O‘zbekiston | 16:08 / 21.09.2018
8881
6 daqiqa o‘qiladi

Migrantlarni xorijga jo‘natish uchun litsenziya qanday olinadi?

Vazirlar Mahkamasining 12.09.2018 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta ko‘rib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 725-son qarori qabul qilindi.
 
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi litsenziya beradi, biroq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bu jarayonda ishchi organ bo‘ladi, deb yozadi Norma.
 
Lisenziya olish tartib-taomili
 
Lisenziyalar faqat yuridik shaxslarga beriladi. Arizani taqdim etish bosqichida talabgorlar quyidagi talablarga javob berishlari kerak (tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi):

• EKIHning kamida 5 ming baravari miqdorida ustav jamg‘armasini shakllantirish (maqola berilgan paytda – 921,5 mln.so‘m);
• fuqarolar murojaat qilayotgan va ularga xizmat ko‘rsatilayotgan jarayonlarni yozib oladigan hamda yozib olingan ma'lumotlarni 3 oy mobaynida saqlaydigan videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan bino yoki xonaning mavjudligi;
• shtatida va/yoki fuqarolik huquqiy xususiyatga ega shartnoma bo‘yicha oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan mutaxassisning (mutaxassislarning) borligi;
• shtatida va/yoki fuqarolik huquqiy xususiyatga ega shartnoma bo‘yicha mehnat migrantlarini yuborish nazarda tutilayotgan mamlakatlar tillarini yaxshi biladigan xodimning borligi;
• arizani ko‘rib chiqish uchun EKIHning 5 baravari miqdorida (maqola berilgan paytda – 921,5 ming so‘m) yig‘im to‘lash.
 
Ariza 10 ish kuni davomida Agentlik tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu muddatda ariza beruvchilarning qo‘yiladigan talablarga muvofiqligini joyiga borib o‘rganishga yo‘l qo‘yiladi. Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha xulosa tuzilib, Vazirlikka yuboriladi.
 
Vazirlik 5 kun mobaynida litsenziya berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qiladi.  Ariza beruvchi qabul qilingan qaror to‘g‘risida 3 kun davomida xabardor qilinishi shart. Xuddi shu muddatda unga nisbatan ijobiy qaror qabul qilingan litsenziya talabgori Fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasida 50 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni zaxiralashi kerak.
 
Izoh: Nizomning o‘zbek tilidagi matnida Agentlik litsenziya olish to‘g‘risidagi arizani 10 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqishi shart (rus tilidagi matnda  - 10 kalendar kuni mobaynida). Vazirlik esa Agentlik  xulosasi bo‘yicha 5 kalendar kuni mobaynida qaror qabul qiladi (rus tilidagi matnda – 10 kalendar kuni mobaynida). Chamasi, mazkur ziddiyatlar yaqin vaqtda bartaraf etiladi.
 
Shundan keyin litsenziya bitimi tuziladi va EKIHning 3 baravari miqdorida yig‘im to‘lanadi.
 
Lisenziya oluvchilar xorijda ishga joylashishdan manfaatdor bo‘lgan shaxslarni tanlashda kamsitishga yo‘l qo‘ymasliklari; Agentlikka faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etishlari; talabgorlar bilan tuziladigan shartnomalarni, shuningdek, talabgorlar va xorijiy ish beruvchilar bilan tuziladigan shartnomalarni yuritishlari; O‘zbekistonning yoki boradigan mamlakatning qonun hujjatlariga muvofiq noqonuniy deb e'tirof etilgan faoliyatni amalga oshirish uchun mehnat migrantlarini yubormasliklari shart.
 
Rekruting agentliklari ustidan nazorat
 
Lisenziya olgan tashkilotlar Agentlikka quyidagi hisobotlarni topshirishlari shart:

a) birlamchi hisobot - fuqarolarning har bir guruhi O‘zbekistondan tashqariga ishga yuborilgandan keyin bir hafta muddatda quyidagilar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan holda (unga video va fotomateriallar ilova qilinadi):

• xodimning borgan mamlakatidagi mehnat va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlari;
• ish haqini muntazam to‘lashni, mehnatni muhofaza qilish normalarini va borgan mamlakatining mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shart-sharoitlarni ta'minlashni nazarda tutuvchi tuzilgan mehnat shartnomalari.
 
b) har oylik hisobot - xorijiy ish beruvchi, xorijga ishga yuborilgan fuqarolar taqdim etgan ma'lumotlar va boshqa manbalar asosida shakllantiriladi hamda quyidagi axborotlarni o‘z ichiga oladi:

• xorijga ishga yuborilgan xodimning pasport ma'lumotlari;
• xorijga ishga yuborilgan xodimning ish joyi;
• xorijga ishga yuborilgan fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini ta'minlash borasidagi muammolar (agar mavjud bo‘lsa) (ish haqi to‘lashni kechiktirish, noqulay mehnat va yashash sharoitlari, ish joyi bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish va boshqalar) hamda ularni hal etish bo‘yicha lisenziat tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar.
 
Bunda Vazirlik litsenziya egalari faoliyatini rejali tekshirishga haqli. Lisenziya bitimida nazarda tutilgan talablar va shartlar (talab va shartlarni bir marta qo‘pol tarzda buzilishi ro‘yxati o‘sha yerda keltiriladi) muntazam yoki bir marta qo‘pol tarzda buzilganda esa litsenziyaning amal qilishi to‘xtatilishi mumkin.
 
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 5.07.2018 yildagi  “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada   takomillashtirish   bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-3839-son qarori bilan xorijda ishlaydigan fuqarolarning pensiya ta'minoti bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. 
 
Hujjat 13.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid