19:09 / 13.09.2018
9199

Fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilandi

Foto: knews.kg

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta ko‘rib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga rioya qilish;

shtatda oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi; 

mehnat migrantlarini yuborish nazarda tutilayotgan mamlakatlar tillarini yaxshi biladigan kamida bir nafar xodimning bo‘lishi;

fuqarolar murojaat qilayotgan va ularga xizmat ko‘rsatilayotgan jarayonlarni yozib oladigan hamda yozib olingan ma'lumotlarni uch oy mobaynida saqlaydigan videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan bino yoki xonaning bo‘lishi;

ariza beruvchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan eng kam ish haqining kamida besh ming baravari miqdorida shakllangan ustav jamg‘armasiga ega bo‘lishi;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi depozit hisobraqamida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining to‘lov amalga oshirilgan vaqtdagi kursi bo‘yicha ellik ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni ariza beruvchining shakllangan ustav jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan zaxiralash;

fuqarolarni xorijda ishga joylashtirishdan manfaatdor bo‘lgan shaxslarni tanlab olishda har qanday turdagi kamsitish taqiqlanganiga rioya etish;

ishchi organga faoliyat to‘g‘risidagi hisobotni har oy taqdim etish;

talabgorlar bilan tuziladigan shartnomalarni, shuningdek, talabgorlar va xorijiy ish beruvchilar bilan tuziladigan shartnomalarni yuritish;

O‘zbekiston Respublikasining va/yoki boradigan mamlakatning qonun hujjatlariga muvofiq noqonuniy deb e'tirof etilgan faoliyatni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi mshnat migrantlarini yuborish taqiqlanganiga rioya etish.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya talablari va shartlari litsenziya bitimida ko‘rsatiladi,

Lisenziyalarni berish, qayta rasmiylashtirish, to‘xtatish, tugatish va bekor qilish to‘g‘risidagi arizalar ishchi organ tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Lisenziya olish uchun ariza ushbu ariza va litsenziya olish uchun taqtsim etiladigan zarur hujjatlar tushgan kundan boshlab o‘n ish kuni davomida ishchi organ tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha ishchi organ xulosa tayyorlaydi va litsenziyalovchi organga taqdim etadi.

Lisenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun ishchi organ tomonidan to‘lov kuni O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining besh baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida ishchi organ ariza beruvchilarning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan faoliyatni amalga oshirish uchun mazkur Nizomda belgilangan talablarga muvofiqligini joyiga borib o‘rganishi mumkin.

Lisenziyalovchi organ ishchi organ xulosasini olgan kundan boshlab besh kun mobaynida litsenziya berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ishchi organ litsenziya talabgorini tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun davomida qabul qilingan qaror haqida xabardor qilishi shart.

Ishchi organ lisenziatlar joylashgan joydagi davlat soliq xizmati organlariga litsenziya berish, uni tugatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ma'lum qiladi.

Lisenziya berish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, talabgor qabul qilingan qaror to‘g‘risida xabardor qilingan kundan boshlab uch kundan kechikmay, Fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasining depozit hisobraqamida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining to‘lov amalga oshirilgan vaqtdagi kursi bo‘yicha ellik ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni zaxiralashi kerak.

Lisenziya berilganligi uchun ishchi organ tomonidan to‘lov kuni O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining uch baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Lisenziya cheklanmagan muddatga beriladi.

Lisenziyalovchi organning litsenziyani berish to‘g‘risidagi qarori va litsenziya bitimi litsenziya berish uchun asos hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top