Sport | 15:37 / 11.09.2018
11866
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlariga qo‘yilmagan Olga Zabelinskaya haqida yangi ma'lumot berildi

Foto: AFP

Xalqaro velosportchilar ittifoqi (UCI) tomonidan avgust oyi boshida xalqaro startlarda O‘zbekiston nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan, shossedagi velopoygalar bo‘yicha uchta Olimpiya medali sohibasi Olga Zabelinskaya Rossiyaning Cogeas-Mettler jamoasi tarkibida sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan jamoaviy poyga bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etmoqchi. Bu haqda sportchi TASS’ga xabar berdi.

38 yoshli Zabelinskaya sport fuqaroligini Rossiyadan O‘zbekistonga o‘tkazganidan so‘ng, UCI qoidalariga ko‘ra, ikkita jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi uchun qatnashish huquqiga ega emas. Biroq, Cogeas-Mettler tarkibida jamoaviy poygada ishtirok etishi mumkin.

«Men jamoaviy musobaqada ishtirok etishni rejalashtirmoqdaman», - deya xabar berdi Zabelinskaya. Alohida startli jamoaviy poyga Insbrukda 23 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Cogeas-Mettler uchun 2018 yilgi mavsumda rossiyaliklar Mariya Novolodskaya, Yelizaveta Oshurkova, Yekaterina Anoshina, Yevgeniya Augustinas, Karina Kasenova va Gulnoz Badikova, shuningdek, Andriya Xristoforu (Kipr) hamda Eliz Chabbi (Shveytsariya) ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olga Zabelinskaya nega Osiyo o‘yinlariga qo‘yilmagani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid