kabi 63 metr uzunlikka emas, 70 metr uzunlikka ega. Uilsonning aytishicha, bu farq samolyotning dum qismi qulash vaqtida bo‘laklanib ketgani bilan tushuntiriladi.

Foto: GETTY/GOOGLE
Foto: GOOGLE

Izquvar suratdagi obekt junglilar ustidan uchib o‘tayotgan samolyot bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni inkor etmoqda. Uning aytishicha, u bu taxminni Google Earth’ning funksiyalaridan birini qo‘llab tekshirib ko‘rgan va obekt yer sirtida yotganini aniqlagan.

Uilson obekt aniqlangan joyga bir o‘zi bormoqchiligini aytmoqda, chunki samolyotni qidirish bilan shug‘ullanayotgan qutqaruvchilar unga o‘xshash tashabbuskorlarning taxminlarini inobatga olishmayapti.

Malaysia Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 777-200 samolyoti Kuala-Lumpurdan Pekinga MH370 reysini amalga oshirish vaqtida bortida 227 yo‘lovchi va ekipajning 12 a'zosi bilan 2014 yil 8 martga o‘tar kechasi radarlar ekranidan yo‘qolib qolgan. Samolyot Hind okeanining janubiy qismida falokatga uchragani taxmin qilinadi. Uch yillik qutqaruv amaliyotiga qaramay, samolyot bo‘laklarini aniqlashga muvaffaq bo‘linmagan.  

Mavzuga oid