O‘zbekiston | 07:29 / 17.09.2018
6347
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik harbiylar Tojikistonda qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etadi

Joriy yilning 18–22 sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Tojikiston Respublikasining tog‘li hududlarida o‘tkaziladigan aksilterror qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashadi. Bu haqida Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

5 kun davomida Tojikistonning So‘g‘d viloyatida bo‘lib o‘tadigan ushbu mashg‘ulotlarda O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli bo‘linmalar va tezkor guruhlardan iborat 100 nafarga yaqin harbiylar, Tojikiston Respublikasining harbiy boshqarma organlari, shuningdek, So‘g‘d garnizoni bo‘linmalari va harbiy qismlari harbiylari ishtirok etishi rejalashtirilgan. Jami ikki mamlakatdan 600 nafarga yaqin harbiylar hamkorlikda shartli dushman kuchlarini yo‘q qilish bo‘yicha tog‘li og‘ir sharoitlardagi mashg‘ulotlarda qatnashadi.

Hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari Tojikistonning «Chorrux-Dayron» o‘quv markazi va «Nurafshon» poligonida o‘tkaziladi.

16 sentabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamkorlikdagi aksilterror mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Tojikistonga yetib borishdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning avgust oyida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov bilan uchrashuvi davomida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mintaqadagi eng kuchli va zamonaviy qurol-aslahalarga, O‘zbekiston armiyasining harbiy xizmatchilari jangovar o‘quv mashg‘ulotlari borasida yaxshi bazaga ega ekanligini ta'kidlagan edi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, Sherali Mirzo o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarini murakkab sharoitda qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishga va armiya jamoalari o‘rtasida sport hamda madaniy tadbirlarni o‘tkazishga taklif bildirgandi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ikki mamlakat mudofaa idoralari rahbarlari 2018 yilga o‘zaro harbiy hamkorlik rejasini ham imzolagani haqida xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid