O‘zbekiston | 17:43 / 17.09.2018
16620
7 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchining maqomi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinadi

Foto: O‘zA

2018–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
 
Norma’ning yozishicha, hujjat beshta bo‘limdan iborat.

I. Qonun hujjatlarini takomillashtirish
 
«O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish rejalashtirilgan, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

• o‘qituvchining maqomi, pedagogik faoliyat prinsiplarini belgilash;
• o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish; o‘qituvchining nufuzi va qadr-qimmatini himoya qilish kafolatlari, sh.j. o‘qituvchilarning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etilishini taqiqlash, xususan aybdor shaxslarning javobgarligini oshirish;
• ijtimoiy ta'minot va yakka tartibda pedagogik faoliyat yuritish huquqini mustahkamlash;
• o‘qituvchilarning kasbga oid huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida uyushmalar (ittifoqlar) va boshqa tashkilotlarga birlashish huquqini belgilash.
 
Nodavlat umumta'lim muassasalari, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarni nashr etish hamda boshqa xalq ta'limi sohalari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy baza rivojlantiriladi. Bolalarni umumta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish reglamenti tasdiqlanishi lozim.  
 
II. Ta'lim sifatini yaxshilash va innovatsion ta'lim texnologiyalarini joriy etish
 
Yangi davlat ta'lim standartlari va umumiy o‘rta ta'lim o‘quv dasturlarini, shu jumladan STEAM usulini bosqichma-bosqich joriy etish va takomillashtirish ko‘zlangan.

Xalq ta'limi muassasalari ilg‘or jahon tajribasiga tayanib, ta'lim sifatini takomillashtiradilar. Respublikaning quyidagilarda ishtirok etishi bunda yordam beradi:
 
• PISA o‘quvchilarning o‘qishdagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dasturda (15–16 yashar o‘quvchilarning matematik savodxonligi, o‘qish va tabiatshunoslik sohasidagi savodxonligini baholash);
• TIMSS maktabdagi matematika va tabiiy fanlar sohasidagi ta'lim sifatining xalqaro tadqiqotida (4 va 8-sinflar o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlar sohasidagi savodxonligini baholash);
• PIRLS matnni o‘qish va tushunish sifatining xalqaro tadqiqotida (boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining matnni o‘qish hamda tushunish darajasi va sifatini baholash). 
 
Bundan tashqari, mamlakatimiz TALIS o‘qitish va o‘qish tizimining xalqaro tadqiqotida (o‘qituvchilarning mehnat sharoiti va maktablardagi ta'lim muhitini baholash) qatnashadi.
 
III. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish
 
Barcha xalq ta'limi muassasalari 2021 yil oxirigacha keng polosali Internet (kamida 10 Mb/s, tomonlarning kelishuviga ko‘ra har yili tezlik oshirilishini hisobga olgan holda) bilan ta'minlanadi.
 
Interaktiv ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun portal ishlab chiqiladi, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
 
• umumta'lim muassasalarining elektron ma'lumotlar bazasi;
• o‘quvchilar davomati va o‘zlashtirishining hisobini yurituvchi elektron tizim (elektron jurnal, kundalik va tabel);
• boshqa elektron xizmatlar ko‘rsatish.
 
Umumta'lim muassasalari o‘quvchilarining identifikatsion kartalari (ID-karta, NFS belgi va boshqalar) joriy etilib, ularni bank va boshqa tizimlarga integratsiyalash imkoni yaratiladi.

Bundan tashqari, umumta'lim muassasalari o‘quvchilariga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JShShIR) berish chora-tadbirlari ko‘riladi.
 
IV. Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish
 
Ushbu masalalarni hal etishda umumta'lim muassasalarida shu jumladan quyidagi usullar orqali chet tillarni o‘qitishni kengaytirish loyihasiga tayanadilar:
 
• rus, ingliz, fransuz, nemis va boshqa tillarga o‘rgatadigan maktablar ochish;
• malakali mutaxassislarni tayyorlash va xorijdan jalb etish;
• zamonaviy talablarga javob beruvchi chet tillardagi darsliklarni nashr etish.
 
Rus tili va adabiyoti sohasidagi pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash uchun O‘zbekistonda Rossiya oliy ta'lim muassasalarining filiallarini ochish ko‘zlangan.
 
Pedagog kadrlar juda taqchil bo‘lgan olis va tog‘li tumanlardagi maktablarning kadrlar bilan bog‘liq muammolari yechimini topadi. Buning uchun ushbu tumanlardagi abituriyentlarni pedagogika oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish uchun kvotalar sonini XTVning iltimosnomasiga ko‘ra oshirish rejalashtirilmoqda.
 
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy pedagogika ta'lim muassasalarida «Xalq ta'limi sohasida menejment» ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlana boshlaydi.
 
V. Moddiy-texnik ta'minotni yaxshilash
 
Quyidagilarni nazarda tutuvchi «Zamonaviy maktab» Davlat dasturini qabul qilish rejalashtirilmoqda:

• ekologik jihatdan toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy maktablar qurish;
• maktablarni, shu jumladan, o‘quv sinflari ichini yangi qulay mebellar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash.
 
Bundan tashqari, 2020–2022 yillarda umumta'lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli dasturni ishlab chiqish va tasdiqlash rejalashtirilgan. Hujjatda quyidagilar nazarda tutiladi:
 
• xalq ta'limi tizimi muassasalarini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta'mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, yo‘llarni lozim darajada saqlash;
• xalq ta'limi tizimi muassasalari elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta'minlanishini tashkil etish;
• xalq ta'limi tizimi muassasalarini o‘quv yili va kuzgi-qishki davrga tayyorlash choralarini ko‘rish.
 
«Barkamol avlod» bolalar markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, shu jumladan quyidagi choralar ko‘riladi:
 
• 2019–2025 yillarda mazkur markazlarni qurish, kapital ta'mirlash, rekonstruksiya qilish hamda zarur uskunalar va inventar bilan jihozlash manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash;
• tizimli asosda o‘quvchilarning turlarini uyushtirish uchun har bir mintaqada 100–150 o‘rinli «Bolalar turistik bazalari»ni tashkil etish;
• «Barkamol avlod» bolalar markazlarining metodistlari va rahbarlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
 
Hujjat 5.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid