Jahon | 22:13 / 11.09.2018
10515
2 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lanka prezidenti samolyotdagi “it ham yemaydigan” yegulikdan shikoyat qildi 

Foto: Tharaka Basnayaka / Globallookpress.com

Shri-Lanka prezidenti Maytripala Sirisena milliy aviakompaniya samolyotida unga berilgan keshyu yong‘oqlaridan shikoyat qildi. Bu haqda BBC News ma'lum qildi. 

Voqea o‘tgan hafta Sirisena SriLankan Airlines milliy aviakompaniyasi samolyotida parvoz qilganda yuz bergan. “Men Nepaldan qaytayotganimda, samolyotda nafaqat inson, balki it ham yeya olmaydigan keshyu berishdi. Kim bunga ruxsat beradi? Kim javobgar?”, deb aytgan Sirisena mamlakat janubidagi fermerlar oldidagi nutqida.

Yong‘oqlar Sirisenaga nimasi bilan yoqmaganiga oydinlik kiritilmagan.

Ta'kidlanishicha, aviakompaniyaning qarzi million dollardan kamroqni tashkil qiladi. Bundan tashqari, kompaniya oxirgi yillar bir necha marotaba korrupsiyada ayblangan. Hozirda ushbu holat yuzasidan maxsus prezident komissiyasi tergov olib bormoqda.  

Sirisena Shri-Lanka prezidenti lavozimini 2015 yil yanvardan beri egallab kelmoqda. U 5 yildan keyin ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymoqchi emasligini ma'lum qilgan. 

Yong‘oqlar Janubiy Koreyaning Korean Air aviakompaniyasi samolyotida ham jiddiy mojaroga sabab bo‘lgan. 2014 yil oxirida aviakompaniya rahbarining qizi unga samolyotda yong‘oqlar likopchada emas, paketchada berilganidan darg‘azab bo‘lgan. U hattoki uchish yo‘lagida bo‘lgan samolyotni ortga qaytartirgan. Ushbu mojaro matbuotda ayon qilingach, aviakompaniyaning aybdor xodimi ishidan bo‘shab ketgan. U hattoki bir necha oy qamoqda o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid