O‘zbekiston | 11:03 / 22.09.2018
19607
3 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy kodeksining 32-moddasiga o‘zgartish kiritiladi

Foto: iStock

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatda ijtimoiy, iqtisodiy, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturining ijrosi yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksining 32-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, turar joy mulkdorining oila a'zosi deb er-xotinning ota-onasi, shuningdek, mulkdor bilan doimiy yashayotgan oilali farzandlari bilan birgalikda mulkdorning oilali farzandlarining xotinlari (erlari) ham agar ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsalar, o‘zaro kelishuvga binoan, uy-joy mulkdorining oila a'zosi sifatida tan olinishi nazarda tutilmoqda. Ya'ni, bu bilan mulkdorning oilali farzandlarining xotinlari (erlari) ham oilaning boshqa a'zolari bilan birgalikda uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanish huquqiga ega bo‘lishiga zamin yaratiladi.

Mazkur qonun loyihasi muhokamasi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Deputatlar fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi kelajakda ayollarning nikohdan ajralgan hollarda o‘zlari yashab turgan xonadon mulkdorining uy-joyidan foydalanish, mazkur uy-joyga o‘zining farzandlarini ham ko‘chirib kiritish huquqini vujudga keltiradi hamda oilaviy ajrimlar paytida yuzaga keladigan mojarolarning oldini olishga xizmat qiladi. Biroq, ushbu masalaning mukammal qonuniy asosga ega bo‘lishi jamiyatimiz ko‘pchilik a'zolari uchun muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olgan holda, bu borada shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilib bo‘lmasligi, masalani har taraflama asosli o‘rganib, chuqur muhokama etish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi. Ko‘tarilayotgan masala o‘ta muhim ekani, muammo esa uzil-kesil hal etilishi uchun loyiha ustida ishlashni davom ettirish zarurligini qonun loyihasi tashabbuskorlari ham e'tirof etdilar. Shu munosabat bilan ko‘pchilik deputatlarning taklifiga binoan, mazkur masalani yalpi majlis kun tartibidan chiqarib, mas'ul qo‘mitaga qonun loyihasini yanada takomillashtirish uchun vaqt va imkon qoldirish hamda uni kelgusi majlislarda ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid