Jahon | 13:20 / 15.09.2018
26321
9 daqiqa o‘qiladi

Petrov va Boshirov barchasini rad etdi. Ularga kim ishonadi?

Buyuk Britaniya hukumati va maxsus xizmatlari tomonidan Solsberi shahrida Rossiya Razvedka boshqarmasining sobiq polkovnigi Sergey Skripal hamda uning qizi Yuliya Skripalni zaharlashda ayblangan rossiyalik Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov o‘zlarini Buyuk Britaniyaga borgan sayyohlar deb ma'lum qilishdi. Ular o‘zlarini vaziyat qurboni deb atashgan. Ammo ularning so‘zlari britan politsiyasi ma'lumotlariga mos kelmaydi. «Bi-bi-si» shu haqda material tayyorladi.

Buyuk Britaniya hukumati tomonidan Rossiya Razvedka boshqarmasi josuslari deb atalgan bu shaxslar RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanga intervyu berishgan. Avvaliga Britaniya politsiyasi ular soxta ismlar bilan viza olib, Buyuk Britaniya hududiga kirishganini bildirgandi.

RT efirida ko‘rinish bergan shaxslar Buyuk Britaniya politsiyasi tarqatgan suratlardagi shaxslar bo‘lib, ular intervyu davomida haqiqatan mart oyi boshida Solsberida bo‘lishganini tan olishgan. Lekin ular Razvedka boshqarmasi xodimlari emasligini ta'kidlashib, fitness biznesi bilan shug‘ullanishlarini, Buyuk Britaniyaga sayyohlik va xususiy ishlarini bajarish maqsadida borishganini aytishgan.

Ular Skripallarga hujumga aloqadorlik haqidagi barcha davolarni rad etishgan. Ular Skripallar haqida avval eshitishmaganini aytib, Razvedka boshqarmasida ishlamasliklarini takrorlashgan.

Ammo ularning javoblaridagi ayrim jihatlar yangi savollarni paydo qiladi.

1. G‘alati turistik marshrut

«U yerda mashhur sobor bor. Solsberi sobori. Uni butun Yevropada va butun dunyoda yaxshi bilishadi. U o‘z gumbazlari balandligi 123 metrligi bilan ajralib turadi. U o‘z soatlari bilan ham mashhur», deya takrorlashgan Petrov va Boshiroq xuddi ensiklopediyadan iqtibos keltirgandek.

Petrov va Boshirov ularga do‘stlari avvaldan ushbu soborni borib ko‘rishni maslahat qilib kelishganini aytishgan. Aytishlari bo‘yicha 4 mart kuni (Skripallar zaharlangan kun) ular Solsberiga borib, soborni ziyorat qilishgan, parkni aylanishgan, qahva ichishgan, ingliz gotikasidan zavqlanishgan. «Sobor juda chiroyli edi, u yerda ko‘plab turistlar, rus tilida so‘zlashadigan boshqa turistlar ham bor edi», deydi Boshirov. Skripallar uyi oldidan o‘tishgani haqidagi savolga ular ishonch bilan javob bera olishmgan: «Biz Skripalning uyi qayerdaligini bilmaymiz! O‘sha ko‘chadan balki o‘tgandirmiz, balki o‘tmagandirmiz».

Holbuki, yangiliklardan barcha Skripallar uyi qayerda joylashganini bilib bo‘lishgandi. Bu uy shimoliy vokzal yaqinida, «rossiyalik turistlar» kelgan joyda joylashgan. Politsiya tarqatgan suratlarda Boshirov va Petrov Skripalning uyi joylashgan ko‘chadan o‘tgani tasvirlangan, ammo ular Solsberi soboriga borgani haqidagi suratlar yo‘q. Qolaversa, Skripalning uyi turistik hududda joylashmagan. Solsberi sobori esa butunlay qarama-qarshi tomonda joylashgan.

Petrov va Boshirov Skripallar uyi eshigiga zaharli modda qo‘yilgan vaqtda shu hududda bo‘lishgan. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, Sergey va Yuliya Skripal ilk marta uydan soat 09:00dan chiqqan va 11:00da qaytishgan. Ular uyda taxminan 1,5 soat vaqt o‘tkazib, taxminan 13:00-13:30 atrofida yana tashqariga chiqishgan. Ular soat 16:15 atrofida hushsiz holda topilgan. Petrov va Boshirovni soat 11:58da Skripalning uyidan 300 m masofada ko‘rishgandi.

Boshirov va Petrov intervyu vaqtida «parkni aylanishgani» haqida aytishgan. Ular park nomini aytishmagan, sobor yaqinida esa qirolicha Yelizaveta nomidagi park joylashgan. Aynan shu yerdan keyinroq ikki britaniyalik «Novichok» moddasi solingan atir idishini topib olishgan, ulardan biri darhol vafot etgandi.

2. Noqulay ob-havo

Britan politsiyasi tekshiruvlaridan aniqlandiki, Petrov va Boshirov Solsberiga ikki marta, 3 va 4 mart kunlarida borishgan. Britan politsiyasining taxmin qilishicha, birinchi tashrifdan maqsad «hududni o‘rganish» bo‘lgan.

Angliyaga 3 kun muddatga keladigan sayyohlar odatda kuniga 50 funtlik arzon mehmonxonalarga buyurtma berishadi. London tashqarisidagi, u qadar mashhur bo‘lmagan obekt uchun yo‘lkiraning o‘ziga 150 funt sarflash odatiy emas.

Ular 3 mart kuni Solsberiga kelishgan va shaharda «qorli bo‘ron» bo‘layotganiga duch kelishgan. «Shaharni aylanmoqchi edik. Ammo shahar qorga burkandi, biz yarim soatda ho‘l bo‘lib ketdik», deydi Petrov. «Hech qaysi nashrda 3 mart kuni shaharda qorli kollaps bo‘lishi haqida ma'lumot berilmagandi. U yerda harakatlanib bo‘lmasdi», deya unga qo‘shimcha qilgan Boshirov. Shu tufayli ular sayrni 4 martga qoldirishgan.

Angliyada mart oyi boshida rostlan ham «qorli kollaps» bo‘lgan, ammo boshqa kunlarda. «Sharq maxluqi» nomli birinchi shtorm fevral oyi oxirida kelgan va mamlakatning bir qancha hududlarida transport bilan muammolar paydo bo‘lgan. «Emma» nomli ikkinchi shtorm esa Angliyada 1 va 2 mart kunlari kuzatilgan. 

OAVning yozishicha, rossiyaliklar Solsberiga borgan 3 mart kuni «Emma» Britaniya orollari va Irlandiya hududini tark etib bo‘lgandi, hech qanday qorbo‘ron ham bo‘lmagandi. Shaharda ozroq qor yog‘gan, ammo u tezda tozalab qo‘yilgan, shaharning markaziy ko‘chalarida «qorning izi qolmagandi».

3. Petrov va Gatvik aeroportidan qanday chiqishganini eslay olishmadi

Politsiya tomonidan e'lon qilingan suratlarda Petrov va Boshirov Gatvik aeroportidan yo‘laklarda alohida chiqib kelishgan. Intervyu vaqtida Simonyan ulardan bu haqda so‘rab, suratlarni ko‘rsatdi.

Foto: Metropolitan police
Foto: Metropolitan police

Ular esa buni rad etishdi. «Biz hech qachon bir-birimizdan ayrilmaganmiz. Buni ular qanday qilib uddalashgan, bilolmadik. Mening inglizcham yaxshiroq, shuning uchun hamisha yonma-yon edik. Aksincha bo‘lsa, eslardik», degan Petrov.

Suratlar bir vaqtda olingan. Ammo turli joylarda va turli kameralar orqali. Politsiya bu suratlarda rossiyaliklarning turli turniketlar orqali kirayotgani tasvirlanganini aytmoqda, ammo Boshirov va Petrov bunday bo‘lishi mumkin emasligini ta'kidlashmoqda.

4. Mulksiz mulkdorlar

Petrov va Boshirov o‘zlari haqida gapirishni istashmadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ular «vositachi tadbirkorlar»dir. «Qisqasi, fitnes-industriya. Sportchilarning oziq-ovqat mahsulotlari, vitaminlar, mikroelementlar», deya javob berishgan ular. Shu bilan birgalikda, ular o‘z hamkorlari va mijozlari , tanishlarini noqulay ahvolga tushirmaslik uchun bu borada batafsil ma'lumot berishni istashmagan.

Ularning aytishicha, tez-tez Yevropaga, «asosan Shveytsariyaga» uchishadi. Ular u yerlarda «muzokaralar o‘tkazishadi va shunchaki sayohat qilishadi».

Ammo Rossiya davlat reyestrida Petrov yoki Boshirov aloqador bo‘lgan kompaniya ro‘yxatga olinmagan. YeGRYuLda Ruslan Bashirov nomidagi birorta yuridik shaxs yo‘q. Amalda faoliyat yuritayotgan va faoliyat yuritmayotgan yuridik shaxslar qatorida yagona «Ruslan Bashirov» nomi uchraydi. Ammo Bashirov nomiga fitnes bilan shug‘ullanadigan kompaniya ochilmagan.

«Aleksandr Petrov» - juda keng tarqalgan ism-sharif. Ammo bunday ism-sharifli fitnes-murabbiy Rossiyada yo‘q.

5. Petrov va Boshirov «Skripallar ishi» haqida hech narsa bilmasligini tasdiqlashdi

«Men bu vaziyatgacha Skripallar haqida eshitmagandim. Biz haqimizda yoza boshlashmagunicha, bu familiyani eshitmagandim, ular haqida hech narsa bilmasdim», deydi Boshirov.

Intervyuning davomida ular o‘z familiyalari barcha nashrlarda qayta-qayta tilga olinayotganidan bezor bo‘lishganini aytishgan.

Bundan kelib chiqadiki, ular OAVni kuzatib borishadi, OAV esa mart oyi boshidan buyon Skripallar haqida bong urib kelmoqda. Ular Margarita Simonyanga uning telegram kanali orqali aloqaga chiqishganini aytishgan. Bu telegram kanalda esa 17 marta Skripal ishi haqida ma'lumot berilgan.

Bundan tashqari, Bashirov va Petrov siyosatchi Dmitriy Gudkov ular haqida ma'lumot uchun mukofot va'da qilgani haqida ham bilishadi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Putin gumonlanuvchilardan OAV orqali chiqib, o‘zlarini tanitishni so‘ragach, o‘zlarini tinch qo‘yishlariga umid qilgan holda, Simonyanga bog‘lanishgan.

«Shunchaki, bizni tinch qo‘yishlarini istaymiz. Bularning barchasi tasodif. Bizning aybimiz nima?», deydi Boshirov.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid