O‘zbekiston | 19:49 / 14.09.2018
40050
4 daqiqa o‘qiladi

Vazirning 26 yoshli o‘rinbosari: «Prezidentning o‘zi bizga ishonyapti»

«Yoshlar press-klubi»ning navbatdagi sessiyasi

«Yoshlar press-klubi»ning navbatdagi sessiyasida «Yoshlarga oid davlat siyosati: amalga oshirilgan ishlar, muammo va yechimlar!» muhokama etildi. 

1991 yilda birinchilardan bo‘lib qabul qilingan hujjatlardan biri «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonun edi. Vaqt o‘tgach, har qanday qonun ham eskiradi. Uning zamon talablariga, yangi davr yoshlarining hayotiga, dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalarga mos tarzdagi yangi tahriri oradan 25 yil o‘tgandan so‘ng 2016 yili 14 sentabrda qabul qilindi. Har bir qonun, albatta ijrosi bilan go‘zal. Bugungi press-klubda ham “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida“gi qonun doirasida qilingan amaliy ishlar sarhisob qilindi.

«Yoshlarga oid davlat siyosati: amalga oshirilgan ishlar, muammo va yechimlar!» mavzusida bo‘lib o‘tgan press klub sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar komissiyasi raisi – Kozim Tadjiyev, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari v.b – Olimjon To‘ychiyev, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosari – Shuhrat Shakirov, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori – Aktam Jalilovlar spiker sifatida ishtirok etishdi.

Spikerlar yoshlarga oid davlat siyosati mamlakatda siyosiy yo‘nalish sifatida O‘zbekistonning mustaqillik yillari tarixida yuz bergani hamda davlat tomonidan maqsadli amalga oshirilgan yoshlarga oid barcha ijtimoiy o‘zgarishlar, tub islohotlar haqida, xususan, 2016 yil 14 sentabrda imzolangan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan joriy yilning sentabr oyida «Yoshlarga oid davlat siyosati targ‘iboti oyligi»ni tashkil etilishi hamda oylik doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida fikr yuritishdi.

– Bugun davlat boshqaruvida yosh rahbar kadrlar qatlami shakllandi. Avvallari biror kattaroq davrada fikr bildirsak, bu hali ham yosh bola degan kinoyaomuz qarashlar bo‘lardi. Endi Prezidentning o‘zi bizga ishonyapti. Mas'uliyatli vazifalarni topshiryapti. Mana ko‘rib turibsizki, biz uddalayapmiz. To‘g‘ri bizda tajriba bo‘lmasligi mumkin, lekin energiya bor, ishtiyoq bor. Ishonchni oqlashga bo‘lgan harakat bor. Shuning uchun bugun yosh rahbarlarga ham qarash o‘zgardi. Endi biz o‘rtaga qo‘ygan takliflar muhokama etilyapti, ma'qullanyapti va amalga oshirilyapti. O‘zimizning vazirlik misolida aytadigan bo‘lsam, Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, yaqin kunlarda «Innovatsion haftalik tadbirlari» o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. «Xalqaro robototexnika» tanlovini ham mazkur haftalik doirasida o‘tkazamiz, – deydi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari v.b. Olimjon To‘ychiyev.

Olimjon To‘ychiyev / Foto: Yoshlar press-klubi

Press-klubda yoshlar siyosati, ularning ish bilan bandligi masalasi, yosh, namunali oilalarga «Yoshlar uylari»ning berilishi, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tinglovchilarini o‘qitish mezonlari haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Mavzuga oid